1

Ekojurnalistika tanlovi g`oliblari aniqlandi

Jamiyat 13.02.2015, 12:33
Ekojurnalistika tanlovi g`oliblari aniqlandi

Poytaxtimizda O`zbekiston ekologik harakatining 2014 yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlik guruhi oldida turgan dolzarb vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo`mitasi raisi B.Alixonov, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi direktori A.To`raev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida atrof-muhitni muhofaza qilish, ma`naviy-axloqiy tarbiyani yanada takomillashtirish, aholining ekologik dunyoqarashi va madaniyatini shakllantirish doimiy e`tiborda ekanini ta`kidladi.
Hisobot davrida O`zbekiston ekologik harakati joylarda ko`plab amaliy-tahliliy tadbirlar o`tkazdi. Xususan, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik ta`lim va tarbiya tizimini rivojlantirish yo`nalishida yuzga yaqin uchrashuv tashkil etildi. Ekoharakat huzuridagi "Ishonch telefoni” faoliyati yanada jonlantirildi. Fuqarolardan kelib tushgan besh yuzga yaqin murojaatni o`rganish maqsadida qator reydlar o`tkazildi. Natijada murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilindi.
Ekoharakat o`z atrofida 122 ekologik va 132 tibbiyot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotini birlashtirgan, ular safini yanada kengaytirish borasida ishlar davom ettirilayotir. Atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarini amalga oshirish bo`yicha 2015-2016 yillarga mo`ljallangan harakat dasturi hayotga tatbiq qilinmoqda. 
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ekologiya mavzusini yoritishdagi professional salohiyatini oshirish, ekolog jurnalistlar ijodini ko`llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan 13-Respublika ekojurnalistika tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi ham bo`lib o`tdi.
Mazkur tanlov O`zbekiston ekologik harakati, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi axborot xizmati, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O`zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari ekoforumi hamkorligida o`tkazildi.
“Televidenie”, “Radio”, “Bosma OAV”, “Internet nashrlari” nominasiyalari bo`yicha o`tkazilgan tanlovga yuzga yaqin muallifning 2013 yilning 1 dekabridan 2014 yilning 30 noyabriga qadar ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan va efirga uzatilgan 400 dan ortiq ijodiy ishi taqdim etildi.
Tanlov doirasida O`zbekiston ekologik harakati tomonidan Global suv hamkorligi tashkilotining Markaziy Osiyo va Kavkaz tarmog`i bilan hamkorlikda “Suv – bu hayot” maxsus nominasiyasi va Ekojurnalistika tanlovi tashkiliy qo`mitasi Xalqaro tog`lar kuni munosabati bilan e`lon qilgan «Tog` ayollari» maxsus nominasiyasi g`oliblari ham aniqlandi.
Tanlov g`oliblariga diplom va sovg`alar topshirildi.

uza.uz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1