Qishning ayozli kunlarida o`z muxlislari va tashrif buyurgan barcha tomoshabinlar uchun bahoriy kayfiyatni ulasha olgan xonanda Manzura bugun o`zining ilk yakkahon konsert dasturining birinchi kunini olqishlar bilan o`tkazdi. Tasanno... Bu so`zni bemalol ayta olamiz. Sababi, biz uni bugun haqiqiy ma`noda iste`dodli ijodkor sifatida yana bir bor kashf qildik, deb yozadi popcorn.uz.
Minglab tomoshabinni o`z bag`riga chorlagan “Istiqlol” San`at saroyi bugun yanada yorqin nurlarga va fayzga to`ldi. Zarpardalar ko`tarilib sahnada bugungi bayramning sababchisi Manzura paydo bo`lganida ishonchimiz komilki konsertga tashrif buyurganlar bekor kelmaganliklariga amin bo`ldilar. Chunki dasturning avvalidan tomoshabinni o`ziga bog`lab turuvchi fayz bor edi.
Sahna qizil atirgullar bilan bezatilgan bo`lib har bir qo`shiq aytilganida ma`lum bir dekorasiya detallari o`zgarib turdi. Ikkinchi va uchinchi bloklarda esa sahna ko`rinishi umuman hech kim kutmagan holda namoyon bo`ldi.
Manzura o`n sakkiz yillik ijod yo`lida yaratgan, ular ichidan eng saralanganlari, barcha xit bo`lgan taronalari qatorida yangi kompozisiyalarini ham muhlislari uchun taqdim etdi. Buning ustiga har bir tarona uchun sahnadagi raqqos va raqqosalar bilan birgalikda professional tarzda o`zi ham hirom ayladi.
Xonandaga konsert dasturida yaqindan yordam bergan hamda qo`llab kuvvatlagan do`sti, qolaversa bugungi dasturning tashkilotchisi va bosh rejissyori Davron Kabulov, mahoratli boshlovchi Akmal Mirzo va Jahongir Poziljonovlarning sahna ko`rinishlari yig`ilganlarni kayfiyatini yanada ko`tarilishiga sabab bo`ldi.
Konsertning eng esda qolarli nuqtasi esa farzandning ota onasiga aytgan dil izhori bo`ldi. Tahminan beshinchi qo`shig`ini yakunlab zaldagi barcha chiroqlarni yoqishligini istagan xonandaning gaplaridan avvaliga hamma hayron edi. Keyin esa samimiy ohang bilan otasiga qarab bolalik davridagi lahzalarni eslagan honandaning ko`zlariga yosh qalqidi. Shu muqaddas sahnada bugun san`atkor bo`lib kuylayotgani, uni dunyoga keltirgan insonlar sabab ekanligini aytib ularni tabrikladi. Bu gaplardan so`ng zalda o`tirgan mehmonlarning ko`ziga yosh ham keldi.
Yana bir narsani aytib o`tish joiz Manzura o`zining ilk balog`at yoshidagi ijodiy imtihonini hayajonlarga to`la ammo haqiqiy ma`noda samimiy a`lo baholarga topshira oldi. Biz unga yana qolgan ikki kun davomida kuch quvvat va omad tilaymiz.





