1

Yassioyoqlik haqida hamma narsa

Salomatlik 26.02.2015, 12:37
Yassioyoqlik haqida hamma narsa

O`g`limga yassioyoqlik tashxisini qo`yishdi. Bu kasallik haqida batafsil ma`lumot bersangiz.

Sh.Soyipova. Samarqand

Savolga ortoped-travmatolog Odilbek To`raboev javob beradi.

Tana amortizatori

Sog`lom tovon tana harakatlanishida asosiy tayanch markazi bo`lib u tanani zarb va silkinishlardan saqlab, yurishga engillik va mayinlik bag`ishlaydi. Yassitovonlik esa aksincha tovonning o`ziga xos amortizasiya vazifasini buzadi va tayanch faoliyatini susaytiradi. Yassitovonlik tayanch-harakat a`zolarida eng ko`p uchraydigan kasalliklardan biri bo`lib, unda tovon tagi uzunasiga erga tegib turadi. Yurish vaqtida hamma kuch, silkiish boldir, chanoq-son bo`g`imiga, bel umurtqa pog`onasiga tushadi va buning oqibatida bo`g`im kasalliklari —artrozlar, umurtqalar pog`onasi qiyshayishi – skolioz kasalligini kelib chiqadi. Yassitovonlik kasalligi qancha tez aniqlansa va uning davolanishi qancha barvaqt boshlansa, yuqorida aytilgan kasalliklarning oldini olish mumkin bo`ladi.

Sabablari

Odatda yassitovonlik bolalikdan rivojlanadi. Bundan tashqari semizlik, raxit kasalligi asorati va noto`g`ri tanlangan oyoq kiyimlar ham bu kasallikka sabab bo`lishi mumkin. Bolalarga siqib turadigan oyoq kiyim kiydirish ham keyinchalik bu kasallikka olib keladi. Bunda  tovon oson deformasiyalanadi, tayanch muskullari zo`riqib, kasallik rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Bu kasallik nasl surishi ham mumkin.

E`tibor bering

Kasallikni qanday aniqlash mumkin? Agar bolangiz sayr payti tez charchasa, oyoq kiyimining ichki tomoni qiyshaygan bo`lsa,  ortoped shifokorga murojaat qilishga shoshiling. Kattalarda esa og`ir mehnat, kam harakatlanish, tovon, tizza bug`imi, to`piq suyagining shikastlanishi, noqulay oyoq kiyim kiyish  yassitovonlikka olib kelishi mumkin. Asosiysi, vaqtni o`tkazmasdan kasallikni aniqlash va rivojlanishiga yo`l qo`ymaslik. Agarda kasallik vaqtida davolanmasa, unda kishining yurishi o`zgarib, tanasi bukchayib boraveradi. Natijada esa yuqorida aytilgan artroz, osteoxondroz,skolioz kasalliklariga chalinib qolish hech gap emas..

Kasallikning belgilari:

  • Tovonda, tizza bo`g`imi va belda  og`riq;
  • Kechga borib tovon shishishi.
  • Qanday muolajalar samara beradi?

Yassitovonlik xastaligini davolashda ko`proq fizioterapevtik muolajalar – parafin, ionoforez, darsenval, davolash gimnastikasi, massaj (maxsus uqalash) yaxshi natija beradi.

Kasallikning boshlanish davrida eng foydali muolaja uqalash bo`lib, u qon aylanishini normal holatga keltirishga, tovon bo`g`imlari va paylari rivojiga yaxshi ta`sir o`tkazadi,

Uy sharoitida

Kasallik aniqlangach, yoqqa doimiy ravishda korreksiyalovchi ortopedik oyoq kiyim  kiyib yurish lozim. Har kuni ertalab badantarbiya mashqlarini bajarish, oyoqlar uchun  iliq vanna qabul qilib, oyoq va tovonni uqalash, oyoq chigilini yozish uchun sayr qilish foydali.

Iloji boricha ko`proq suzish mashg`ulotlariga qatnash va yozda  mayda tosh, qum va maysalar ustida yalangoyoq yurish ham naf beradi.  

Poyafzalni to`g`ri tanlang!

Birinchidan poyafzal oyoqqa mos kelishi kerak, siqmasligi, tor bo`lmasligi, katta ham bo`lmasligi lozim.

Ayollarga iloji boricha 4 sm.dan oshmagan poshnadagi oyoq kiyimlarda yurish tavsiya etiladi.Shunda tana vazni oyoq tovoniga bir xil taqsimlanadi, oyoq  muskullari zo`riqmaydi, qon aylanishi buzilmaydi. Poyafzal sotib olayotganda uning tag qismi oson bukilishiga e`tibor bering.

Esda tuting!

Poyafzalning uch qismi qanchalik tor va poshnasi baland bo`lsa,  u shunchalik tovonning harakatlanishiga to`sqinlik qiladi va qon aylanishini buzadi, Tana doimiy ravishda oldinga intilib harakatlanishi natijasida umurtqa pog`onasi qiyshayadi, muskullarning zo`riqishiga va  charchashiga, asab sistemasining buzilishiga va ko`pgina tayanch xarakat apparati kasalliklariga olib keladi va butun tanaga og`riq beradi.

Doimiy ravishda baland poshnada yuradigan ayollarda bosh barmoqning qiyshayishi va yassitovonlik ko`proq kuzatiladi.  Shunday ekan o`zingizga qulay va mos oyoq kiyimlar tanlang.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1