Tabiatdagi ham qo`rqinchli ham go`zal 35 ilon (1-qism)

Dunyo 11.02.2015, 16:09
Tabiatdagi ham qo`rqinchli ham go`zal 35 ilon (1-qism)

“Tabiat mo`jizalarga boy” deb bejizga aytilmaydi. Undagi har bir jonzot o`z vazifasiga, o`z ko`rinishi, rangi va xarakteriga ega. Ba`zilari inson hayoti uchun nihoyatda havfli biroq baribir ularni ko`rganda, inson Yaratganning buyuk qudratiga tasannolar aytmay iloj yo`q. Tabiatdagi ana shunday jonzotlardan biri ilonlardir. Ilonlar ichida zaharli va bezararlari mavjud bo`lib, ularning aksariyati tog`lar, chakalakzorlar, o`rmonlar, sahrolarda istiqomat qiladi. Aytish lozimki, har bir mamlakatda ilonlarning ma`lum bir turi tarqalgan bo`lib, ularni boshqa o`lkalarda uchratish qiyin. Chunki ular ham boshqa ko`plab jonivorlar kabi, o`zi yashaydigan joyning havosi, iqlimiga o`rgangan bo`ladi. Bugun e`tiboringizga bir qarashda insonni daxshatga soluvchi ammo tabiatan go`zal bo`lgan bir qator ilonlarni havola etamiz va ular bilan sizni tanishtiramiz. Sizga qiziq bo`ladi, degan umiddamiz. Fikrlaringizni kutamiz.

1. Jeymson Mambasi. Chamasi 2 metr uzunlikkacha katta bo`ladigan bu yashil ilonning zahri juda kuchli. U o`z o`ljasini zaharlagach o`lja sekin ammo, bo`g`ilgan holda jon taslim qila boshlaydi. Nafas yo`llaridada havo etishmasligi, tanadagi qon aylanish sistemasining buzilishi uning muqarrar o`limiga olib keladi. Jeymson Mambasi asosan Afrikada uchraydi.

2. Kamalak ilon. Bu ilon turi Janubiy Afrikada yashaydi. Amazonka atrofida bunday ilonlarni ko`plab uchratish mumin. Mayda jonivorlarni ov qiladi. Kamalak ilonlar zaharli ilonlar toifasiga kirmaydi, ammo jahli chiqqan mahal tishlashi va tashlanishi mumkin.

3. Shoh ilon. Shoh ilon deb nom olgan bu ilon turi Meksika, Texas kabi mamlakatlarda uchraydi.

4. Uzum ilon. Venesuelada yashaydi. Tabiatan go`zalligi va zararsizligi sababli ko`pincha hayvonot bog`lari yoki terrariumlarda saqlanadi. Albatta, agar chaqsa o`zingizni biroz yomon his qilasiz, ammo bu o`limga olib kelmaydi. Eng asosiysi vaqtida chora ko`rish.

5. Uzunburun ilon. Shimoliy va Janubiy Amerika uning vatani sanaladi. Aytish kerakki u ham inson uchun butunlay bezarar. Aksincha, u baland ovozdan yoki kutilmagan holatlardan qo`rqadi. Shunday holatda u og`zidan badbo`y suyuqlik sachratadi va juftakni rostlab qoladi. 

6. Sariq semiz ilon. Uni yana ikki rangli pelamida, deb ham atashadi. U akvatoriyalardagi sho`r dengizda istiqomat qiladi. Zahri o`ta havfli. Bu ayni turdagi havoni terisi ostiga g`amlab, suv ostida ana shu havo orqali havo oluvchi yagona ilon turi sanaladi. Suv yuzasiga juda kamdan-kam chiqadi. Asosan dengiz ostidagi o`tlar orasida yashaydi. 

7. Kamalak qalqondum ilon. Janubiy Amerikada yashovchi juda kam uchraydigan ilon turlaridan biri. Aytish lozimki, shu kungacha bu tur vakillaridan 3 donagina tutib olingan. Olimlar tomonidan uning hayot tarzi yaxshi o`rganilmagan. Shu sababli uning zaharli yoki zaharsiz ekani haqida biror narsa deyish qiyin. Quyosh nurida uning terisi zangori ko`k yoqut singari tovlanadi. 

8. Texas iloni. Odatda uning rangi oq bo`ladi. Nomidan ham bilish mumkin, u Texasda va Meksikada yashaydi. Zararsiz, zaharli emas, shu bilan birga u nihoyatda chiroyli. Bu ilon turi ham ko`plab terrariumlarda saqlanadi. 

9. Baydra, kalamush iloni. Bu sudralib yuruvchi jonivor xuddi buqalamun kabi o`z rangini o`zgartirish xususiyatiga ega. Qoyalar, kanonlarda in quradi. Bir martada 5 tadan 15 tagacha tuxum qo`yadi. 

10. Marjon rang albinos iloni. Bu ilon ham Texasda yashaydi. Zaharli. Uning terisi antiqa naqshlar bilan “bezatilgan”.

11. Marjon rang ilon. Indostan yarimorolida uchraydi. Zaharli ilonlar turiga kiradi. Kaltakesaklar bilan oziqlanadi. 

12. Qizilbosh ilon. Vetnam, Malayziya va Indoneyziyada uchraydigan nihoyatda zaharli va nihoyatda chiroyli ilon turi. U boshqa ilonlar bilan oziqlanadi. Hayoti davomida uzunligi 2 metrdan ham oshadi. 

13. Gilam ilon. Zamonaviy mutaxassislar uni Bilayn kompaniyasi uslubidagi ilon, deb ham atashar ekan. Chunki uning rangi aynan kompaniya foydalanadigan sariq va qora rangda. Avstraliya va Indoneyziyada uchraydi. Ushbu ilon zaharli emas, ammo insonga tashlanishi va bo`g`ishi mumkin. 

14. Mellendorf iloni. Mellendorf deb nomlanuvchi bu ilon turi Janubi-sharqiy Osiyoda uchraydi.

15. Bo`yinbog`li shoh ilon. Bu ilon AQSh va Meksikada yashaydi. Ularning bosh qismidagi rangi kulrang va och jigarrang tusda, tanasining oxiriga kelib esa bu ranglar asta sekin qizil va olov ranglariga aylanadi. 

16. Oddiy bo`yinbog`li ilon. Bu ilon tirik tug`adi. 8-12 oylik ilonlar voyaga etgan sanaladi va ular bir marotabada 8 tadan 62 tagacha tirik ilonchalarni dunyoga keltiradi. Bolalarining uzunligi 130 dan 220 mm.gacha bo`lib, og`irligi 2 grammni tashkil etadi. Homiladorlik davri 67-78 kunni o`z ichiga oladi.

17. Tiknakli ilon. Markaziy Afrikada yashaydi. O`ta zaharli ilonlar sinfiga kiradi. U ham tirik tug`adi. 

18. Malay moviy krayt iloni. Janubi-sharqiy Osiyo, Indoneyziyada yashaydi. Inson uchun nihoyatda havfli. Aksariyat hollarda u tishlagan odamlar qilingan muolajalar, zaharga qarshi berilgan dorilarga qaramay, nobud bo`lgan. U tunda ov qiladigan yirtqich ilonlar sirasiga kiradi. Shu sababli uni faqat kechasi uchratish mumkin. 

19.Sut ilon. Uning fandagi nomi Lampropeltis triangulum. Shoh ilonlar turkumiga kiradi. U dunyodagi eng chiroyli ilonlardan biri sanaladi. Tanasida oq, qora, qizil ranglar mavjud. 

20. Zumrad daraxt iloni. Bu ilon turi daraxtlarda yashaydi. Shu sababli ham uni Zumrad daraxt iloni deyishadi. Amazonka, Janubiy Amerikada yashaydi. Odatda yosh ilonlar yashil-sariq aralash rangda bo`ladi. Voyaga etgan ilonlar esa tovlanuvchi yashil tusga kiradi. Juda kam harakat qiladi. Bir martada 26 tagacha tuxum qo`yadi. Tuxumlari ochib chiqmaguncha ularning atrofini o`rab kulcha shaklida yotaveradi. 

21. Aspid iloni. Bugungi kunda bu ilonlarning 347 turi borligi aniqlangan. Shimoliy Amerikada keng tarqalgan. Uzunligi 1 metr atrofida. Agar u insonni chaqsa, bu o`lim bilan yakun topadi. Ilon chaqishidan so`ng, inson tanasida aqlga sig`maydigan hodisalar yuz beradi va u 7 daqiqa ichida nobud bo`ladi. U dunyodagi eng zaharli ilonlardan biri sanaladi. Aytish kerakki, bunday ilonlar dunyoda bir nechta holos.

22. Qum efasi. Osiyo va Afrikada uchraydi. Ushbu ilon ham o`ta zaharli. Aytish kerakki, Afrikada chetlarda yashovchi aholi orasida aynan mana shu ilonning zahri tufayli ko`plab odamlar nobud bo`ladi. Uzunligi 75 santimetrgacha etadi. Ushbu ilon turi ham tirik tug`adi. Bir marotabada u 3 tadan 16 tagacha uzunligi 10-16 santimetr bo`lgan ilonchalarni dunyoga keltirishi mumkin.

23. Afrika bumslangi. Afrikada uchraydi. Chiroyli va kamyob ranglarga ega bo`lishiga qaramay, o`ta zaharli ilon. Uzunligi 2 metrgacha etadi. Olimlar uning chaqishidan so`ng odam 15 daqiqa ichida o`lishini, 1 daqiqadan so`n esa insonda falajlik holati yuzaga kelishini aniqlashgan. 

24. Zog`ora ilon. Olimlarning ta`kidlashlaricha ilonlar orasida pushti rangdagilari juda kam uchraydigan holat sanaladi. Aynan zog`ora ilon ana shunday teri rangiga ega. U zaharli emas, odam uchun havfsiz. Aytish lozimki, uning bolalarining rangi biroz boshqacharoq bo`lishi ham mumkin. Masalan pushti-sariq, pushti-olovrang va hokazo. Bu ilon turi ham terrariumlarda saqlanadi. 

25. Madagaskar barg iloni. Bunday nom ularga bosh tuzilishining g`aroyibligi tufayli berilgan. Uning bosh qismi bargni eslatadi. Tabiatda 75-80 turi uchraydi.

26. Paypaslagichli ilon. Bu ilonning boshidagi o`simtalar unga atrofdagi harakatlanayotgan jonzotlarni aniqlashga yordam beradi. Asosan baliqlar bilan oziqlanadi.

27. Jannat uchar iloni. Janubi-g`arbiy Osiyoda uchraydi. Bu ilon daraxtdan daraxtga uzoq masofadan uchib sakray oladi. Uchish chog`ida uning tanasi ikki marta kattalashadi. 

28. Fil hartumi iloni. Boshqacha nomi Yavan soqolli iloni. Bu ilon baliqlar bilan oziqlanadi. U ustki qismi silliq bo`lgan baliqlar qiyinchiliksiz tutib eydi. Burishgan terisi ayni holatda unga juda qo`l keladi. Aniqlanishicha, uning zahri ham juda havfli. Ushbu ilon chaqqan kishilarning barchasi nobud bo`lgan. 

29. O`rgimchak dum ilon. Ilonlarning bu turi yaqindagina, 2006 yili kashf etilgan. Eronning ikki provinsiyasi Ilam va Kermanshaxda yashashi aniqlangan. Uni ilk bor ko`rgan olimlar hayratdan yoqa ushlab qolishganini aytishgan. Sababi, uning dumining so`nggi qismi xuddi katta o`rgimchakka o`xshaydi. Aynan shu narsa unga shunday nom berilishiga sabab bo`lgan. Bu qushlarni ovlashda juda qo`l keladi. O`rgimchakni eyish istagidagi qush erga qo`nadi va shu tobda o`tlar orasida yotgan ilon chiqib o`z o`ljasini tutadi. 

30. Dengiz yapasqidum krayti. Odatda bu baliqlar odamlarga ular baliqni ovlamasliklari uchun tashlanishi aniqlangan. Chunki u faqat baliq bilan oziqlanadi. U Tinch okeanining Ryuko va Samoa orollarida uchraydi. Uzunligi 2 metrgacha etadi. Zahri o`ta havfli. Bu ilonning zahrining 1 tomchisi 20 kishini bir necha daqiqada o`ldira oladi. 

31. Ko`zoynak ilon. Bosh qismida ikki tomonga o`sgan qalpoqlari ustidagi ikki doira shaklidagi ko`zoynakni eslatuvchi naqsh unga shunday nom berilgan. Shimoli-sharqiy Osiyoda uchraydi. O`ta zaharli ilon.

32. Ko`r ilon. Madagaskarda uchraydi. Yaqin yillar ichida o`tkazilgan tadqiqaotlar ularning butunlay ko`r emasligini tasdiqlagan. Uzunligi 30 santimetrgacha etadi. 

33. Bulanje uzunburun iloni. Lotin tilida Rhynchophis boulengeri deb nomlanuvchi bu ilon Vetnam va Janubiy Xitoyda yashaydi. Kalamush va sichqonlar bilan oziqlanadi.

 

34. Kiprikli ilon. Lotin tilida u Bothriechis schlegelii deb nomlanadi. Markaziy va g`arbiy Amerikaning tropik o`rmonlarida uchraydi. Ko`rish qobiliyati juda kuchli. Boshqa ilonlardan ko`zlari ustidagi qattiq va mustahkam kipriklarining borligi bilan farq qiladi. Kipriklar uning ko`zlarini himoyalash uchun xizmat qiladi. 

35. Shoh kobrasi. Bu ilonlarning chaqishidan xatto fil ham bir zumda jon beradi. Ammo insonni chaqqanda o`lim holati 10 foiznigina tashkil qilar ekan. Bunga sabab ular havf sezgan holatlarida chaqishdan oldin bir qator harakatlarni amalga oshirishadi. Masalan, yo`lbars kabi bo`lmasada, uning ovoziga o`xshash tarzda baqiradi, u yoqdan bu yoqqa o`tib, qo`rqitishga harakat qiladi. Odatda bu ilonlar chaqqanlarida tishlaridan zahar chiqarishmaydi, aynan shu sababli ham o`lim holati kam kuzatilgan. Agar tishlash vaqtida zahar chiqsa bu o`lim bilan yakun topishi aniq. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1