AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik astronom Fransiyaning Akademik Palma ordeni nishondori bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Egamberdiev Shuxrat Abdumannopovichni Fransiya Respublikasining Faxriy Akademik Palma ordenini oldi, deb xabar bermoqda Fanlar Akademiyasi rasmiy sayti.

Unga Akademik Palma ordeni nishondori unvoni berilgani haqidagi Farmonga Fransiya Bosh vaziri 2015 yilning 1 yanvarida imzo chekkan, professor Egamberdiev Sh.A. bu unvonga O`zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o`rtasidagi astronomiya va astrofizika sohasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo`shgan hissasi tufayli sazovor bo`ldi.

Professor Egamberdiev Sh.A. 1987 yilda shtab-kvartirasi Fransiyaning Nissa Universitetida joylashgan IRIS (International Research on the Interior of the Sun) xalqaro dastur doirasida O`zbekistonda Quyoshni global akustik tebranishlarini tadqiq etish bo`yicha yangi ilmiy yo`nalishga asos soldi. IRIS loyihasi va uning butun dunyo bo`ylab joylashgan oltita tarmog`i Quyoshning ko`p yillik va uzluksiz vaqt oralig`ida global tebranishini olish uchun mo`ljallangan. Salkam 20 yil maboynida Egamberdiev Sh.A. IRIS loyihasining faol a`zosi va ma`lumotlarni qayta ishlash, kalibrovka va tahlil guruhining raisi bo`ldi. O`zining yuksak kasbiy mahorati va rahbarlik qobiliyati tufayli professor Egamberdiev Sh.A. ilmiy guruhi bilan birga olamshumul muvaffaqiyatlarga erishdi va O`zbekistonning Kumbel tog`idagi IRIS stansiyasidagi oltita tarmoq ichida eng ko`p kuzatish o`tkazdi va butun davr ichida IRIS loyihasining ma`lumotlar bazasi uchun 40% ga yaqin materialni taqdim etdi.

Professor Egamberdiev Sh.A. jahon astronomik ilmiy jamoatchilik o`rtasida katta nufuz va hurmatga ega. U Xalqaro Astronomiya Jamiyati, Evropa-Osiyo astronomik Jamiyat ahzosi.  U 2002−2003 yillarda 28 mamlakat a`zo bo`lgan Osiyo fanlar Akademiyasi Birlashmasining Bosh Kotibi etib saylangan.

Professor Egamberdiev Sh.A. hozirda ham Fransiyaning etakchi astronom va astrofiziklari bilan do`stona ilmiy munosabatlarni saqlab kelmoqda, bu mamlakat fani madaniyati oldidagi yuksak xizmatlarni hisobga olgan holda Fransiya hukumati yuqorida tilga olingan orden bilan taqdirladi.

Akademik palma ordeni tarixiga nazar tashlasak, uni 1808 yilning 19 martida imperator Napoleon I Bonapart Parij Universiteti va ba`zi liseylarning akademik va professorlar uchun ta`sis etgandan beri, o`z egalariga topshirilib kelinmoqda. Akademik palma ordeni Fransiyaning ta`lim va fan sohasida xizmatlari uchun beriladigan eng yuksak nishonlardan biri hisoblanadi, uning ikkinchi nomi, Fahriy legion ordeniga o`xshash, «Alvon rang legion», deb ataladi.

Hozirgi vaqtda Akademik palmma ordeni bilan Fransiyaning xalq ta`limini  rivojlanishiga hissa qo`shgan o`qituvchilari va o`qituvchilar jamiyati a`zolari, shuningdek, Fransiya bilan fan va madaniyat sohasida hamkorlik qilgan chet ellik kishilar ham taqdirlanishi mumkin.

Professor Sh.A. Egamberdievning Akademik Palma ordeni va diplomi bilan taqdirlanish marosimi Fransiyaning O`zbekistondagi elchixonasida 2015 yilning 6 fevral kuni bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar