AsosiyDunyo

Dunyodagi eng g`alati taqiqlar

Har bir mustaqil davlatning o`ziga yarasha qonunlari bor. Ular ijtimoiy hayotni yaxshilash maqsadida qabul qilinadi. Ammo ayrim davlatlarda shunday qonunlar borki, ular kishiga biroz g`alatiroqdek ko`rinadi, deb yozadi xabardor.uz. 

Burundi: yugurish

Oxirgi o`n yillikda mamlakatdagi etnik guruhlar o`rtasidagi urushlar to`xtaganidan so`ng, mahalliy aholi guruh-guruh bo`lib yugurishga chiqadigan bo`lishdi. Bunga ikkita sabab bor ekan: birinchisi o`zlarida to`planib qolgan energiyani chiqarib yuborish, ikkinchi sabab esa agar yana shunday to`qnashuvlar sodir bo`lsa, jismoniy tayyor turish. Shu bois 2014 yilning mart oyida mamlakat prezidenti Per Nkurunziza yugurishni taqiqlovchi qonun chiqardi. Shunday keyin guruh-guruh bo`lib yugurgan ayrim shaxslar jazolandi ham.

Ruminiya: “Skrebbl” o`yini

80-yillarda Ruminiyaning o`sha paytdagi rahbari Nikolae Chaushesku “Skrebbl” o`yinini qonun yo`li bilan taqiqladi. Bunga sabab qilib o`yinda buzg`unchilik ruhiyatining kuchliligi ko`rsatildi. Ammo hozir taqiq olib tashlangan va mamlakatda “Skrebbl” o`yini federasiyasi faoliyat olib boradi va turli musobaqalar uyushtirib turadi.

AQSh: “Kinder syurpriz” shokoladli tuxumi

Bu mahsulot dunyoning ko`plab mamlakatlarida keng tarqalganiga qaramay AQShda qonun yo`li bilan taqiqlangan ekan. Xo`sh, nega? Bunga sabab bola bilmay tuxum ichidagi o`yinchoqni ham eb qo`yishi mumkin ekan. Shu bois u taqiqlangan. Shirinlikni Kanada chegarasidan AQShga olib kirish holatlari tez-tez kuzatilib turarkan.

Eron: erkaklarning sochlarini orqaga o`rib yurishlari

2010 yilda hukumat eronlik erkaklar sochlarini qanday ko`rinishda turmaklashtirish mumkinligi haqida katalog chiqardi. Unga ko`ra sochlarni orqaga o`rib yurish, ikki cheti hamda tepasini kalta qilgan holda orqa soch o`stirish taqiqlandi.

Singapur: saqich chaynash

Bu o`z ma`nosida emas, albatta. Mamlakat hududiga saqichlar sotuvi taqiqlangan. Bunga 1992 yilda sodir bo`lgan falokat sabab bo`lgan. O`shanda bir kishi saqichini vagon eshigiga yopishtirib qo`ygan. Yaxshi yopilmagan vagon eshigi ochilib ketgan va unga suyanib ketayotgan yo`lovchi halok bo`lgan. Saqichni salomatlik nuqtai nazaridan vrachlar ruxsat bergan bemorlargina chaynashlari mumkin.

Filippin: Kler Deyns

Aktrisa Kler Deynsga mamlakatning barcha hududiga emas, balki aynan Manila shahriga kirish taqiqlangan ekan. Chunki u o`sha shaharda nihoyalangan filmga olish ishlaridan so`ng, shahar haqida salbiy fikrlar bildirib o`tgan ekan. Shu sabab bu erda nafaqat uning kelishi, balki u suratga tushgan filmlar namoyishi ham man qilingan.

Fransiya: “Red Bull”

Bugun bu taqiq amalda emas. Ammo 2008 yilgacha bu erda ushbu energetik sharbatni iste`mol qilish taqiqlangan edi. Bunga ichimlik tarkibidagi taurina kimyoviy moddasining borligi bahona bo`lgan. O`shanda kompaniya taurin moddasi yo`q bir qancha o`z mahsulotlarini mamlakat ichki bozoriga kiritgan edi.

Xitoy: vaqtlararo sayohat

Gap kino va televizion shoular haqida ketayapti. Xitoy hukumatining fikricha bu kabi g`oyalar tarixga bo`lgan hurmatsizlik ekan. Shu bois shunga o`xshash shoular taqiqlangan.

JAR: prezident uyida suratga tushish

O`tgan yilda hukumat prezident uyida suratga tushishni taqiqlab qo`ygandi. Ammo shunga qaramay bir qancha gazetalar bunga ahamiyat bermadi va uyning suratlarini bosib chiqaraverishdi.

Shimoliy Koreya: moviy rangli jinsilar kiyish

Qora emas, balki aynan moviy jinsi kiyish taqiqlangan. AQShda moviy rang urfda, shu bois u taqiqqa uchragan, degan gaplar ham yuradi.

Monako: mahalliy fuqarolar uchun kazinolarga borish

Xuddi shunday. Monakodagi “Monte-Karlo” kazinosiga butun dunyodan odamlar kelishadi, ammo u erga mahalliy fuqarolarning kirishi taqiqlangan. Bu taqiqlov 1860 yilda monako knyazi Karl III tomonidan joriy etilgan.

Buyuk Britaniya: parlament binosida o`lib qolish

Garchi bu holat insonning o`z qo`lida bo`lmasa ham, ammo parlament binosida vafot etish taqiqlangan. Chunki u erda olamdan o`tgan inson hukumat tomonidan dafn etiladi. Bu esa hukumatga zarracha foyda keltirmas emish. Yana kim bilsin.

Germaniya: ichi bo`sh benzin idishi

Agar Germaniyada mashinangizni yoqilg`isi tugab, o`chib qolsa, yaqin oradagi yoqilg`i qo`yish shoxobchasiga borishga oshiqmang. Chunki bu erda qo`lingizda benzin idishi ko`tarib yurish ham taqiqlangan.

Filippin: Frenka Sinatrning “My Way”

Bu qonun yo`li bilan tasdiqlanmagan bo`lsada, ammo Filippindagi tungi klublarda yoki karaoke barlarda bu qo`shiqni kuylash taqiqlangan. Bunga sabab qo`shiqning ahloqiy va ma`naviy buzuqligidir.

Tailand: “Anna va qirol” filmi

Aytishlariga qaraganda, 1999 yilda suratgan olingan Jodi Foster va Chou Yunfatlar suratga tushgan ushbu filmda qirol oilasi va mamlakat tarixiga bog`liq ko`plab lavhalar bor. 1930 yildan beri amal qilinib kelayotgan qonunga ko`ra, Tailand davlatiga nisbatan haqorat uchun bunday ishlar qattiq jazolanadi.

Janubiy Koreya: yarim kechasi set orqali videoo`yinlar o`ynash

2011 yilda mamlakatda “shutdown qonuni” deb nomlangan qonun ishga tushdi. Unga ko`ra 16 yoshdan kichiklar yarim kechadan to ertalabga qadar videoo`yinlar o`ynashi taqiqlandi. Ammo bu qonun yaqinda ota-onalar iltimosiga binoan olib tashlandi.

Yaponiya: klublarda raqs tushish

O`zining tungi hayoti bilan tanilgan Yaponiyada klublarda raqs tushishning man etilishi biroz yolg`ondek tuyuladi. Ammo bu bor haqiqat. 1948 yilda aholi tinchligi ta`minlash maqsadida, ana shu taqiq vujudga kelgan edi. Raqs tushish uchun maxsus joylar tashkil etildi. Ammo bu taqiqni 2020 yilda Tokioda bo`ladigan Olimpiada o`yinlari vaqtida olib tashlash ko`zda tutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar