24 yanvardagi Prezident murojaatnomasida 2020 yil davomida byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyasiya darajasidan yuqori miqdorda oshirilishi keltirildi. “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining Qonunining 2-ilovasiga muvofiq 2020 yil uchun inflyasiyaning bazaviy prognozi iste`mol narxlari indeksiga bog`liq ravishda 12-13,5 foiz etib belgilangan bo`lsada, 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to`g`risida”gi qonuni ijrosini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qaroriga muvofiq, 2020 yilning 1 fevralidan byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta`minlanan oilalarga moddiy yordamlar miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunda savol tug`ilishi tabiiy: inflyasiya prognozi 12-13,5 foizni tashkil etsa, unda nega ish haqi, nafaqa va stipendiyalar miqdori 1 fevraldan 7 foizga oshiriladi? Bunda Prezident murojaatnomasiga nomuvofiqlik kuzatilmayaptimi?
Buni shunday tahlil qilish mumkinki, ish haqi, pensiya va stipendiyalarning oshirilishi bo`yicha qaror 2019 yil yakunida qabul qilingan. Prezident murojaatnomasi esa, 2020 yil 24 yanvar kuni e`lon qilinganini hisobga olsak, navbatdagi ish haqi, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishida prognoz qilinayotgan inflyasiyaning 13,5 foizdan yuqori miqdori olinishi ehtimoli yuqori.






