O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 fevral kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Amerika Qo`shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va o`zaro ishonchga asoslangan ko`p qirrali O`zbekiston-AQSh munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
2018 yil may oyida AQShga amalga oshirilgan, mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan oliy darajadagi tarixiy tashrif chog`ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o`zaro almashinuvlar faollashgani alohida ta`kidlandi.
Konstruktiv, shu jumladan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo`yicha siyosiy muloqot yo`lga qo`yildi. Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, texnologik, moliyaviy, agrar, energetik, ta`lim, huquqni himoya qilish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.
Keyingi bir necha yil davomida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ko`paydi. AQShning etakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Amerika investisiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Joriy o`quv yilidan boshlab mamlakatimizda Vebster universitetining filiali o`z ishini boshladi.
AQSh Davlat kotibi, o`z navbatida, ko`rsatilgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga dildan minnatdorlik bildirdi hamda Prezident Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
AQSh tomoni O`zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo`llab-quvvatlashda qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Maykl Pompeo O`zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yuksak baholadi.
Davlat departamenti rahbari, shuningdek, O`zbekistonning barqaror taraqqiyoti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratayotganini ta`kidladi.
Uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Davlat kotibi Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o`tkazilgani bilan tabrikladi.
Yangi O`zbekiston rahbarining siyosati tufayli mintaqada ishonch, sheriklik va yaxshi qo`shnichilik muhitini shakllantirishda katta natijalarga erishilgani ta`kidlandi. O`tgan yil noyabr oyida poytaxtimizda o`tgan Markaziy Osiyo davlatlar rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari alohida qayd etildi.
Iqtisodiyot sohasida AQSh etakchi kompaniyalarining O`zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirishni o`zaro qo`llab-quvvatlash yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Maykl Pompeo bugungi kunda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko`lamini bir necha o`n karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini ta`kidladi.
Bundan tashqari, AQSh mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama ko`maklashishi ta`kidlandi.
Inson salohiyatini rivojlantirish, jumladan, fuqarolik jamiyati rivojini qo`llab-quvvatlash, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta`minlash, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Afg`onistonda tinchlikni o`rnatish, shuningdek, ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Maykl Pompeo O`zbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afg`onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatladi.
Uchrashuv so`ngida O`zbekiston Respublikasi va Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat`iy ekani ta`kidlandi.