2020−2022 yillarda chorvachilik, baliqchilik hamda parrandachilik mahsulotlarini etishtirish va import qilishga davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi.
O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 yanvar kuni chorvachilik tarmog`ini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Hujjat asosida 2020−2022 yillarda quyidagicha subsidiya beriladi:
respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo`jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so`m miqdorida;
xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so`m, nasldor qo`y va echkining har bir boshiga 400 ming so`m miqdorida;
«O`zbekbaliqsanoat» uyushmasiga a`zo bo`lgan intensiv usulda baliq etishtiruvchi xo`jaliklarga:
intensiv usulda etishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun 1 million so`m miqdorida;
O`zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so`mgacha bo`lgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida;
«Parrandasanoat» uyushmasiga a`zo bo`lgan parrandachilik xo`jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo`jani import qilish bilan bog`liq xarajatlarning 9 ming so`mini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.
2020 yilda sotib olinadigan nasldor qoramollar uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo`jaliklaridan sotib olish uchun 10 milliard so`m miqdorida, xorijiy davlatlardan import qilish uchun 40 milliard so`m miqdorida, qo`y va echkilarni import qilish uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi 6 milliard so`m miqdorida belgilandi.
Qaror bilan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashini tuzish belgilandi. Chorvachilik sohasida davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlarining o`zaro hamkorligini ta`minlash mazkur kengashning asosiy vazifasi etib belgilandi.
O`zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda Qishloq xo`jaligi vazirligiga chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan, sohani davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash yo`nalishlarini ishlab chiqish uchun mustaqil konsalting kompaniyalarini o`rnatilgan tartibda jalb qilgan holda takliflar ishlab chiqish va 1 iyulga qadar O`zbekiston prezidenti Administrasiyasiga ko`rib chiqish uchun kiritish topshirildi.






