Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi kuni Yoshlar ijod saroyida Yoshlar madaniyat va san`at markazi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O`zbeknavo” estrada birlashmasi hamkorligida “Nima qildik Vatan uchun?” nomli gala konsert o`tkazildi…
Mazkur konsertni o`tkazishdan asosiy maqsad - Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludini nishonlash, mamlakatimiz yoshlarini Vatanga muhabbat, mustaqillik g`oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va fidoyilik ruhida tarbiyalash, yoshlarda yuksak badiiy didni shakllantirish. Shuningdek, madaniyat va san`at sohalarini tizimli ravishda qo`llab-quvvatlash, ijodkorlarning faoliyatini keng targ`ib etish maqsadida o`tkazildi. Shu sabab gala konsertda 31 ta xonanda va o`sib kelayotgan yosh avlodning iste`dodini kashf etish va intilishlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida o`tkazilgan “Mana-men!” televizion loyihasi g`oliblari tomonidan Vatanimizni tarannum etuvchi qo`shiqlar kuylandi.
Ma`lumot uchun: Tadbirni xonandalar Samandar Hamroqulov, Sardor Rahimxon, Dilnoza Ismiyaminova, Madina Mumtoz olib borishdi. Konsertga tashrif buyurgan yoshlar bilan Vatan haqida savol-javobli viktorina o`tkazildi. Yurtimiz haqida to`la ma`lumotga ega yoshlarga esdalik sovg`asi sifatida kitoblar taqdim etildi.





