29-30 yanvar kunlari “Istiqlol” san`at saroyida Yoshlar madaniyat va san`at markazi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi hamkorligida “Yil qo`shig`i-2014” gala-konserti bo`lib o`tdi...
“E`tirof-2014” taqdirlash marosimi o`tkazildi-ku, “Yil qo`shig`i-2014”ni joriy qilish zarurmidi?” kabi savollar tug`ilganiga ko`p bor guvoh bo`ldik. Gap shundaki, “E`tirof-2014” milliy mukofoti madaniyat, san`at, sport sohalarida faol bo`lgan ijodkorlarni taqdirlash uchun o`tkazilgan yil sarhisobi edi. “Yil qo`shig`i-2014” loyihasi esa o`tgan yilning eng sevimli va ommabop an`anaviy va estrada qo`shiqlarini e`tirof etishga qaratilgan.
“Moziyga qaytib ish ko`rish xayrli deydilar...”
Xonanda Umidaxonning “Alla”sidan so`ng Tohir Usmonov “Xayr, maktabim” deya sobiq “Setora” guruhi va Ravshan Sobirovning duetini kuylab bitiruv oqshomidagi hayajonli daqiqalarni yodga oldi. Jasur Umirov ham askarlik davrlari gashti o`zgacha ekanini zavq bilan kuyladi. Ziyoda Qobulova esa ustoz san`atkor Faxriddin Umarovning “Ey, muhabbat” qo`shig`i bilan tomoshabinlarning bir necha yillik xotiralarini yangilagan bo`lsa ajabmas. Yig`ilganlarga ko`tarinkilik baxsh etib, konsertning fayziga fayz qo`shgan lahzalar bu — jajji bolajonlar ijrosida “Mahallada duv-duv gap”, “Dilbarim”, “Maftuningman”, “Pam” kabi durdona asarlarda ijro etilgan qo`shiqlarni qayta sahnaga olib chiqilgani bo`ldi. Moziyga qaytib ish ko`rgan rejissyor Rustam Shamsuddunov shu kungi konsertni retro qo`shiqlar bilan ochishni maqul topdi.
“Ushbu mukofot intilishga arziydigan orzuga aylansin”
Sardor Rahimxon, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Aynan “Malikam endi qara” qo`shig`i mukofotga loyiq topilganidan juda xursandman. Chunki bu qo`shiq ustida men uchun qayg`uradigan insonlardan tashkil topgan ijodiy guruh ishlagan. Bobur Bobomurod, Ahmad Hojimatov, shu qo`shiq uchun ovoz berganlar, mukofotni ta`sis etganlar va qo`shiqning klipi ustida ishlagan Sanjar Matkarimov, Narimon Sultonxo`jaevga katta rahmat aytaman. Ilk bor o`tkazilayotgan “Yil qo`shig`i-2014” mukofotini qo`lga kiritishimda ramziy ma`no bor, deb o`ylayman, rag`batlar davomiy bo`lsin. Ishonchim komilki, an`anaviy tarzda o`tkaziladigan ushbu mukofot intilishga arziydigan orzuga aylanadi.
Sardor Rahimxon mukofotni qabul qilib olgach, “Malikam endi qara” qo`shig`i bastakori Ahmad Hojimatovni sahnaga chorladi. Va “Aka, bu sizning mukofotingiz!” deya o`ziga berilgan “Yil qo`shig`i-2014” statuetkasini bastakorga sovg`a qildi.
“To`g`ri tanlov o`z hosilini berdi”
Umidaxon, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Ochig`i, “Kel yarashaylik” qo`shig`ini yozishda ikkilanganman. Chunki yangi yo`nalishdagi bu qo`shiq sabab, “nega bunday qo`shiq kuylagan?” degan e`tirozlarga sabab bo`lib, muxlislarimni yo`qotib qo`ymasmikinman, degan fikr tinchlik bermasdi. Lekin shu qo`shiqni tavsiya qilgan Eldor Qayumovning tanlovi to`g`ri bo`lganiga bugun yana bir karra ishonch hosil qildim. Bastakor Jasur Badalboevga ham o`z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Quvonchimning cheki yo`q!
“O`zbek tilida ko`proq qo`shiq kuylashga harakat qilamiz”
Lola Yo`ldosheva “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Yashirmayman, DJ Piligrim bilan kuylagan “Yulduz” nomli duetimiz “Yil qo`shig`i” bo`lganidan xayratda emasman. Chunki bu qo`shiq allaqachon o`z muxlisini topib ulgurgandi.
DJ Piligrim, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — “Yil qo`shig`i-2014” loyihasining barcha tashkilotchilariga rahmat aytaman. Va bundan buyon o`zbek tilida ko`proq qo`shiq kuylashga harakat qilamiz.
“Olg`a intilishga kuch bag`ishlaydi”
Alisher Fayz, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Avvalo ijodimizga bo`lgan e`tibor uchun tashkilotchilar va albatta muxlislarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Shoir Nasrullo Sadriy, bastakor Fazliddin Rahmonov hamkorligida yozilgan “Yolg`on ekan-ku” “Yil qo`shig`i” bo`lgani bu — mehnatimiz muxlislarga manzur kelganidan darak. Bunday yoqimli jarayon ijodkorga faqat va faqat olg`a intilishga kuch bag`ishlaydi.
“Ikinchi bor yutuqqa ega bo`ldim”
Munisa Rizaeva, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — To`g`risini aytaman, “Yomg`irlar” qo`shig`im g`olib bo`lishini istagandim. Biroq Eldor Qayumov so`zi, Jasur Badalboev musiqasi bilan yozilgan “Yorim” qo`shig`i “Yil qo`shig`i” sifatida e`tirof etildi. Ma`lumot o`rnida aytishim mumkin, bu qo`shiq “Tarona” taqdimot marosimida ham mukofotga loyiq topilgandi. Bugun ikinchi bor yutuqqa ega bo`ldim. Fursatdan foydalanib, ijodimizga befarq bo`lmagan tashkilotchilarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.
“E`tibor yanada ilhom baxsh etdi”
Gulasal Abdullaeva, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Rislig`oy Xotamova bilan hamkorlikda yozilgan “Taq-tuq” qo`shig`i naqoratini xirgoyi qilib berishganida kulgandim. Bunday mukofotlarga loyiq topilishini tasavvur ham qilolmasdim. Intilganga tole yor, deyishadi, “Yil qo`shig`i” mukofotiga loyiq topishganidan juda hursandman. Bu e`tibor yanada ilhom baxsh etganini yashirmayman. Bundanda yoqimli qo`shiqlar taqdim etishga va`da beraman.
“Qo`llab-quvvatlashgani albatta yoqimli jarayon”
Abdurashid Yo`ldoshev, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — Botir Ergashev so`zi, Musaxon Nurmatov musiqasi bilan kuylangan “Yonar ko`zlaring” qo`shig`im “Yil qo`shig`i” bo`ldi. Aslida “Xabaring yo`q” qo`shig`im g`olib bo`lsa kerak, degan fikrda edim. E`tibor qilib, “Yonar ko`zlaring” qo`shig`imni mukofotga munosib bilishgani va qo`llab-quvvatlashgani albatta yoqimli jarayon. Barchaga tashakkur!
“Mukofotga loyiq topilishini taxmin qilgandim”
Ziyoda Qobulova, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — “Sevadi yorim mani” qo`shig`im muxlislarga yoqqani va aynan shu qo`shiqqa ovoz berishganidan xursandman. Shoir Bahodir Nizomov, bastakor Umid Obidov bilan hamkorlikdagi ishimiz mukofotga loyiq topilishini taxmin qilgandim. Boisi xalq xizmatlariga borganimda aynan shu qo`shiqni qayta-qayta kuylatishadi-da (kuladi). Nasib etsa, shu yo`nalishdagi qo`shiqlar guldastasini yana taqdim etish niyatim bor.
29 yanvar kuni tug`ilgan kunini nishonlagan xonanda Ulug`bek Rahmatullaev ilk bor o`tkazilgan “Yil qo`shig`i-2014” gala-konsertini bir umr yodidan chiqarmasligi tayin. Axir o`zi eng yaxshi ko`rgan qo`shig`i “Kabutarlar” g`oliblikka erishishi, 5200 ta muxlis va hamkasblar qurshovida tavallud kunni katta sahnada nishonlash hammaga ham nasib etavermaydi.
Ulug`bek Rahmatullaev, “Yil qo`shig`i-2014” sovrindori: — “Kabutarlar” qo`shig`im uchun olgan mazkur yutug`im barcha muxlislarimniki. Ularning qo`llab-quvvatlashlari meni “Istiqlol” san`at saroyi sahnasiga chiqib, mukofotlanishimga sabab bo`ldi. Fursatdan foydalanib, qo`shig`im matn va musiqa muallifi Alisher Tayr, umuman shu qo`shiq, unga ishlangan klipini dunyoga kelishida ishtirok etgan barcha ijodiy jamoaga minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Qolaversa, bugungi tug`ilgan kunimni ilk bor sahnada muxlislarim bilan nishonlashim. Bu hayotimdagi eng unitilmas tug`ilgan kun va ajoyib sovg`a bo`lib qoladi!
Ulug`bekka mukofot topshirgan ko`plab “xit” qo`shiqlar muallifi Shuhrat Zokirov shu kuni iltimoslarga binoan “Bir kam dunyo” qo`shig`i musiqasini pianinada ijro etdi, Mashhurbek, Shahzoda Muhammedova, Ulug`bek Rahmatullaev esa jonli ijroda kuylashdi. Kutilmagan ajoyib chiqish bo`ldi.
Bilasizmi?
Loyiha doirasida “O`zbeknavo” estrada birlashmasi, “Yoshlar” teleradiokanali va barcha FM radio kanallari tomonidan Yoshlar madaniyat va san`at markazi qoshida tashkil etilgan Badiiy kengashga 50 ga yaqin xonandalarning 100dan oshiq ommabop qo`shiqlari taqdim etilgandi. Badiiy kengash, ekspertlar tavsiyalari va albatta muxlislarning fikrlaridan kelib chiqib, 20 ta eng yaxshi qo`shiqlar va ularning so`z, musiqa mualliflari taqdirlandi.
Fakt:
- “Yil qo`shig`i-2014” gala-konsertini Bahodir Mag`diev, Jamshid Umrzoqov, Akmal Mirzo, Shahzoda Muhammedova, Ziyovuddin Ahmadjonov, Mashhurbek Raimjonov olib borishdi. Konsertdagi ketma-ketlikni bir-biriga bog`lash uchun Shahzoda va Mashhurbekning sahnalashtirilgan hazilomuz chiqishlari tomoshabinlar yuziga tabassum ulasha oldi.
- Gala-konsertda “Sabo”, “Toshkent zebolari”, “Tumor” raqs ansambllari o`ziga xos jozibador raqslarini taqdim etishdi.
- Mazkur loyhada “Tantana” hamda Bolalar ashula va raqs ansambli ham kutilmagan chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko`tarinki kayfiyat ulasha olishdi.
- 29 yanvar kuni 10 ta, 30 yanvarda esa yana 10 ta xonanda va shoir, bastakor taqdirlandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV





