AsosiyJamiyat

Qamashilik yigit hovlisida "gul" o`stirgani uchun 6 yilga qamaldi

Qamashi tumanining tog`li hududidagi qishloqda yashovchi yigit 2014 yilning mart oyida tomorqasiga har xil turdagi gul urug`larini sepdi. Bir qaraganda, uning bu ishiga havas qilish mumkin edi.

Ota-onasi ham o`g`lining bu ishidan mamnun edi. Ko`p o`tmay gul urug`lari nish urib, birin-ketin bo`y ko`rsatdi. Yigit ularga razm solarkan, orasida boshqa gullarga o`xshamaydigan nihollar borligini sezdi. Buning nima ekanligini u juda yaxshi bilardi. Aslida-ku, bu nihollar uni sergak torttirishi, o`sha zahotiyoq ularni ildizi bilan qo`porib, yo`q qilib tashlashi mumkin edi. Ammo bunday qilmadi.

U tarkibida giyohvandlik moddasi bo`lgan 25 tup nasha o`simligini boshqa gullardan ajratib, idishlarga ko`chirib o`tqazdi. Ularni kelgusida sotib mo`may daromad topish maqsadida hovlining panaroq joylarida parvarishlay boshladi.

2014 yilning 17 may kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o`tkazilgan tadbir jarayonida uning hovlisida 2 tup, molxonasi tomida tuproq to`ldirilgan qoplar va metall qutilarga ekilgan jami 25 tup giyohvandlik o`simligi parvarish qilib kelinayotganligi aniqlandi va bu giyohlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi. Sudga oid kimyoviy ekspertiza mazkur o`simliklar nasha ekanligini aniqlab berdi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qamashi tuman sudi tomonidan yigitga ushbu qilmishi uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deb yozadi uz24.uz nashri “Huquq” gazetasi ma`lumotlari asosida.

    Boshqa yangiliklar