8-10 yanvar kunlari O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vaziri J.Xodjaev boshchiligidagi ishchi guruhi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida bo`lib, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish sohasida 2020 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tashabbuskorlar bilan uchrashdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan seminarda meva-sabzavot va uzumchilik sohasida yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, foydalanishdan chiqqan va lalmi erlarni o`zlashtirish, eksportbop qishloq xo`jaligi ekinlari ekishni ko`paytirishga doir masalalar muhokama etildi.
Seminarda Qashqadaryoda tajriba tariqasida Qamashi, Chiroqchi, Yakkabog` va Shahrisabz tumanlarida 1 tadan hamda Kitob tumanida 2 ta - jami 6 ta meva-sabzavotchilik yo`nalishidagi klaster korxonalarini tashkil qilish belgilandi. Viloyatda klasterlar tomonidan joriy yilda 28 ming tonnadan ko`proq qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish rejalashtirilgan. Shundan 10 ming tonnasi qayta ishlashga qaratilgan bo`lsa, yana 10 ming tonnasi ichki iste`molga mo`ljallangan.
Tashabbuskorlar tomonidan bog` va tokzorlarda agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida o`tkazish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashishda amaliy tavsiyalar beradigan agronomlarning etishmasligi, fermerlar uchun muntazam ravishda o`quv kurslarini tashkil qilish va klaster korxonalarini aylanma mablag`lar bilan ta`minlash mexanizmini joriy qilish zarurligi ko`rsatib o`tildi.
Ushbu klasterlarga tumanlardagi 2099 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan 416 ta fermer xo`jaligi biriktirilib, 315 gektar maydonida yangi bog`larni tashkil qilish hisobiga o`rik, shaftoli va gilos mevalarini etishtirishga ixtisoslashtirish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Qamashi tumanida yiliga 9 ming tonna meva sabzavotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo`lgan “Agro Vastok” MChJ ishtirokida qayta ishlash va qadoqlash klastari tashkil etilmoqda, ushbu klaster 24 gektar maydonda tokzor barpo etgan.
Kitob tumanidagi “Bog`izor Varganza” MChJga ixtiyorida 502 gektar uzumzorlar ega bo`lgan korxona negizida meva-sabzavotchilik klasterini tashkil qilish kelishib olindi.
Ishchi guruhga klasterlarga ajartilgan er maydonlarida ekinlarni turlari va navlari bo`yicha to`g`ri joylashtirish hamda ekinlarni ekish va mahsulot etishtirish grafiklarini ishlab chiqish vazifalari yuklatildi.
Bundan tashqari tanlab olingan klasterlar 2020 yilda 7,2 mln AQSh dollar qiymatidagi eksportni amalga oshirish bo`yicha
(o`tgan yilga nisbatan 4,8 marta ko`p) eksport grafigini ishlab chiqish topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari viloyatning Yakkabog` tumanidagi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan “SHarofat ona qahramon” MChJ klasteri faoliyati bilan tanishdilar.
Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Jamshid Xodjaev, shuningdek, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani “Abdulla bobo o`g`li Baxtiyorbek” MChJ, “Fazliddin oltin doni” fermer xo`jaligi, “Sherobod agro impeks” MChJ, meva-sabzavot klasterlari rahbarlari va ularga biriktirilgan fermer xo`jaliklari faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvda soha mutasaddilari, bog`dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaliklari, qayta ishlovchi va eksportyor korxonalar rahbarlari uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish borasida fikr-mulohazalarini bildirdilar.