O`z davrida “Dutorchilar” ansambli bilan kuylangan “Istar” qo`shig`i bugungi qahramonimizni o`z muxlislarini topishiga sabab bo`lgan. O`zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova haligacha o`sha damlarni kulib xotirlaydi. San`at axli esa xonandani G`anijon Toshmatov musiqasi, Gulchehra Jo`raeva she`ri bilan yozilgan “Baxtimdan” qo`shig`i orqali taniy boshlagan. Abduhoshim Ismoilov musiqasi va Turob To`la she`ri asosida kuylangan “Oybuloq” qo`shig`i, “Ishim bordir shu ohuda”, “Bilmam adashdimmi” qo`shiqlari Zamira Suyunovaning san`at olamdagi tashrif qog`oziga aylangan. U chindan ham san`at sohasini tanlab adashmagandi...
“Tug`ilgan sanam noto`g`ri yozilgan”
— Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi chekka qishloqda tug`ilganman. U paytlarda chaqaloqqa o`z vaqtida tug`ilganlik haqidagi guvoxnoma berilmagan. Shu sabab etti oydan so`ng 1958 yilning 27 iyulda tug`ilgan deb yozilgan hujjat berishgan. Aslida 1957 yilning 24 noyabrida dunyoga kelgan ekanman. Ancha yilardan so`ng otam bu haqda aytib bergan. Otam o`qituvchi, onam uy bekasi bo`lgan. O`n bir farzand — 7 qiz, 3 o`g`ilning beshinchisiman. O`n to`qqiz yoshida opam vafot etgach, o`n farzand qolganmiz. Lekin oilamiz tasavvur qilib bo`lmas darajada katta edi. Otam bag`rikeng bo`lgani bois bobomning vafotidan keyin barcha jigarlarini bag`riga olgan. Shu qatori onamning ikki ukasi ham bilan bir hovlida yashardik.
“Otam mendan ranjigandi”
— Opam bilan meni qonimizga san`at singigandi. Mendan ikki yosh katta Zulfiya opam rubob, dutor chalib, qo`shiq kuylashni bilardi. Men ham katta ashulalarni bilganimcha kuylardim. U vaqtlarda ota-onalar farzandining san`atkor bo`lishiga qarshi bo`lishardi. Lekin otam qiziqishimizni qo`llab-quvvatlab, ikkimizni Toshkentdagi Glier nomli musiqa maktabiga bergan. U paytda qo`shiqchilik yo`nalishi bo`lmagani uchun g`ijjak yo`nalishida o`qiy boshlaganman. Lekin g`ijjakka qiziqishim bo`lmagani sabab, xor-dirijyorligi yo`nalishiga o`tkazishgan. Hozir g`ijjak cholg`u asbobini chalishni o`rganmaganimga afsus qilaman. Opam esa violanchel yo`nalishida o`zi xohlamay o`qigan. 4-5 yil o`tib, otam “yoshligingda kuylaydigan ashulalaringdan aytib ber”, deganida bilganlarim ham xotiramdan o`chib ketganini anglaganman. O`shanda otam mendan ranjigandi.
“Rahbarlik charchatdi, chog`i...”
— 11 sinfni tamomlab, Toshkent Davlat Konservatoriyasining xor dirijyorligi yo`nalishiga topshirganman. U vaqtda “xonandalik yo`nalishiga hujjat topshirgin”, deydigan maslahatchi bo`lmagan-da. Lekin xor dirijyorligida o`qiganim kelajakda katta poydevor bo`lib, “Dutorchilar” ansamblida badiiy rahbarlik qilganimda asqotgan. 3 bosqichda o`qib yurgan kezlarim ustozimiz Shavkat Mirzaev ovozimni eshitib, “Maqom yo`nalishida o`qishingiz kerak”, deganida “O`qishni yana birinchi bosqichdan boshlaymanmi?” deb mslahatiga quloq solmaganman. 1978 yilining oxirida G`anijon Toshmatov rahbarligida “Dutorchilar” ansambli ochilayotgani va qabul boshlangani haqidagi e`lonni eshitib, opam va dugonalarim bilan birga sinovga borganmiz. “Tanovor 2” qo`shig`ini kuylab berib, badiiy kengashdan o`tib, ansamblga qabul qilinganman. Shu erda qo`shiq aytish sirlarini yanada mukammal o`rganganman. G`anijon aka qiziqishimni ko`rib, ansabmlni ko`pincha menga tashlab ketardi. O`rganish barobarida o`rgatish ham tajriba “zahira”mni to`ldirgan. 1981 yili o`qishni tamomlaganimda shu ansamblda ishda qolganman. Shu-shu xonandalik faoliyatim boshlangan. 1984 yili ansamblga musiqiy rahbar etib tayinlashdi. So`ng “hujjatlaringni tayyorla, unvon olishga topshiramiz”, deyishganida xijolat bo`lib, rad etganman. Hozir razm solib, yoshlarning unvon olishga shoshishlarini ko`rib hayratda qolaman. 1990 yili kamtarona ijodim ma`qul kelib, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlashdi. 1994 yili G`anijon aka vafot etganidan so`ng ansabmldagilarning talabi bilan badiiy rahbarlik qila boshladim. Agar 1979 yili “Dutorchilar” ansambli tashkil etilmganida, balki hozir xor dirijyori bo`larmidim...
Shukr, 1999 yili O`zbekiston xalq artisti unvoniga ega bo`ldim. Rahbarlik charchatdimi yo shaxsiy ijodimga vaqt qolmaganidanmi, tinimsiz takliflardan so`ng 2002 yili O`zbekiston Davlat Konservatoriyasiga ishga o`tdim. An`anaviy xonandalikdan dars berib kelyapman, dosentman.
“Farg`onaga kelin bo`lishni istamaganman”
— Turmush o`rtog`im bilan O`zbekiston Davlat Konservatoriyasida birga o`qigan bo`lsak-da, salom-alikdan u yog`iga o`tmaganmiz. Oramizda faqat hurmat bo`lgan. Ijodiy jamoamiz ham “turmush qursanglar zo`r bo`lardi-da!” deyaverishardi. San`atimni davom ettirishimga ruxsat tegmay qoladi, degan fikrda kech — yigirma etti yoshimda turmushga chiqqanman.
Turmush o`rtog`imga haligacha “qo`rqmasdan qashqadaryolik qizga ko`ngil qo`ygansiz-a?” deb kulaman. Yoshim katta bo`lgani uchun uyimdagilar uzoqqa kelin bo`lishimga qarshi bo`lishmagan. Bordi-yu, 22 yoshda bo`lganimda aksincha yo`l tutishardi. Lekin rahmatli qaynonam “shuncha uzoqdan kelin qilamanmi?” deganida, muxlisim bo`lishgani uchun qayniopalarim “nima qilibdi?” deya ukasining qarorini qo`llab-quvvatlashgan ekan. Ochig`i, Farg`onaga kelin bo`lmayman, urf-odati Qashqadaryonikiga to`g`ri kelmaydi, derdim.
Taqdir ekan! Turmush o`rtog`im dangalligi sabab, sevgi izhor qilmay, qo`limni so`rab qo`ya qolgan. Biroq bir yil ro`yxushlik bermaganman. Oxiri 1985 yili 4 sentyabrda Toshkentda, to`rt kun o`tib, Qashqadaryoda yana uch kundan so`ng Marg`ilonda to`y qilganmiz. U vaqtda videokameralar bo`lmagan, yodimda Tavakkal Qodirovning o`g`li kinoxronikaga olinadigan plyonkaga to`yimizni ovozsiz suratga olgan. Marg`ilonda o`n kun kelinlik vazifamni o`tab, so`ng poytaxtga qaytganmiz. Turmush o`rtog`im tez lovillaydigan, besabr, men esa aksincha. To`g`risi, bir-birimizga ko`nikishimiz oson bo`lmagan. Bizni biladiganlar “turmush o`rtog`ingizning fe`liga qanday chidaysiz?” deyishardi. Yashirmayman keskin gapirishi sabab, urush-janjallar ham bo`lgan. Oilada sabrning roli katta ekan.
Intervyularidan birida “Zamira fe`limga sabr qilganiga rahmat!” debdi. Yoshimiz ulg`aygach, ancha “yumshadi”, shekilli (samimiy kuladi). Shukr, baxtli hayot kechirdik, bir qiz, bir o`g`ilning ota-onasimiz, bitta nabiramiz bor. Zilola bilan Abdullox bizning yo`limizni davom ettirishdi. Qizim farzandi bilan qiynalgani uchun O`zbek Davlat drama teatrida etti oygina ishladi. Hozirda “Dutorchilar” ansamblida faoliyat yurityapti. Hayotdagi og`riqli nuqtam opamning vafoti edi, so`ng akam ham olamdan o`tdi. Vaqt o`tib, qizim yoshlikdagi sevgiga uchib, turmushi buzilgani sababli qattiq siqilgandim. Shukr bari ortda qoldi, ikkinchi bor oila qurdi, hayoti izga tushdi. Abdulloxni o`tgan yili aprel oyida uylantirdik. Baxtli oilamiz!
Zamira Suyunovaning armonlari...
“Unvonlar olganimni ko`rolmadi”
— Otam san`atimni juda yaxshi ko`rardi. Shu ma`noda birgina armonim unvonlar olganimni ko`rolmadi. Otam jigarlarining tashvishi bilan yashadi, bir qizini erga qo`ygani sabab g`am ancha qaddini bukib qo`ydi. Vafot etadigan kuni Toshkentdan Qashqadaryoga otamni ko`rgani borgandim. Yurak sezib, meni uyga etaklagan ekan. Eshigimizning yonida tez yordam mashinasi turardi. Uyga kirsam, shifokorlar otamni shifoxonaga olib ketish kerakligini aytishdi. Reanimasiyada yotganida gapirolmay qolgandi. So`nggi bor ma`noli qaragani hali ko`z oldimda turadi. 1987 yili ko`zimni oldida vafot etdi...
“Onam asta-sekin so`lgan...”
— Onam sira betob bo`lib yotgan emas, faqat kamqon edi. Tez-tez sanatoriyda davolanardi. So`nggi bor yotganida, xuddi yaqinda onamdan ayrilishimni bilgandek, sanatoriyda “Ona” haqida yig`lab qo`shiq kuylagandim. Taxikardiya — yurakning tezlashishi boshlanganida, o`tib ketadi, deb jiddiy qaramabman. Axvoli og`irlashgach, Tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib bordik. Bir shifokor qabul qilmay, ranjitgandi. Lekin shu kuni baribir onamni yotqizdim va komaga tushib qoldi. Shifokorni aytishicha, buyragi ham ishdan chiqqan ekan. Demak, sekin-asta so`lgan... 2010 yilda olamdan o`tdi.
O`sha vaqtlarda qurilish qilayotgandik. Onamga uyning tayyor holati qanday bo`lishini tushuntirsam, u kishi “bitganida maza qilib yashaysizlar”, degandi. Bundan chiqdi, vafotini bilgan... Ishni deb, onamni yonida o`tirmaganimga afsuslanaman. Maslahatim, ota-onangizning diydorini har narsadan ustun biling, armon bo`lib qolmasin!
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi