O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash ko`lamini kengaytirish, yoshi ulug` insonlar, ayniqsa, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta`minoti va tibbiy xizmat ko`rsatishni takomillashtirish, oila va jamiyatda, yoshlarni o`zbek xalqining ko`p asrlik qadriyat va an`analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o`rnini mustahkamlash maqsadida, shuningdek, 2015 yilning “Keksalarni e`zozlash yili” deb e`lon qilinishi munosabati bilan:
1. "Keksalarni e`zozlash yili" Davlat dasturini amalga oshirishning ustuvor vazifa va yo`nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
keksalarga g`amxo`rlik ko`rsatish va e`tiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me`yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, pensiya ta`minoti va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug` insonlarga davlat xizmatlari, shu jumladan, turli ma`lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko`rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish;
keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan g`alaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qo`shgan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulug` insonlar, birinchi navbatda, yolg`iz qariyalar va nogironlarga ko`rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro`yxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta`minlash uchun mahallalar, "Nuroniy" jamg`armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash miqyosini oshirish;
faxriylar va yoshi ulug` insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog`lomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini ko`paytirish, ko`rish va eshitish organlari, tayanch-harakat tizimi va yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, keksalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitasiya vositalari bilan, jumladan, imtiyozli asosda ta`minlash, keksalarga xizmat ko`rsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriya-sog`lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko`rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash;
mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga bebaho hissa qo`shgan, sog`lom va barkamol unib o`sayotgan avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillariga munosib e`tibor qaratish va ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha keng ko`lamli chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish, oila va jamiyatda yoshi ulug` insonlarning o`rni va obro`sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e`zozlash va ularga g`amxo`rlik ko`rsatish tuyg`usi ruhida tarbiyalash bo`yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish;
har bir keksaga har tomonlama e`tibor qaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish va oshirish, keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish, bunda ular uchun tuman va mahallalarda muloqot markazlari, qiziqishi bo`yicha klublar tashkil etishga alohida e`tibor qaratish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishlari uchun sharoit yaratish, televidenie, ommaviy axborot vositalari, kinoteatrlar, teatr va boshqa madaniy-ma`rifiy muassasalarda yoshi ulug` insonlarning qiziqishlariga mos mavzuda yangi maxsus ko`rsatuvlar, spektakl va filmlar yaratish va efirga uzatish hajmini ko`paytirish;
mahallalar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy e`tibor qaratadigan sektorni mustahkamlash, bunda ularga xizmat ko`rsatadigan idora va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy ta`minot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni nazarda tutish.
2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 12 dekabrdagi 4393-farmoyishiga muvofiq tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika komissiyasiga (Sh.Mirziyoev) “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning to`liq, o`z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklansin.
Respublika komissiyasi:
bir hafta muddatda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida Davlat dasturini amalga oshirish bo`yicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini ta`minlasin va ularning zimmasiga Davlat dasturida belgilangan vazifalarni so`zsiz, to`liq va o`z vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklasin;
ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va boshqa xo`jalik birlashmalari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik va idora, hudud, shahar, tuman va aholi punktlarining “Keksalarni e`zozlash yili” bo`yicha hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini ta`minlasin;
respublika davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari darajasida tasdiqlangan Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli bajarish bo`yicha ishlarni muvofiqlashtirsin va ushbu tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o`rnatsin;
har chorak yakunlari bo`yicha “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan tadbirlar bajarilishi to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot berib borsin.
4. O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston matbuot va axborot agentligi:
bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet-resurslarni jalb etgan holda, aholi o`rtasida “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish bo`yicha asosiy yo`nalishlar va chora-tadbirlar muntazam va keng ko`lamda yoritilishini;
davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va qo`shgan aniq hissasini aks ettirgan holda, Davlat dasturining bajarilishi haqida keng jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishni ta`minlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015 yil 18 fevral
Manba: uza.uz