AsosiyDunyo

Dunyoning eng hayratlanarli hovuzlari

Suv — hayot manbai. Bir necha dardga davo bo`ladigan, kayfiyatni ko`tarib, insonni tetiklashtiradigan mashg`ulotlardan biri suzishdir. Amerika qit`asidan Avstraliyaga qadar, mavjud eng ajabtovur hovuzlar haqida bilib oling.

 Ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga ham maqolani o`qishni tavsiya qiling, deb yozadi xabardor.uz! 

• Oltin quvvat havzasi

Agar xumordan chiqquncha pul sarflash niyatingiz bo`lsa, Tibetdagi besh yulduzli avliyo Rejis dam olish maskaniga yo`l oling. Bir kechaga 300 dollar to`lab, Himolayning og`zingizni ochib qo`yadigan darajadagi beqiyos ko`rinishidan huzur qilishingiz mumkin. Bu kurortda qolish bilan olamda yagona, tilla bilan bezatilgan suv havzasidan baxramand bo`lish imkonini ham qo`lga kiritasiz. Uning suvi tuzlangan va 28-32 (Selsiy) darajada isitilgan. Bu erda oyoqlaringizni uqalatishingiz va yana turli taomlarga buyurtma berish kabi eksklyuziv imkoniyatlardan foydalanishingiz mumkin.

• “Nefrit tog`i” dam olish maskanining hovuzi

Karib dengizining yashirin olmosi hisoblangan avliyo Lusia orolida joylashgan ushbu hovuzni (k)o`rib ko`zingizga ishonmaysiz. “Nefrit tog`i” afsonaviy maskan bo`lib, unda alohida plyajlar, a`lo darajadagi spa muolajalari va har bir xona derazasidan ko`rinadigan go`zal manzaralari bilan mashhur. Bu ko`plar uchun “asal oyi” o`tkazish tanlovini beradi. Biroq ushbu orombaxsh joyda bir kecha qolish uchun “atigi” 1550 AQSh dollari kerak bo`ladi. Boshqa tomondan orzu qilish bepul-ku!

• Xavasu sharsharasi tabiiy hovuzi

Arizona shtatining Supai shahri yaqinida Xavasu sharsharasi bor. Agar hech kim suzib ko`rmagandek suzish istagida bo`lsangiz, shu joyga keling. Mahalliy Xavasupay xalqining milliy madaniyati va ona tabiatning hayratlanarli ko`rinishi uyg`unlashgan bu joyga sayyohlar cheklangan miqdorda kirishi mumkin. Yana Xavasupay qabilasidan ham ruxsat olishingiz kerak bo`ladi. Nima ham derdik, jon kuydirmasang, jonona qayda?

• "Chongwe River House" hovuzi.

Sovuq suvda bo`kib, yovvoyi sayohat qilishga nima deysiz? Zambiadagi "Chongwe River House" mehmonxonasiga tashrif buyuring. Bu mehmonxona Chongvi daryosi uzra joylashgan suv havzasi(ning) o`zgacha dizayni bilan hammani lol qoldiradi. Bir kechaga 550 AQSh dollari to`lash evaziga suvda xalovat topib, yovvoyi tabiat mo``jizalarini kuzatasiz.

• “The Cambrian Hotel” hovuzi

Shvesariyaning 20 ta eng zo`r sixatgoh mehmonxonalari qatoriga kirgan “The Cambrian Hotel” Abelboden shahrida joylashgan. Alp tog`lari ustidagi bepoyon hovuzni ko`rib og`zingiz ochilib qoladi. Bu maskan yil davomida tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo`lib, ikki kishilik xonalar uchun bir kechalik narx 216 dollardan boshlanadi.

• “Hotel Caruso”dagi sarhadsiz hovuz

Italiyaning o`zgacha jilo berilgan XI asrga tegishli saroyi xuddi O`rta Er dengizining ayvoniga o`xshaydi. Siz tog`lar va dengiz manzarasini jozibali yarimoy shaklidagi sarhadsiz hovuzdan turib tomosha qilishingiz mumkin. 

• "San Alfonso del Mar" dengiz suvi hovuzi

Chilining Algarrobo shahridagi dabdabali kurort dunyodagi eng katta suzish havzasiga ega ekan. Tasavvur qiling-a, katta miqdordagi toza dengiz suvi xususiy qumli sohilga tutashgan. Agar bu makonda orom olishga qaror qilsangiz, “okean to`lqiniga borib ko`rsammikan?”, “shu bahaybat hovuzda qolaversamchi?”, degan xayollar sizni cho`lg`ab oladi.

• Timsohozavrlar g`ori hovuzi.

Ruhiy ta`sirlanishga ta`bingiz qalay? Agar yuragingiz baquvvat bo`lsa, a(A)vstraliyaning Darvin shahridagi timsohlarga to`la ushbu hovuzga bir sho`ng`ib chiqing. Suv ostida 200 tadan ko`proq maxluqot bo`lib, ular ichida uzunligi besh metrga etadigan ulkan timsohlar ham bor! U erga kuniga o`n ikki marta 9:30 dan 17:00 gacha himoyalangan qafasda sho`ng`ish mumkin. Bir kishi uchun bunday sarguzasht 160 dollarga tushsa, botir do`stingizni o`zingiz bilan olib olsangiz 240 dollar to`laysiz.

• “One&Only Reethi Rah” hovuzi

Aslida, Maldiv orollaridagi ushbu nufuzli spa mehmoxonasidagi bu suv inshooti okean ichidagi hovuzdir. Ushbu manzara ko`rinadigan villani bir kechaga ijaraga olish 2250 AQSh dollariga aylanadi.

• Nemo 33 hovuzi

"Ginnes rekordlari" kitobiga dunyodagi eng chuqur hovuz sifatida kiritilgan ushbu suv havzasi Belgiyaning Brussel shahrida barpo etilgan. G`avvozlar uchun maxsus yaratilgan ushbu majmua yil bo`yi faoliyat olib boradi. U erda siz bor yo`g`i 61 dollar evaziga sho`ng`ish bo`yicha saboq olishingiz, sertifikatingiz bo`lgan taqdirda esa 28 dollar to`lab, suv ostiga yo`l olishingiz mumkin.

• Oberoy Udaivilas hovuzi

Maxaroja sarguzashtlarini boshdan kechirishni istovchilar uchun yaxshi variant. Qadimgi Mevar qirolligining maftunkor oq poytaxti Hindistonning Udaypur shahrida 55 akr maydonni egallagan Oberoy Udaivilas kurortiga marhamat! Pichola ko`lining manzarasi bilan tutashgan jilvakor hovuz va serviqor bog`lar saroyning o`ziga xos manzarasidir. Ammo holva degan bilan og`iz chuchimaydi. Ushbu ertaknamo sharqona lazzatning bahosi 525 dollardan boshlanadi.

• "Library Resort"dagi qizil hovuz

 Tailanddagi ushbu hovuz turfa ranglar bilan bezatilgan. U o`zining betakror uslubi va ko`zni qamashtiruvchi nafosati bilan odamlar e`tiborini tortmoqda. Agar basseynda suzib ko`rishni xohlasangiz, 320 dollar to`lashga tayyor turing.

• "Grand Hotel Tremezzo"dagi suzuvchi ko`lmak hovuzi

Italiyaning Komo ko`lida suzib chiqing-u, Bellajio tog`laridan ko`rinib turadigan ajoyib hovuzda chigal yozing. "Grand Hotel Tremezzo" mehmonxonasida ichkaridagi “cheksiz hovuz”, beshta jakuzi va spa muolajalaridan baxramand bo`lasiz. Karmoningizda har kecha uchun kamida 522 dollar bo`lsa bo`lgani.

• Pamukkale haroratli hovuzlari

Tabiat mo``jizalaridan biri bo`lgan bu tabiiy suv havzalari moviyligi va jozibasi bilan barchaning hayratiga sabab bo`ladi. Bu maskan Turkiyaning janubi g`arbidagi Denizli qishlog`ida joylashgan bo`lib, u erga kirish bir kishi uchun 13 dollarga tushadi.

• "Como Shambhala" spa hovuzi

Balining Ubud shahri yaqinidagi chakalakzorlarda yashiringan ushbu maskan dunyo tashvishlarini unutish va orom olish uchun zo`r joydir. Salomatligingiz haqida qayg`urish va ozgina o`zingiz haqingizda o`ylashingiz uchun qulay makon. Bu erda sizga har kuni yoga mashg`ulotlari, spa va menyusi sog`lom taomlar bilan to`la bufet taklif etiladi. Oromgohdagi xonalarda qolish narxi bir kechaga 600 dollar.

• Bondi aysberg jamoat hovuzi

Sidneydan chamasi 15 daqiqa yurib, Bondi hammomlariga etib kelish mumkin. Dengiz suvi to`ldirilgan jamoat hovuzi qariyb bir asrkim dunyo bo`ylab sayyohlar e`tiborini jalb etayapti. Eng yaxshi tomoni shundaki, million dollarga arziydigan ko`rinishga ega bu hovuzda cho`milish kattalar uchun 5,5, bolalar uchun 3,5 dollar turadi. Basseyn ertalab 6.30 dan kechasi 19.30 gacha ishlaydi.

• Ik Kil g`ori hovuzi

Yana bir g`aroyib tabiat qo`ynidagi hovuz Meksikodagi Ik Kil me`moriy bog`ida joylashgan. Dum-dumaloq ko`rinishdagi hovuzchaning kengligi 29 metrni, chuqurligi esa salkam 40 metrni takshil etadi. Sharsharalar, dengizning sadaf suvlari va yovvoyi jungli tabiatini tomosha qilib suzish uchun atigi 6 dollar to`laysiz.

• "Purobeach Pool"

Chernogoriyaning Porto shahrida joylashgan hashamatli plyaj klubi kun davomida tin olish va kechga borib dam olish uchun mo`ljallangan. Klub 64 metrlik hovuz, ikkita bar, muolajalar stoli, restoran va bir nechta butiklarni o`z ichiga oladi.

• "Harbour Plaza" mehmonxonasi hovuzi

"Victoria Harbour" va Gong Kong shahrining ko`kka tutashgan binolarini tomosha qilish uchun eng zo`r joy "Harbour Plaza" mehmonxonasining 23- qavatidagi hovuzdir. Bu erga faqat mehmonxonada tunayotgan mijozlar kirishi mumkin. Bir kecha qolish esa taxminan 200 dollarga tushadi. 

• Giola tabiiy hovuzi

Gresiyaning sirli javohiri Giola Tassos orolining janubiy tomonidagi Astris qishlog`ida joylashgan sadafdek sof hovuzdir. Bu erga etib kelishda qiyinchiliklar bor. Chunki sizdan 2 kilometr piyoda yurish talab etiladida. Biroq 8 metr balandlikdan feruza suvga sho`ng`ish uchun "ozgina" yurish nima bo`libdi?

    Boshqa yangiliklar