1

Ispaniya kubogi. «Barselona» javob o`yinida ham yutdi va yarim finalga chiqdi

Sport 29.01.2015, 09:59
Ispaniya kubogi. «Barselona» javob o`yinida ham yutdi va yarim finalga chiqdi

"Barselona" Ispaniya kubogi yarim finali yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Kataloniyaliklar ikki o`yin natijasiga ko`ra (4:2) "Atletiko"ni musobaqadan chiqarib yuborishdi.

"Kamp Nou"da bo`lib o`tgan o`yinda "Barselona" Messining goli evaziga minimal hisobda g`alaba qozongani bois, Simeone shogirdlari o`z uylaridagi o`yinda darvoza daxlsizligini saqlagan holda, "Barsa" darvozasiga 2ta gol urishlari kerak edi. Makeranoning xatosidan so`ng Fernando Torres o`yinning 30-soniyasidayoq gol urib, ikki o`yn natijasiga ko`ra hisobni tenglashtirib qo`ydi! Bu esa o`yinning intrigasini keskin oshirib yubordi.

Bahsning 9-daqiqasida esa "ko`k-anorranglilar" qarshi hujumda hisobni tenglashtirishdi. Messi maydonning "Barselona" tomonida to`ni egalladi va ikki raqib futbolchisidan o`tib, Suaresga pas berdi. Luis o`z vaqtida Neymarning ochilayotganini ko`rdi va uni to`p bilan ta`minladi. Braziliyalik hujumchi birga bir vaziyatga chiqib bordi va osonlik bilan darvozani ishg`ol qildi. 1:1.

Shundan so`ng ustunlik to`laligicha "Atletiko" tomoniga o`tdi. Ular ketma-ket hujum tashkil qilishdi. O`yinning 29-daqiqasida hakam "Barselona" darvozasiga noto`g`ri penalti belgiladi. Maskerano Xuanfranga nisbatan o`yin qoidasini maydon tashqarisida buzgandi. "Matraschilar"ning "shtatdagi penaltichisi" Raul Garsiya kuchli zarba bilan jamoasini oldinga olib chiqdi.

Oradan ko`p o`tmasdan kataloniyaliklar "standart"dan hisobni tenglashtirishdi. Burchakdan etkazilgan to`pga Buskets bosh bilan zarba berdi. To`p olis ustunga yaqin joyda turgan Mirandaga tegib, so`ngra ustun orqali to`rga borib tushdi. 2:2.

Oradan 3 daqiqa o`tib, "Barsa" uchinchi golni urdi, ammo bu erda ham hakamning xatosi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`ldi. Aslida "Barselona" darvozasiga penalti belgilanishi kerak edi! O`ng qanotdan etkazilgan to`pni Torres yaqin masofadan darvoza tomon tepdi. To`p Albaning tirsagiga tegdi! Ammo hakam o`yinni to`xtatmadi va kataloniyaliklar qarshi hujumga o`tishdi. To`p Messiga uzatildi, Leo to`p bilan oldinga harakat qildi va chap qanotdan jarima maydonchasiga kirgan Albaga uzatdi. Xordi darvozabon maydonchasidagi Neymarga uzatma berdi va braziliyalik futbolchi osonlik bilan darvozani ishg`ol qildi. 2:3.

Ushbu holat mezbonlarni aslo qoniqtirmasdi. Boz ustiga, hisob 2:3ga etganidan keyin madridliklar amalda yarim final yo`llanmasidan mahrum bo`lishgandi. Asabini jilovlay olmagan "Atletiko" sardori Gabi tanaffusda, kiyinish xonasida yo`l olish chog`ida yuzaga keltirgan tartibsizlik tufayli "qizil" oldi.

Ikkinchi bo`lim ham qo`polliklarga to`la bo`ldi. Natijada hakam o`yin davomida 9ta sariq kartochka va 2ta qizil kartochkani ko`rsatishga majbur bo`ldi. "Atletiko" o`yinni 9 kishi bo`lib yakunladi. "Barsa" ikkinchi bo`limda imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Kataloniyaliklar Ispaniya kubogining yarim finalida "Vilyarreal" - "Xetafe" juftligi g`olibi bilan bahs olib boradi.

Ispaniya kubogi, chorak final, javob o`yini
ATLETIKO – BARSELONA - 2:3
Gollar: 1:0 – 1 Torres, 1:1 – 9 Neymar, 2:1 – 30, penalti Garsiya, 2:2 – 38, avtogol Miranda, 2:3 – 41 Neymar.
Atletiko – Oblak, Xuanfran (Games, 58), Miranda, Ximenes, Sikeyra, Suares, Gabi, Turan (Kani, 63), Garsiya, Grizmann (Saul, 46), Torres.
Barselona – ter Shtegen, Dani Alves, Buskets, Pike, Alba, Inesta, Maskerano (Mate, 62), Rakitich (Rafinya, 70), Neymar (Pedro, 77), Messi, Suares.
Ogohlantirishlar: Garsiya (14), Maskerano (29), Gabi (41), Messi (44), Turan (48), Suares (69), Dani Alves (74), Sikeyra (75), Ximenes (83), Kani (86).
Chetlatishlar: Gabi (45), Suares (84).
Birinchi o`yin: 0:1

Manba: www.stadion.uz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1