1

Mirjalol Qosimov: "Janubiy Koreyaga qarshi o`yinda gol ura olmagan bo`lsak ham ulardan yomon o`ynamadik"

Sport 29.01.2015, 17:13
Mirjalol Qosimov: "Janubiy Koreyaga qarshi o`yinda gol ura olmagan bo`lsak ham ulardan yomon o`ynamadik"

Bugun, 29 yanvar kuni O`FF anjumanlar zalida O`zbekiston terma jamoasining OK-2015 musobaqasidagi ishtiroki va terma jamoaning navbatdagi rejalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Matbuot anjumanida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov hamda O`FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov ishtirok etdi. Bu haqda uz24.uz nashri xabar bermoqda.

"Barchani yangi futbol mavsumi boshlangani bilan tabriklayman. Milliy terma jamoa Avstraliyadan qaytib keldi va hozirda musobaqadan so`ng tiklanish jarayoni o`tmoqda. Bu yili terma jamoalar bir qator turnirlarda ishtirok etadi. Jumladan, 23 yoshgacha bo`lgan terma jamoa Tailandda bo`lib o`tadigan Qirol Kubogi musobaqasida ishtirok etadi va shu yosh toifasida Osiyo Chempionati saralash bahslariga tayyorgarlik ko`radi. O`zbekiston terma jamoasi esa iyun oyida start oladigan JCh-2018 saralash bahslariga kirishadi", - dedi Tolibjonov.

O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Osiyo Kubogida chorak finalida terma jamoa yaxshi o`yin ko`rsatgan bo`lsa ham, omad ko`proq raqib tomonida bo`lganini aytdi.

"Biz Osiyo Kubogida munosib ishtirok etishni maqsad qilgan edik. Ammo, chorak finalda omad ko`proq raqib tomonida bo`ldi. Ushbu natija uchun muxlislardan, jurnalistlardan uzr so`raymiz. Osiyo Kubogida Xitoyga qarshi o`yinda yaxshi o`yin namoyish eta olmagan bo`lsak ham, terma jamoamiz o`yindan o`yinga yaxshi ochilib borayotgan edi. Janubiy Koreyaga qarshi o`yinda gol ura olmagan bo`lsak ham ulardan yomon o`ynamadik. Futbolchilarning jismoniy holati o`yinda juda katta ahamiyatga ega. Aytishim mumkin, Osiyo Kubogi oldidan futbolchilarimiz yaxshi jismoniy holatda edilar", - dedi Qosimov.

Mirjalol Qosimov shuningdek, mag`lubiyatda aynan kimnidir ayblash noo`rin ekanini alohida ta`kidladi.

"Iste`dodli yoshlarimiz ko`p. Ular uchun Osiyo Kubogi katta tajriba maktabi bo`ldi. Bunday o`yinlar terma jamoa kelajagi uchun foydali. Mag`lubiyatda esa aynan kimnidir ayblash noo`rin. Masalan, Lutfulla To`raev vaziyatdan foydalanganida qahramon bo`lishi mumkin edi".

O`FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov Qosimov terma jamoada ishlashda davom etishini va Milliy terma jamoaga ham, boshqa terma jamoalar murabbiylar shtabiga ham xorijdan mutaxassislar taklif etish rejasi yo`q emasligini aytib o`tdi.

Asqar Tolibjonov, shuningdek, O`zbekiston terma jamoasi Toshkentda xorij terma jamoalari bilan o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazishi rejada borligini tasdiqladi. Uning aytishicha, yanvar oyida 37 ta mamlakat Futbol Federasiyalariga takliflar jo`natilgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1