Qirol Lirning dardi, Otelloning rashki, Mirzo Ulug`bekning zakovati, Amir Nasrulloning qahri, “Maftuningman”dagi Bakirning xonishlarini bir yodga oling-a... Bu ro`yxatni uzoq davom ettirmasakda teatr va kino san`atida o`ziga xos o`ringa ega aktyor ko`z o`ngingizda gavdalanadi. Anglaganingizdek, bugun O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat instituti “Aktyorlik va rejissyorlik mahorati” kafedrasining professori, O`zbekiston xalq artisti Turg`un AZIZOV 80 yillik hayoti va 61 yillik ijodiga nazar tashlaydi...
“Onam olib qo`yadigan sut hanuz yodimda”
— Bolaligimni juda yaxshi xotirlayman. Otam xizmatchi, onam uy bekasi edi. O`n bir farzand edik, hozir ettovlon qoldik. To`ng`ich o`g`ilman. Opam bilan akam vafot etgani ois menga Turg`un, deb ism qo`yishgan. Afsuski, ukam Hasanxon ham olamdan o`tib qoldi. Urush yillarida voyaga etganim, o`sha vaqtdagi qiyinchiliklarni ko`rganim bois hozirgi dorilamon kunlarimizga beixtiyor shukrona aytaman. Oilamiz katta bo`lgani sabab, yashash uchun kurash oson kechmagan. Biroq uyimizda qo`y, sigir bo`lgani bois sut mahsulotlaridan qiynalmasdik. Hanuz yodimda, onam kechqurun sigir sog`ib, har birimiz uchun kosada sut olib qo`yardi. Erta tongdagi nasibamiz shu sut bilan boshlanardi.
“Ijodimda Toshxo`ja Xo`jaevning yordami katta”
— O`sha davrdagi qonun-qoidaga ko`ra maktabga to`qqiz yoshdan qabul qilinardi. Otam meni rus maktabiga bermoqchi bo`lganida onam qarshilik qilgan. Otam ikkita tilni bilish foydadan xoli bo`lmasligini obdon tushuntirgachgina onam fikridan qaytgandi. Mahallamizda rus bolalar bilan do`stlashganim uchunmi 48-sonli rus maktabida o`qiy boshlaganimda bu tilida fikr yuritishim oson kechgan. O`zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutiga o`qishga kirganimda o`zbek tilida gapirishga qiynalganman. Hatto imtihonga ham Simonovning “Russkiy vopros” asaridagi “Smit” monologini tayyorlab borib, o`qishga qabul qilinganman. Lekin qabul hay`atidagilar “bu yigitning kamchiligi rusiyzabon ekanligida”, deyishganda professor Radun “O`zbek tilini tez orada mukammal o`rganib olishiga ishonaman, dunyo durdonalari rus tilida ekanini hisobga olsak, rus tilini bilgani foydali”, degandi. Baxtim shundaki, rejissyor, O`zbekiston xalq artisti Toshxo`ja Xo`jaevdan tahsil olish nasib etgan. U kishi har kuni menga rus tilidagi asarlarni o`zbek tiliga tarjima qildirib, shu tariqa o`zbek tilini o`rgatgan.
Otam iqtisodchi bo`lishimni istagani uchun san`at sohasini egallashimga qarshilik qilgan. Kunlarning birida ammamning qizi Ma`mura opam uyimizga kelganida, teatr haqida gapirib qoldi. U vaqtlarda avvalgi O`zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutida o`qirdi. Meni institutiga taklif qilganida, Nozim Hikmatning “Farhod va Shirin” asarini ko`rib, teatr san`atiga nisbatan qalbimda iliqlik paydo bo`lgandi. Aslida teatr haqidagi ilk taassurotni 8 yoshimda olgandim. Uydagilar “Abrorni o`ynagan rolini ko`rish uchun teatrga boramiz”, deb qolishdi. Shu o`rinda aytib o`tishim kerakki, O`zbekiston xalq artisti Abror Hidoyatov va rejissyor Yo`ldosh A`zamov tog`alarim. Tabiiyki, “men ham boraman!” deb yaxshigina to`palon qilganman. Eng qizig`i, “Otello” spektaklini ko`rib, hech nimani tushunmaganman. Faqatgina qora tanli odam chiroyli oppoqina ayolni bo`g`ib o`ldirgandi, xolos (miriqib kuladi
Televideniedagi ilk spektaklda rol o`ynagshanman
Ijodimda televideniening o`rni beqiyos. Boisi har hafta jonli ijroda yangi asar suratga olinardi. Shaxsan meni xalqqa tanishtirgan ham televidenie! Bu erda ikki yuzdan ortiq katta-katta rollar ijro etganman. Yodimda, uchinchi bosqichda o`qiyotganimda Chexovni “Vanya tog`a” asarini diplom spektakliga tayyorlayotgan kezlarimiz edi. Televideniening birinchi bosh rejissyori Armug`on Muhammedov mana shu spektaklimizning uchinchi kartinasini ekranga olib chiqqan. Va “Baxtli san`atkorsizlar, televidenieda ilk bor namoyish etilgan spektakl aktyorlarisiz, shu bilan TV tarixida qolasizlar”, degandi.
1954 yili Toshxo`ja Xo`jaev Oybekning “Qutlug` qon” spektaklini sahnalashtirayotgandi, o`shanda o`n uchta talaba ommaviy sahnalarga jalb qildi. Teatrning birinchi vakillari bo`lgan buyuk aktyorlar bilan uchrashish, birga ishlash nasib qilgan. O`zbekiston xalq artistlari To`ti Yusupova, Rixsi Ibrohimova va rahmatli Turg`un Xolto`raev va men teatrga deyarli bir vaqtda qadam qo`yganmiz. O`sha ommaviy sahnalardagi ijroimizni ko`rgan ustoz san`atkorlar, teatr direktori Sora Eshonto`raevaga “shu talabalarni teatrda olib qolish kerak”, degan. Va bir yo`lini qilib, “yordamchi tarkib”, deya o`n kishini ishga qabul qilishgan. Shunda teatrdagi aktyorlar jamoasi umumiy 64 kishini tashkil qilgan. To bugungi kungacha shu son sira o`zgarmaydi, Sora opaning tartibiga bugungi kungacha rioya qilinib kelinadi.
Institut sahnasidagi Chexovning “Vanya tog`a”si ilk katta rolim bo`lgandi. Ikkinchisi Shillerning “Makr va muhabbat” asaridagi Ferdinand roli. Bu spektaklni ko`rgan hozirgi milliy teatr aktyorlari mazkur asarni shu teatr repertuariga kiritishgan. Faqatgina otam rolini Omon Yoqubov, ledi Milfredni esa Zaytuna Tojiboeva ijro etgan. O`shandan so`ng teatrda o`z o`rnimni topa boshladim. Kunlarning birida Toshxo`ja Xo`jaev “senga bir rol topib qo`ydim, tez orada sahnalashtiraman” deb, Monserro haqida gapirdi. “O`limdan kuchli” asaridagi fojiaviy darajadagi bu rol o`zimga nasib etdi. Yozuvchi Usmon Azim haligacha “shu rolingizni talabaligimda ko`rgandim, haligacha sog`inaman”, deb qoladi. Bu rolni barchaga manzur kelishining boisi rolimning so`zi kam, jim turib yuz harakati, nigoh bilan holat ochib beriladi. Aynan shu rol Mirzo Ulug`bek, Otello, Qirol Lir kabi katta-katta rollarni ijro etishimga ko`prik vazifasini o`tagan. Hozirgacha bozorga borsam, “ana, Otello kelyapti”, deyishadi. Yo`qsa, bu rolni 49 yoshimda o`ynaganman. Eshitib hayron bo`laman, axir bu Shekspirning asari bo`lsa, Otello qora tanli odam, men o`zbek farzandiman-ku (kuladi).
Prezidentimizga ming rahmat, teatrimizni qayta kapital ta`mirdan chiqarib, bir qator sharoitlar yaratilishiga bosh-qosh bo`ldilar. Teatrimizning har bir xodimi uchun muayyan imtiyozlar yaratib berildi. Bu e`tibor va g`amxo`rlikka yarasha talabga javob beradigan asarlar sahnalashtirib, zamon qahramonlarini yaratib, Prezidentimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
“Professorlik darajasiga erishganimdan buyon institutdaman”
— Yosh o`tgandan so`ng teatrda rollar kamayadi. Shunday kunlarning birida poliklinikaga borgandim, akademik Mamajon Rahmonovni uchratib qoldim. U kishi “ertaga sizni institutda kutaman”, dedi. O`zbekiston Davlat madaniyat va san`ta institutiga borsam, “talabalar bilan tajribangizni bo`lishsangiz”, dedi. Rozi bo`lib, pedagog sifatida dars o`tishni o`rganishim uchun tajribali pedagogni biriktirishlarini so`radim. So`ng kafedra mudiri Tursunboy bilan ish boshlab, 33ta talabani o`qitishni boshladik. Yarim yil o`tib guruhni ikkiga bo`ldik va menga 16 talaba berildi. Kunlarning birida juda tajribali pedagog Munavvara Abdullaevani ko`rib qoldim-da, men bilan ishlash taklifini bildirdim. Shu tariqa birga ishladik. Aktyorlar Behzod Muhammadkarimov, Madina Muxtorova, Abdurayim Abduvaxobov, Ravshan Jo`raev, Fotix Jalolov ham bizning qo`limizda tahsil olishgan. Sakkiz yil ishlab, teatrda yumush ko`paygach institutdan ketgandim. Oradan vaqt o`tib, yana chaqirtirishdi-da, Shuhrat Abbosovning o`rniga kafedra mudiri qilib tayinlashdi, domlaning fotihalarini olib, to`qqiz yarim yil ishladim. O`n besh yil avval professorlik darajasiga erishganimdan buyon institutdan sira qo`yvorishmayapti.
“Rafiqam o`n yil avval vafot etdi...”
- Hanuz yodimda 10 sinfda o`qib yurgan kezlarim, qadrdon do`stim Valya “seni bir o`zbek qizi bilan tanishtirib qo`yaymi?” deya Roza bilan uchrashtirgandi. Ko`nglimizda bir-birimizga nisbatan iliqlik paydo bo`ldi, shekilli, uchrasha boshladik. Kunlarning birida “qaysi soha egasi bo`lmoqchisiz?” degan savoliga hazillashib “razvedkachi”, deb qo`ya qolgandim. Ertasiga qo`ng`iroq qilsam, javob bermadi, qisqasi o`shanda Rozani yo`qotib qo`ydim...
Roza qaerdaligini Valyadan so`rasam, rus tilini yaxshi biladigan talabalarni Moskvaga o`qishga olib ketishganini aytib qoldi. Institutning uchinchi bosqichini tamomlab, yozgi ta`tilga chiqqan vaqtimiz, ukam bilan hozirgi Alisher Navoiy nomidagi milliy bog`ga cho`milishga bordik. Kutilmaganda Rozani ko`rib qoldim, sohilda suhbatlashdik. Munosabatlarimiz yana tiklandi. Bir kuni betob bo`lib yotganimda, meni ko`rgani uch qiz uyimizga keldi. Onam Maktuba xolamga imlab, “Buxoroni ziragini taqib olgan qiz kelinim bo`ladi”, degan ekan. O`shanda yuragimdagi istakni to`g`ri topgan (samimiy jilmayadi).
Domlam Toshxo`ja Xo`jaev Rozani sevishimni va u Moskvada o`qiyotganini kimdandir eshitgan ekan. Bir kuni “Turg`un, men bilan Moskvaga ijodiy safarga borasanmi?” deb qoldi, albatta qulay fursatdan voz kechmadim (kuladi). Onam otamdan chipta uchun pul so`raganida, u kishi “onasi, to`yga tayyorgarlik ko`raver, sevgan qizini oldiga ketyapti”, degan ekan... Shu tariqa 1957 yili Roza bilan oila qurdik.
To`ydan keyin, bitta farzandli bo`lgach, Roza 1937 yilda otasi Abdulla Qodiriy bilan bir kunda otilganini aytib berdi. Shu sabab “razvedkachi bo`laman”, degan qarorimni hazm qilolmagan ekan.1958 yili qizim Nigoraxon, 1960 yili o`g`lim Abrorxon tug`ildi. Hozirgi kunda 4 nabira, 3 evaram bor. Rozaxon o`n yil avval qandli diabed kasalligi sabab vafot etgan.
9 yanvar — yolg`on arafa kuni edi. Roza “Abrorxon osh pishirib sizni kutadi”, deb qo`yarda qo`ymay o`g`limiznikiga jo`natdi. O`g`lim palovni endi dasturxonga qo`ygandi hamki, telefonim jiringlab, Rozaning axvoli og`irlashganini aytishdi...
“Abror Hidoyatovning haykali hayotimda tub burilishi yasadi”
— Tog`amning haykali sabab, umr yo`lida elkadosh bo`ladigan insonni qayta topdim. Aniqrog`i, O`zbek Milliy akademik drama teatrini ta`mirlash jarayonida ustalar tog`am Abror Hidoyatovning haykaliga tegib ketib, sindirib qo`yishgan. Shunda rassomimiz “bir haykaltarosh tog`angizning haykalini yasayotganini eshitgandim. Lekin yaqinda olamdan o`tib qoldi. Surishtiray-chi, balki ishni tugatishga ulgurgandir”, deb qoldi. Ertasi kuni “faqat quyish ishi qolgan ekan”, dedi. Usta topib, o`sha chala ishni oxiriga etkazdik. Kutilmaganda teatrga ikkita begona ayol meni so`rab keldi. Bilsam, vafot etgan ustaning qizi va nabirasi ekan. “Otamning ishini yakunlab, Abror Hidoyatovni haykalini teatrga qo`yganinglar uchun rahmat aytishga keldik” deb qoldi. Oradan vaqt o`tib, bu ayolning yolg`izligini bilib, oila qurish taklifini dangal aytdim. Ikki oydan keyin Munavvarxon bilan oila qurdik...
Turg`un Azizovning eslashni istamaydigan xotiralari
— Onamning qorin sohasida “grija”si bo`lgan, biroq o`zi ham bilmagan. Jarroxlik amaliyoti o`tkazilgan-u, lekin shamollab qolib qayta oyoqqa turolmadi... Oradan o`n yil o`tib, otam ham kasallik tufayli vafot etgan.
Kasbim sabab, otamni davolash stasionariga biriktirib qo`yishganda, “onasi, Turg`unning ishi ham yomon emas ekan”, deganini onam aytib bergan. 49 yoshimdagina otam tanlagan kasbimdan rozi bo`lganini anglaganman. Aka-ukalar ota-onamdan alohida yashasak-da, har kuni bir dasturxonda tushlik qilishga odatlangandik. O`sha damlarni juda sog`inaman...
Bilasizmi?
- Turg`un Azizov 1934 yilning 30 noyabrida Toshkentdagi Saryog`chi (hozirgi Beshqayrag`och) mahallasida tug`ilgan.
- TVda 200ta, kinoda 36 ta rol ijro etgan.
- 1956 yili avvalgi O`zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yili hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan.
- 33 yoshida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
- Oradan olti yil o`tib, 39 yoshida O`zbekiston xalq artisti bo`lish nasib etdi. Shuningdek, “Mehnat-shuhrati” ordeni sohibi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Olim ARABAEV