2014 yil bugungi suhbatdoshimiz uchun juda omadli yil bo`ldi. Reyting borasida ham ko`pchilik xonandalar bugun unga havas qilayotgani sir emas. Anglaganingizdek, bugungi suhbatdoshimiz “E`tirof-2014”dagi “Yilning eng faol xonandasi” nominasiyasi sohibi, “Kabutarlar” qo`shig`i bilan “Yil qo`shig`i-2014” mukofotini qo`lga kiritgan Ulug`bek Rahmatullaev…
— Ulug`bek aka, suhbatimiz tavallud ayyomingizni nishonlaydigan kunga to`g`ri kelibdi. Birinchilardan bo`lib muborakbod etishdan shodmiz! Kimdir tug`ilgan kunini intiq bo`lib kutadi, yana kimdir esa aksi. Sizda qanday?
— Tabrik uchun rahmat. To`g`ri, umrimiz o`tayotgani xursand bo`ladigan holat emas. O`sha sana umring o`tayotganini eslatib turadigan lahza bo`lsa ham, boshqa tarafdan bu kun yaqinlaringning diydorini tuhfa etadigan, o`tgan umr sarhisob qilinadigan kun.
— “Yoshlik qaytmaydi” nomli qo`shiq yozganingizga qaraganda, hayot haqiqatlarini anglagan ko`rinasiz yo bu shunchaki qo`shiqmi?
— Kiyimlar, hasharotlar, bemorlar, chaqaloqlar haqida kuyladim. (miriqib kuladi) Bu, albatta, hazil. Hozirda virtual hayot tarzi ommalashib, hatto o`zimning ham qo`limdan telefon tushmaydigan bo`lib qolgan. Natijada atrofimizdagi qaytarilmas lahzalar — ota-ona diydori, farzandingning ulg`ayishi kabi ko`plab voqealardan uzilib qolyapmiz. Chetdan nazar solsa bu xunuk holat. Nonushta vaqti edi, qo`l telefonimdan tinimsiz foydalanganimdan, otam “O`g`lim, telefoningni bir soatga o`chirib, biz bilan bafurja nonushta qil. Ertaga bu onlarni istasang ham topolmaysan”, deganda, qattiq ta`sirlandim. Mana shu holat “yoshlikni virtual hayotga almashtirmang”, shiori bilan “Yoshlik qaytmaydi” nomli qo`shig`imni yozishimga sabab bo`ldi. Sevimli aktyorim Ubaydulla Omonni ilk bor klipimga taklif qildim. Aslida “Do`st” qo`shig`imning klipida ishtirok etishini istagandim. Lekin odamlarning “do`sti bilan munosabatini kuylabdi”, degan fikrlari “bolalagan”i uchun klip suratga olish fikridan qaytdim. Aslida bu qo`shiq Raj Kapurning “Sangam” filmidan ilhomlanib yozilgandi.
— 2014 yilni omadli yakunlagan xonandalar qatoridasiz. Mehnatlaringiz e`tirof etilishini kutganmidingiz?
— Biror nominasiyaga qo`yilganimda doim mukofotlanishimni kutganman. Lekin “taqdirlanishim kerak”, degan maqsadda ijod qilmayman. Ko`plab marosimlarda mukofotlanmaganimda tushkunlikka tushmaganman. Chunki maqsadim yutuqqa erishish bo`lmagan, ko`ngildagidek qo`shiqlar taqdim etay, degan o`y bilan ishlaganman. O`sha kuni imkoni bo`lsa, ushbu mukofotni olishimga hissa qo`shgan libos ustasidan tortib, to chiroq ustasigacha barcha ijodiy jamoani sahnaga olib chiqqan bo`lardim. Sababi, bitta qo`shiq va klip yaralishida ko`pchilikning mehnati singgan. Aytib o`tish joiz, “E`tirof-2014”da barcha nominantlar yil davomida munosib ishlagandi. Kishi o`ziga o`zi ovoz berishi noto`g`ri, shu sabab O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher Fayzga ovoz bergandim. Ochig`i, Alisherning muxlisiman, ham bastakor, ham shoir sifatidagi ijodiga havas qilaman.
— “E`tirof-2014” taqdimotidan so`ng xayrlasha turib, “ismim e`lon qilinganida birinchi bo`lib, Alisher Fayz yonimga kelib qutladi, atrofingda shunday samimiy insonlar ko`p bo`lsa, qaniydi”, degan fikrni aytdingiz. Siz kutgan insonlardan sado chiqmadimi, deyman?
— Odamlar haqida ijobiy fikrda yurib, vaqt o`tgani sayin o`sha o`ylaring o`z tasdig`ini topaversa quvonarkansan kishi. Alisherga tan berganim, u va men o`tirgan o`rindiqning orasida anchagina masofa bor edi. Ismimni eshitib, qanchalik tezlikda sahnaga chiqqanimni o`zim bilaman va shu oraliqda Alisher yonimga kelib, tabriklashga ulgurganiga qoyil qoldim. Ko`risholmay qolgan hamkasblarimiz ertasi kuni ham tabriklashdi. Hech kimdan norozi bo`lmadim. Ochig`i, hech kimdan hech nima kutmasdan yashashga o`rgandim. Natijada kutilmaganda sodir bo`lgan voqealar quvonch bag`ishlayapti. Kutmasdan yashagan odam kuchli bo`ladi, qilgan yaxshiligini unutadi va har lahzadan baxt topa oladi.
— “Yil qo`shig`i-2014” loyihasida “Kabutarlar”, “Nega ma`yussan?”, “Toshkentda yomg`ir”, “Yurak”, “Meni kechir” qo`shiqlaringiz g`oliblikka da`vogar ijod namunalari sifatida ro`yxatga kiritilgandi. Nega aynan shu qo`shiqlar tinglovchilar tomonidan ko`p tinglangan, deb o`ylaysiz?
— Avvalo, bu qo`shiqlarning klipi borligi va xarajatidan qochmay, professional klipmeykerlarga klip suratga oldirganim sabab. Qolaversa, bu beshta qo`shiq har xil janr va ularni yaratishda turli ijodkorlar bilan ishlaganman. Odatda bitta qo`shiq “xit” bo`lsa, o`shanga o`xshagan yana beshta qo`shiq chiqarishadi. Bu noto`g`ri harakat! Shu sabab turfa xillikka, albatta, e`tibor beraman.
— So`nggi paytlarda hech bir yangi ijod mahsulingiz shunchaki kutib olinmayapti...
— Hamma narsa niyatga bog`liq. Shu ma`noda shunchaki ijod qilmayapman. Odatda qaysidir shoir yo bastakor biror xonandaga zo`r qo`shiq yozib bersa, qolganlar ham o`sha ijodkorga murojaat qilishadi. Bu ham noto`g`ri qaror.
— Bugun reyting borasida ko`pchilik hamkasblaringiz sizga havas qilishyapti. Nazaringizda, mehnatlaringiz endigina hosilga kirdimi yo omad qo`lingizdan etaklab yuribdimi?
— Avvalo, bu yutuqlarga ota-onam duosi tufayli erishdim. So`ng o`z ustimda ishlab kamchiliklarimni bartaraf qilayotganim va albatta, omad sabab ishlarim ko`ngildagidek ketyapti.
Bir sarkarda jangga doim sovutsiz chiqarkan. Kunlarning birida odatini o`zgartirib sovut kiyibdi, shunda atrofdagilar “Nega an`anangizni buzdingiz?”, desa “U vaqtlarda meni onamning duosi asrardi, endi u kishi hayot emas-ku... Shunday ekan, muhofazaga muhtojman”, degan ekan. Ota-onani e`zozlashdan to`xtamaylik. Omadimga ko`z tegmasin.
— Shu tobda Este Lauderning “Omad, aslida yo`q narsa, faqat mehnatlarim bilan erishganlarim boshqalarning ko`z o`ngida omad bo`lib baholanadi”, degan gapi yodimga tushdi...
— Omad borligini inkor etolmayman. Lekin faqat omadga suyanib qolish ham kerak emas. Mehnat, omad va menga ishonadigan odamlarning bo`lishi, bu — katta kuch! Bugungi kunda “Hech kimni yomon ko`rishni xohlamayman!” shiori bilan yashayapman. Afsuski, hamma ham meni yaxshi ko`rmaydi-da...
— Yildan-yilga Ulug`bek Rahmatullaevning san`atdagi “tashrif qog`oz”i o`zgarib boryapti. Sizning nazdingizda ular...
— “Oydin kechalar”, “Kapalak”, “Mini-yubka”, “Tushungin meni”, “Bemor”, “Layloyimsan”, “I love you”, “Jonim”. “Tashrif qog`oz”im o`zgarib turgani bu mening yutug`im. Bitta qo`shiqqa suyanib qolmaganimdan xursandman. 2015 yilda “tashrif qog`oz”larim yana bir necha bor o`zgaradi va bu yil juda ko`p kliplar taqdim etaman. Kuzda bo`lib o`tadigan konsert dasturimga hozirdan katta tayyorgarlik boshlaganman. Unda sevimli va hech kim kutmagan ayol xonanda bilan duet kuylayman... Har yili kuz fasli kelganida odamlarda “Ulug`bek Rahmatullaev konsert beradi”, degan tushuncha shakllanishini istayapman.
— Aslida ijodingizni vaqt “shamol”iga chidamli “chinor”lar tashkil qiladimi yoki bo`yi uzun, biroq nozikkina tezda sinadigan “terak”lar?
— Eng muhimi, ekkan “daraxt”larimning bo`yi etarli darajada cho`zildi. Endi bu daraxtlar shamol bo`lganida qulab tushmasligi uchun yanada baquvvatlashishi kerak. Masalan, fonogrammada kuylaydigan xonanda bilan jonli ijroda qo`shiq aytadigan san`atkorning “tosh”i og`irroq.
— Nega Ulug`bek Rahmatullaev “tosh” bosolmayapti?
— Chunki Ulug`bek Rahmatullaev “tosh” bosish harakatida. E`tibor bersangiz, ijodimdagi o`zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshadi. O`rtada bitta zina qoldirib, sakraydiganlar toifasidan emasman. Co`nggi uch yildagi konsertimda jonli ijroda ham kuylayapman, maqsadim to`liq jonli ijroga o`tish.
— Mashhurlik o`zining evaziga samimiylikni talab qiladi-a?
— Afsuski, ha. Samimiy bo`lmasang kun kelib, albatta, qoqilasan. Konsertimda ko`p gapirishimning boisi ham tomoshabinlar aslida qanday ekanim, samimiyatimni his qilishini istayman. Odamlar haqida fikr bildirish oson. Lekin shaxsan men kimnidir yaxshi va yomon, deyishga shoshilmayman. Shu kungacha o`ziga yolg`on qobiq yasab, o`shanda yashab, kun kelib kimligi oshkor bo`lib qolganlarni ham ko`p ko`rdim. Ularning yolg`oni ijodida sezilib turadi. Soxta kamtarlikni chetga surib aytaman, kimnidir aldagan yo haqqi menga o`tgan kuni haroratim ko`tarilib, qaltirashni boshlayman. O`sha lahzada go`yo zimistonga tushib, bandalikni bajo keltiradigandek his paydo bo`ladi. Shu sabab, samimiylikdan chekinmay, halol yashashga intilib kelyapman. Xudo xohlasa, mashhurlik samimiyatimni sira o`g`irlamaydi. Lekin mashhur bo`lishdan ko`ra, odamlarga foydam tegishini istayman.
— Suhbatlardan birida taniqli aktyor “olqish, dastxatlar, suratga tushishlar, seni tanishlari... bularning hech ham havas qilarli joyi yo`q!” degandi...
— Yo`q, u aktyorning fikriga qo`shilmayman! Agar “ular birinchi o`rinda emas”, deganida to`g`ri bo`lardi. Nazarimda, u aktyor san`atga yanglish kirib qolgan... Seni yaxshi ko`rishlari, tabassum bilan qarshi olishlarining nimasi yomon?! Biroq bu mehrni suiiste`mol qilib, “erkalik”larim kechiriladi”, deya noto`g`ri qadam bosishdan O`zi asrasin!
— Pianino, gitara va skripka musiqa asboblariga qiziqadigan Ulug`bek Rahmatullaev haligacha skripkani to`g`ri ushlashni o`rganish bilan cheklanyaptimi?
— Rostini aytaman, skripka chalishni o`rganolmasam kerak. Chunki bu musiqa asbobini eshitish qobiliyati yuqori ijodkorlargina chala oladi.
— Ko`pchilik san`atkorlar qatori siz ham avvaliga farzandlaringizni ommaga ko`rsatmagandingiz...
— Ko`z tegishiga ishonaman. Shu sabab, qizim Farzonani hali ommaga ko`rsatganimcha yo`q, endigina bir yoshdan oshdi. Ochig`i, ikkinchi farzandim ham o`g`il bo`lishini istagandim, lekin endi qiz tug`ilganidan xursandman. Qiz bola otasiga mehribon bo`larkan, yuzimni silab “Ada, oposh”, desa erib ketaman. O`g`lim Fayzulloh sira unaqa qilmagan (kuladi). Oila, bu — erkak kishining qo`rg`oni, uni ko`z-ko`z qilish emas, asrab-avaylash kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy rasmlarini joylashtiradiganlarni hazm qilolmayman.
— Uyda aytganingiz aytganmi yo rafiqangizga yon bosasizmi?
— Yon bosaman, lekin menga yoqmaydigan holatlar bo`lsa, o`ylab o`tirmay rad etaman. Masalan, xarid qilgan libosi menga yoqmasa kiymaydi. Biroq menga yoqqan kiyim rafiqamga yoqmasa ham kiyishga majbur (miriqib kuladi).
— Turmush o`rtog`ingizdan eng ko`p eshitadigan gapingiz?
— “Qachon kelasiz?” Bu uyda kutadigan odaming borligidan darak. Lekin ostona hatlab, ko`chaga chiqqanimga uch daqiqa bo`lmay, qo`ng`iroq qilib, “Qachon kelasiz?” desa asabim dosh bermaydi. Uch daqiqada qanday ish bitirib, qaytish mumkinligiga aqlim etmaydi...
— Doim sizni kutadigan odamlar qurshovida yuring!
Ulug`bek Rahmatullaev o`zi haqida...
— Oilaviy hotirjamlik sizlarni tark etmasin!
“Oddiy tinglovchi sifatida eshitmagan bo`lardim...”
— Hamma qo`shiqlarimni... Ayniqsa, “Chaqaloqlar” qo`shig`imni.
“Fe`l-atvorimdagi keskin o`zgarishlar sababi...”
— Ulg`aydim, shu sabab hozir og`ir-bosiqman. Tez xulosa chiqarish odatim yo`qoldi, zimmamdagi har taraflama mas`uliyatni his etib, real hayotda yashashni boshladim.
“Asabimni buzmaslik uchun...”
— Oldindan chamalab, o`shanday davraga bormayman. Majburiyat yuzasidan borsam ham u erdan tezda ketishga harakat qilaman. Qolaversa, suhbatdosh ham tanlayman, hamma bilan ham yurakni “to`kib” gaplashmayman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV





