1

Yuklar nazorati chegarada emas, ungacha yoki ichkarida amalga oshirilsin — Prezident topshiriq berdi

Siyosat 05.02.2020, 20:06
Yuklar nazorati chegarada emas, ungacha yoki ichkarida amalga oshirilsin — Prezident topshiriq berdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi savdo bilan bog`liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini ta`kidlagan edi.

Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani tashqi savdo amaliyotlarida muayyan qiyinchliklar tug`dirmoqda. Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida “Xalqaro savdo” yo`nalishi bo`yicha mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 152-o`rinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.

Yig`ilishda mazkur reytingda mamlakatimiz pozisiyasini yaxshilash,  jahon tajribasi asosida nazorat idoralarining ishini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ma`lumki, ko`plab davlatlarda yuklar chegaraga etib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi ta`minlanadi. O`zbekistonda esa o`tgan yili 416 mingta deklarasiyadan atigi 344 tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk to`g`risida oldindan ma`lumot berish avtomobil transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yo`lda umuman yo`lga qo`yilmagan.

Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriq berildi.

Bugungi kunda 1 ming 836 ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab cho`zilayotgani tanqid qilindi.

Bojxona, veterinariya, karantin, sanitariya, standart, ekologiya idoralari ish uslubini o`zgartirishi, ularning asosiy vazifasi mahsulotlar eksportini qo`llab-quvvatlashdan iborat bo`lishi zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Tovarlarning bojxona qiymatini tezkor aniqlash imkoniyati bo`lmaganda, tadbirkor to`lov qilib o`sha zahoti mahsulotini olib ketadigan, bunga aniqlik kiritilganidan keyin farqni to`laydigan tizim joriy etish muhimligi ta`kidlandi.

Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo`mitasiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish, bojxona organlari tashkiliy tuzilmasi va ma`murchiligini takomillashtirish vazifasi qo`yildi.

O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari ekin maydonlariga chiqib, xorijiy mamlakatlarning kimyoviy va biologik vositalarni qo`llash bo`yicha talablarini dehqonlarga tushuntiradigan, amaliy ko`mak beradigan tuzilmaga aylanishi kerakligi qayd etildi.

Prezidentimiz raqamli texnologiyalarni joriy qilib, inson omilini maksimal qisqartirish orqali korrupsiya va noqonuniy tovar aylanmasiga barham berish zarurligini ta`kidladi.

Import mahsulotlarining chegaradan to yakuniy iste`molchigacha bo`lgan harakati bojxona va soliq idoralari tomonidan yagona elektron tizim orqali nazorat qilinishi kerak. Misol uchun, bojxona deklarasiyasini elektron hisob-faktura va onlayn nazorat kassasiga bog`lash orqali bu masalani hal etish mumkin.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga ruxsatnoma va laboratoriya tekshiruvlari hujjatlarini to`liq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan “risk-analiz” tizimini joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda yuklarni chegara punktlaridan o`tkazish vaqtini qisqartirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1