Yurtimizda mustaqillikka erishilgandan so`ng har bir shaxs o`z huquq va erkinliklarini yaxshi anglab etmoqda, o`z qiziqish va intilishlarini amalga oshirish uchun harakat qilmoqda. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchilar va shug`ullanish istagida bo`lganlar uchun ham keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Men ham o`z biznes faoliyatimni yo`lga qo`yib, mavzeyimizdagi e`tiborsiz qolgan erni obodonlashtirib, oziq-ovqat do`konini ochmoqchi edim. Buning uchun birinchi qaerga murojaat qilishim va qanday hujjatlar tayyorlashim kerak?
V.Nazarov, Toshkent shahri, Uchtepa tumani
Ushbu murojaat sabab yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda o`z biznesini yo`lga qo`ymoqchi bo`lganlar uchun mazkur sahifani tayyorladik. Mavzuga doir savollarga O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Toshkent shahar hokimiyati Savdo, xizmat ko`rsatish sohasi va xalq iste`mol mollari ishlab chiqarish departamenti va Markaziy bank Toshkent shahar Bosh boshqarmasi javob berishdi. Ular bergan tavsiyalar sizga albatta asqotishiga ishonamiz.
1-QADAM: TADBIRKORLIKNI BOShLAMOQChI BO`LGAN ShAXS QAERGA MUROJAAT QILMOG`I LOZIM?
Tadbirkorlikni boshlamoqchi bo`lgan shaxs o`zi bunyod etgan tashkiliy, huquqiy shaklga ega yuridik yoki jismoniy shaxsni ifodalovchi tegishli hujjatlarning loyihalarini tayyorlash uchun har bir tumanda tashkil etilgan Savdo-sanoat palatasining bo`limlariga yoki maslahat markazlariga murojaat qilishlari mumkin. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 noyabrdagi “Tadbirkorlik sub`ektlarini internet tarmog`i orqali davlat ro`yxatidan o`tkazish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 312-son qarori bilan 2014 yilning 1 yanvar kunidan boshlab elektron shaklda davlat ro`yxatiga olish mexanizmi ishga tushgan.
2-QADAM: QANDAY HUJJATLAR TALAB ETILADI?
Tadbirkorlik faoliyatini yuritmoq uchun yuridik shaxsni ifodalovchi davlat ro`yxatidan o`tgan ustavi va guvohnomasi, lisenziyalanadigan faoliyat turi bo`yicha lisenziyalar va boshqa hujjatlar.
ESLATIB O`TAMIZ: lisenziyalar va boshqa hujjatlar haqidagi to`liq ma`lumotlarni faoliyat turiga qarab Palataning tuman bo`limlaridan olish mumkin. Tadbirkorlik sub`ektlariga kredit mablag`lari unga xizmat ko`rsatuvchi tijorat banklari tomonidan belgilangan tarif stavkalari asosida beriladi.
3-QADAM: KREDIT MABLAG`I QAYSI BANKDAN BERILADI?
—Tadbirkorlar o`z loyihalarini bank krediti evaziga amalga oshirishi uchun belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tishlari va o`zlarining ish faoliyatlarini davom ettirishlari uchun belgilangan tartibda tijorat banklarida hisob raqami ochishlari lozim.
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes sub`ektlarini kreditlash O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Kichik tadbirkorlik sub`ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to`g`risida Nizom”ga va tijorat banklarining o`z kredit siyosati asosida amalga oshiriladi.
Ushbu nizomning I bobiga ko`ra;
Yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer xo`jaliklari hamda oilaviy korxonalar kreditlash ob`ektlari hisoblanadi.
Kreditlar qaytarishlik, to`lovlilik, ta`minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Kreditlar tijorat banki va qarz oluvchi o`rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga muvofiq beriladi.
Kreditlar kreditlanayotgan tadbirning o`zini – o`zi qoplashini hisobga olgan holda quyidagi muddatlarga beriladi:
qarz oluvchi o`z faoliyatini boshlashi uchun aylanma mablag`larni shakllantirish va investisiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishga – 12 oy muddatgacha;
aylanma mablag`larni to`ldirishga – 18 oy muddatgacha;
qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirishni tashkil etish uchun aylanma mablag`larni to`ldirishga – 24 oy muddatgacha.
Tijorat banklari kreditlar bo`yicha kreditlashning imtiyozli davrini belgilashlari mumkin.
Kreditlar qonun hujjatlarida ta`qiqlangan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun ajratilishi mumkin emas.
Qishloq xo`jaligi korxonalariga davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan g`alla va paxta xom-ashyosi etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun kreditlar berish Qishloq xo`jaligi korxonalarining davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta va g`alla etishtirish xarajatlarini tijorat banklari tomonidan kreditlash tartibi to`g`risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
UNUTMANG!
FOIZ STAVKASI VA QAYTARILIShI
Kreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori kredit shartnomasiga muvofiq belgilanadi.
Qarz oluvchi olingan kredit so`mmasini muddatidan ilgari qaytarishga va ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni to`lashga haqli.
BERILMAYDI!
Kreditlar ilgari olingan kreditlarni yoki tijorat bankining “Kredit siyosati”da belgilangan boshqa qarzlarni qaytarish uchun berilishi mumkin emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbirkorlik sub`ektlari o`z loyihalarini bank krediti evaziga amalga oshirishi maqsadida xizmat ko`rsatuvchi tijorat bankka kredit olish uchun kerakli hujjatlarni jamlagan holda murojaat etishi hamda tijorat bank talablarini bajargan holda kredit olishlari mumkin.
4-QADAM: BELGILANGAN HUDUD UChUN RUXSATNOMA
Belgilangan hudud (er maydoni ) uchun qaysi tashkilotdan ruxsat olish mumkin?
Belgilangan er maydoniga bo`lgan huquqni ro`yxatga olish va ruxsat berish hududiy arxitektura va shahar qurilishi boshqarmasi tomonidan rasmiylashtiriladi.
5-QADAM: “AGAR MEN...”
“Agar men tadbirkor sifatida dorixona, oziq-ovqat do`koni, sartaroshxona yoki tikuvchilik atelesi kabi faoliyat turi bilan shug`ullanmoqchi bo`lsam, lisenziya talab qilinadimi? Uni qaysi davlat organidan olaman?”
So`nggi paytlarda mushtariylar tomonidan aynan shu mazmundagi so`rovlar ham bo`lyaptiki, mavzu doirasida ularga ham ma`lumot berib o`tish maqsadga muvofiq bo`lardi, bizningcha.
R.Abdumajitov, Toshkent shahar hokimiyati Savdo, xizmat ko`rsatish sohasi va xalq iste`mol mollari ishlab chiqarish departamenti boshlig`i:
— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 iyundagi 236-sonli “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarorining 1-ilovasida faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalovchi organlar ro`yxati ko`rsatilgan.
Oziq-ovqat, sartaroshxona, tikuvchilik atelesi faoliyati uchun lisenziyalar va ruxsatnomalar qonunchilik aktlarida belgilanmagan.
Dorixona faoliyati uchun esa lisenziya berish huquqi O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga berilgan.
6-QADAM: SOLIQ TO`LOVI-ChI? QAY TARZDA TO`LANADI?
Mikrofirma va kichik korxonalar uchun 6 foizlik yagona soliq to`lovi to`lanadi.
7-QADAM: O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI SAVDO-SANOAT PALATASINING HUDUDIY BOShQARMALARI MANZILLARI
Qoraqalpog`iston Respublikasi
Nukus shahri, A.Temur ko`chasi, 112 A. Tel: (0-361) 770-71-01
Andijon viloyati
Andijon shahri, A.Navoiy ko`chasi, 122. Tel: (0-374) 298-11-01
Buxoro viloyati
Buxoro shahri, Mustaqillik ko`chasi, 1 A. Tel: (0-365) 770-11-01
Jizzax viloyati
Jizzax shahri, Sh.Rashidov ko`chasi, 63. Tel: (0-372) 771-71-01
Qashqadaryo viloyati
Qarshi shahri, O`ziekiston ko`chasi, 474. Tel: (0-375) 771-11-01
Navoiy viloyati
Navoiy shahri, Me`morlar ko`chasi, 33. Tel: (0-436) 770-31-01
Samarqand viloyati
Samarqand shahri, A.Navoiy ko`chasi, 58. Tel: (0-366) 210-11-01
Surxondaryo viloyati
Termez shahri, F.Xo`jaev ko`chasi, 1. Tel: (0-376) 770-81-01
Sirdaryo viloyati
Guliston shahri, Qahramonlar xiyoboni, 1. Tel: (0-367) 221-11-01
Toshkent viloyati
Toshkent shahri, Lisunova ko`chasi, 68/4. Tel: (0-371) 150-91-01
Farg`ona viloyati
Farg`ona shahri, B.Marg`iloniy ko`chasi, 58. Tel: (0-373) 229-71-01
Xorazm viloyati
Urganch shahri, Yoshlik ko`chasi, 18 A. Tel: (0-362) 770-51-01
Toshkent shahri
Toshkent shahri, A.Temur 1-tor ko`chasi, 6. Tel: (0-371) 150-31-01
Nargiza HAYITOVA tayyorladi