Hazrat Navoiyni rom etgan malak
Hazrat Mir Alisher Navoiydek beqiyos iste`dod, buyuk ijod sohiblari dunyo adabiyotida barmoq bilan sanarli. Ul zotning boy va betakror merosi besh yarim asrdan beri nainki turkiy uluslar, balki jahon ahlini ezgulikka, mehr va sadoqatga, insoniylik va vatanparvarlikka undab keladi. Shu paytga qadar o`zbek va jahon olimlari hazratning hayoti va ijodini tadqiq etib kelishadi. Har gal uning ma`nolar ummonidan yangi va bebaho javohirlar topishadi. Ammo, bir savol borki, asrlar davomida barcha adabiyot muhiblarini o`ylantirib keladi.
Navoiy kimni sevgan edi?
Bu savol kimnidir ensasini qotirar, “hazrat Navoiyning shaxsiy hayoti sensasiya maydoni emas” qabilidagi e`tirozlariga sabab bo`lar balki. Ammo, tan olingan bir haqiqat bor: har bir inson o`zi buyuk deb bilgan, intilgan, talpingan boshqa bir inson haqida ko`proq narsa bilishni istaydi, uni to`laroq, chuqurroq kashf etishga tirishadi. Va barchaning bunga haqqi bor.
Darhaqiqat, hazrat Navoiy buyuk shoir va mutafakkir, benazir olim, boringki, ulug` avliyo bo`lganlari ham ayni haqiqat. Ammo, ul zot birinchi navbatda hamma qatori oddiy, samimiy inson bo`lganlar. Samimiyat va kamtarlik buyuk bobomizning eng go`zal fazilatlaridan edi. Liboslariga ilashib qolgan chumolini o`z iniga olib borib qo`yishlari, chodir ustida in qurgan g`urrakning polaponlari nobud bo`lmasligi uchun alohida posbon qo`yib unga maosh tayinlaganlari ul zotning nainki insonlarga hatto barcha jonzotlarga mehri va mruvvatidan darak beradi.
Hazratning mehri shu qadar buyuk ekan, muhabbati ham shunchalar bepoyon bo`lgani aniq. Buni shoirning go`zal, nazokatli baytlarida takror va takror his qilish mumkin. Mana bu o`lmas misralarga bir e`tibor bering-a?
Furqatingdin za`faron uzra to`karmen lolalar,
Lolalar ermaski hajringdin erur pargolalar.
Yo rab! Bu qanday ishqki, oshiqning ko`z yoshlari qonga qorishib, xuddi za`faron ustiga sochilgan loladek, sariq, kasalmand yuzlar uzra to`kilsa. Bu qonli ko`z yoshlar nafaqat lola, balki qonli yurakning parchalariga qiyoslansa? Qalbi muhabbatdan yonmagan, ishq bilan qovjiramagan inson bunday baytlar bita oladimi?
Ayting kim u hazratni bu qadar dard to`la misralar bitishga undagan malak?
Hamma baytlarda tasaavvuf zohirmi?
Tasavvuf hazrat Navoiy asarlarida katta o`rin tutadi. Hazratning o`zlari ham tasavvufning Naqshbandiya tariqati vakillaridan bo`lganlari haqida asosli dalillar mavjud. Shunday ekan hazrat Navoiyning ko`pgina g`azallarida tilga olingan Yordan murod Haqning o`zi ekaniga ham shubha yo`q. Hazrat navoiy asarlarida ilohiy ishq haqida juda ko`p to`xtalib o`tilgan.
Tasavvuf adabiyotida tashqi tarafdan ma`shuqaning malohati madh qilingandek ko`rinadigan, aslida majoziy timollar yordamida Haqqa bo`lgan ilohiy ishq tarannum qilingan she`ru g`azallar ko`p. Ayrim adabiyotshunoslar hazrat navoiyning har bir baytidan tasavvufiy ma`no izlaydilar. Ammo, bu qanchalik to`g`ri ekan? Nahotki, bu g`azallarda madh etilgan ma`shuqa har doim Haqning timsoli bo`lsa?
Mana bu baytni har birimiz bilamiz:
O`n sakiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajabkim sarvinozim o`n sakiz yoshindadur.
Ehtimolning baytning birinchi misrasi tasavvufiy ma`no kasb etar. Ammo, ikkinchi misrani oshiqning Haqqa xitobi deb aytish mumkinmi? Rostdan ham shunday bo`lganida, Yaratganning azaliy va abadiy ekanligini yaxshi anglagan, bunga iymon keltirgan hazrat Navoiy uchun bu shakkoklik bo`lmasmidi?
Bu g`azalni o`qish asnosida tasavvufiy tashbehlardan ko`ra, ko`proq oshiqning navqiron mahbubasiga atalgan ishqiy nomasini eslatmaydimi?
Guli tarixiy shaxsmi?
Ko`pincha Navoiyning muhabbati haqida gap ketganla Guli nomi tilga olinadi. Ko`pgina oddiy odamlarning hazrat Navoiy haqidagi tasavvuri bundan 70 yillar burun yaratilgan “Alisher Navoiy” dramasi va shu nomli badiiy film asosida shakllangan. Unda Navoiy tilidan o`qilgan monolog va dialoglarni ham Navoiyning she`rlari sifatida biladiganlar ko`p.
Bu asarlardagi qahramon, Navoiyning sevgilisi Guli hayotda chindan yashab o`tganmi? Bu haqda aniq javob berish qiyin. Guli ismi faqat xalq og`zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Guli nomi Navoiyning hayoti haqida ma`lumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.
Gulining Husayn Boyqaro haramiga keltirilishi va Majdiddin tomonidan zaharlab o`ldirilishi ham asardagi ziddiyatni kuchaytirish maqsadida o`ylab topilgan badiiy to`qima xolos. Navoiyning barcha asarlarida uning Husayn Boyqaroga bo`lgan do`stligi va sadoqati yaqqol ko`rinib turadi. Agar shoh shoirning muhabbatiga to`g`anoq bo`lganida Navoiy unga bu qadar ixlos va ehtiros ko`rsatmagan bo`lardi.
Xadichabegim va Navoiy
Ushbu mavzu ham Navoiyshunoslar orasida ancha bahslarga sabab bo`lgani rost. Ba`zilar ayrim dalillar bilan bu ikki tarixiy shaxs o`rtasidagi nozik rishtalar borligini isbotlamoqchi bo`lishadi. Boshqalar esa, Xadichabegimdek zolim, badfe`l ayolni Navoiydek noziktab` va olijanob inson seva olmasligini aytishadi.
Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,
Mavjlug` daryo kebi oshufta ko`nglum qo`zg`alur.
Yig`lama, ey ko`z, nedin sohilg`a chiqmas kema deb
Kim, yoshing daryosidur har sarikim el ko`z solur.
Titrabon siymobdek ko`nglum, etar jon og`zima
Tund el tahrikidin har damki, daryo chayqalur.
Sabr ko`nglumda, ko`ngul ul oyda, ul oy kemada,
Vahki, borib telmurub ko`z, mungrayib jonim qolur.
Dam tutulg`andin o`lar eldek etibmen o`lgali
Surmasun deb kemasin baskim nafaslar asralur.
Kirma savdo bahrig`a olamdin istab sudkim,
Siym naqdi tushsa, lekin umr naqdi siyg`alur.
G`arq etar bahri fano g`am zavraqin, ey piri dayr,
Ilgiga chunkim Navoiy boda kashtiysin olur.