1

Markaziy saylov komissiyasida Senat a`zolari ro`yxatga olindi

Siyosat 17.01.2020, 22:51
Markaziy saylov komissiyasida Senat a`zolari ro`yxatga olindi

Joriy yilning 17 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov olib bordi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Majlis kun tartibidan  O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolarini ro`yxatga olish va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Senatining birinchi majlislarini chaqirishga oid masalalar ko`rib chiqildi.

O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, Senat a`zolarining saylovi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o`tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari e`lon qilinganidan keyin Senat a`zolarini saylash uchun qo`shma majlislar o`tkazilishini e`lon qiladi.

Ushbu qoidalarga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolari saylovi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo`shma majlislari 2020 yilning 16-17 yanvar kunlari o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi qo`shma majlislarning bayonnomalari asosida Senat a`zolarini ro`yxatga oladi. Ro`yxatga olishdan keyin ularga guvohnoma va ko`krak nishonlarini topshiradi.

Majlisda 2020 yil 16-17 yanvar kunlari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga o`tkazilgan saylov yakunlari to`g`risidagi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining qo`shma majlislari bayonnomalariga asosan Oliy Majlis Senati a`zolari ro`yxatga olindi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Senatining birinchi majlilarini chaqirishga oid masala ham ko`rib chiqildi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 81-moddasiga va Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senatining birinchi majlislari 2020 yil 20 yanvar kuni Toshkent shahrida chaqirilishi belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1