AsosiyShou-biznes

O`mirboy Qosimbetov: O`tgan umrimga achinmayman

Siz bu san`atkorni taniysiz. Uni juda ko`p qoraqalpoq spektakllarida va filmlarida ko`rgansiz. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Qoraqalpog`iston xalq artisti O`mirbay aka “E`tirof-2014” milliy taqdimot marosimida “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” bo`lganidan ham xabaringiz bo`lsa kerak. Biz Qoraqalpog`istonga safarimiz asnosida O`mirbay og`ani ham qidirib topdik va suhbatlashdik.

O`mirboy aka, avvalo sal kechroq bo`lsa-da, Sizni “E`tirof-2014” milliy taqdimotida “Eng yaxshi teatr aktyori” nominasiyasida g`olib bo`lganingiz bilan tabriklaymiz.

— Rahmat, ochig`i bu men uchun kutilmagan hodisa bo`ldi. Nomzodim ushbu nufuzli tanlovga qo`yilganining o`zi meni juda ruhlantirib yuborgandi. Taqdimot marosimida mening familiyam e`lon qilinganida quloqlarimga ishonmadim. Mukofotni O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti G`ulomjon Yoqubovning qo`lidan qabul qilib olmagunimcha, bu sharafli unvonni qo`lga kiritganimga ishonmadim (kuladi). Albatta, bu unvon biz singari san`atkorlarga juda katta ilhom, kuch-quvvat bag`ishlaydi. Bundan keyin ham bu ishonch va rahbatni o`z mehnatimiz bilan oqlashga harakat qilamiz.

— Odatda ko`pchilik san`atkorlarning san`at yo`lini tanlashida aynan oiladagi muhit sababchi bo`ladi.

— Men tug`ilib o`sgan oilada san`atkor bo`lmagan. Ammo, oilamizda hamma san`atni yaxshi ko`rardi. Tog`am Nurimbet baxshi qoraqalpoq dostonlari, laparlari va o`lanlarini ko`p bilardilar. Bolaligimda ulardan baxshichilik sirlarini o`rganganman. Ovulimizda tez-tez Nukusdagi Berdaq teatri ijodiy jamoasi kelib tomosha ko`rsatib ketardi. O`sha paytlarda teatrga, san`atga havasim uyg`ongan bo`lsa kerak. Maktab sahnalarida ham turli tomoshanalarni ko`rsatib turardik. 1980 yili hozirgi O`zbekiston davlat madaniyat va san`at institutiga o`qishga kirdim. Bu erda Asat Azimov, Gulshan Muhammadieva, Omon Abdurazzoqov singari ustozlar qo`lida tahsil olganmiz. Shu paytga qadar tanlagan yo`limdan afsuslangan emasman. Shu kasb tufayli elga tanildim. Obro`-izzat topdim. Yurtimning nufuzli unvonlariga ega bo`ldim. Shu bois taqdirimdan hech qachon noligan emasman.

— Ilk bor katta sahnaga chiqqan paytingiz yodingizdadir?

— Maktab sahnasidagi tomoshalarda, tuman miqyosidagi tadbirlarda ko`p ishtirok etganmiz. O`qishni bitirayotgan yilimizda “Maysaraning ishi” asarini diplom spektakli sifatida sahnalashtirganmiz. Men o`shanda Mullado`st rolini o`ynaganman. Keyinchalik ham poytaxt teatrlarida bir qancha rollarni ijro etdim. Taqdir taqozosi bilan harbiy xizmatni o`tab, Nukusga qaytib keldim. O`shandan beri Berdaq nomli Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida faoliyat ko`rsatib kelyapman. Shu paytga qadar teatr sahnasida 30 ga yaqin katta-kichik rollarni ijro etdim.

— Farzandlaringiz ham izingizdan borayotgandir?

— Besh farzandim, to`rt nabiram bor. Qizlarim san`at yo`lidan ketishmadi. Katta qizim Rozagul bank tizimida ishlaydi. Sarvinoz o`qituvchi, Bibinoz hamshira, kenja qizim Hurliman tibbiyot kollejida o`qiydi. Faqat o`g`lim Ajiniyoz mening izimdan borib, rejissyorlikni tanladi.

— Sizni juda ko`p o`zbek tomoshabinlari “Qoraqalpoqfilm” studiyasida suratga olingan “Tanka” filmi orqali yaxshi tanishadi. Kinoga  tez-tez chaqirib turishsa kerak.

— Albatta. “Tanka” o`zbek tilida ham dublyaj qilingan. Telekanallarimizda tez-tez namoyish qilinadi. Toshkentda ham ko`cha-kuyda tomoshabinlar “siz falon filmda falon rolni o`ynagansiz” deyishsa, xursand bo`lib ketaman. Shu paytga qadar sakkizta filmda suratga tushdik. “Tanka”, “Kurort”, “Ibroyim bo`lis”, “Bahorning uch fasli” singari filmlarda, shuningdek o`zbek kinoustalari tomonidan yaratilgan “O`g`lon” nomli badiiy filmda ham bosh rollardan birini ijro etganman.

-San`atdan uzilib qolgan paytlaringiz ham bo`lganmi?

— O`ylab qarasam, umrimning katta qismi san`atning ichida o`tdi. Hatto harbiy xizmatda ham, turli tomoshalarni sahnalashtirib yurardim. Bir muddat O`zbekiston Davlat madaniyat va san`at institutining Nukus filialiga rahbarlik qildim. Garchi sahnadan biroz uzoqlashsam-da, baribir san`atning ichida bo`lib, o`z tajribalarimizni yoshlarga o`rgatib keldik. Faqat, 2008 yilda umurtqa churrasi bilan og`rib,  to`qqiz oy uydan chiqolmadim. O`shanda kasallik bilan olishib yotarkanman, “shu bilan sahnaga qaytolmasam kerak” deb o`ylagandim. Xayriyat, hali san`atdan rizq-nasibam uzilmagan ekan.

-Qaysi rolni ijro etishni bir umr orzu qilgansiz?

— “Parvona” spektaklida ustozimiz O`zbekiston xalq artisti Obid Yunusov qoyilmaqom qilib ijro etgan O`tkuriy roliga hamisha havas qilib kelganman. Agar imkoniyat tug`ilganda men ham shu rolni jon deb ijro etgan bo`lardim.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. 

    Boshqa yangiliklar