Miya chayqalishi nutqqa ta`sir etadi

Salomatlik 27.02.2015, 15:14
Miya chayqalishi nutqqa ta`sir etadi

“O`smirligimda bir-ikki marta daraxtdan yiqilib, miyam chayqalgan. Ammo shu paytgacha hech qanday bezovtalik sezmaganman. Yaqinda hovlidagi ta`mirlash ishlariga ko`maklashayotib, narvondan yiqilib ketdim. Boshim erga tegib, 1-2 soniyaga ko`z oldim qorong`ulashdi. Jiddiy o`zgarish bo`lmasa-da, ikki kun o`tib, boshim og`riy boshladi. Yana miya chayqalishi sodir bo`lmadimikan?”

Olim Haydarov, Sirdaryo viloyati

Mavzu yuzasidag shifokor – nevrolog Nargiza Mavlonova tanishtiradi.

Miya chayqalishi

Miya chayqalishi – kalla suyagi shikastlanishi natijasida miya pardalarining zararlanishi bo`lib, miya xujayralari va miya bo`laklari o`rtasidagi o`zaro bog`liqlik vaqtinchalik yo`qoladi. Bu esa bosh miya funksiyasining buzilishiga olib keladi. Odatda miya chayqalishining og`ir-engil darajasiga qarab, turli bezovtaliklar kelib chiqishi mumkin.

Tez yordam

Agar ko`z o`ngingizda kimdir yiqilib, boshi bilan urilsa yohud kalla sohasidan  jarohat olsa birinchi tibbiy  yordam ko`rsatishga shoshiling. Avvalo jabrlangan kishining umumiy holatiga diqqat qiling. Hushini yo`qotmadimi? Bosh aylanishi, ko`ngil behuzur bo`lishi, ko`z oldining qorong`ulashishi kabilardan shikoyat qilmayaptimi? Bosh qismiga ahamiyat bering: shishgan (g`urra), ko`kargan yoki yorilgan jarohatlari yo`qmi? Behushlik  qancha davom etdi? Hammasini aniqlashtiring!

Hushidan ketsa...

Dastlab tez yordam xizmatiga qo`ng`iroq qiling. Agar bosh qismida qonli jarohat bo`lsa, spirt bilan ishlov berib, bint bilan bog`lash lozim. Shifokor kelgunicha bemor yotgan holatda bo`lishi lozim. .

Fakt

Ba`zida bosh sohasidagi jarohatlarda  engil og`riq yoki vaqtinchalik teri ko`karishi kuzatilib, havotirga asos yo`qdek tuyuladi. Keyingi asoratlar esa kimdadir bir necha kun (hafta) kimlardadir esa bir necha yildan keyin ham nomoyon bo`lishi mumkin.

Jarohat darajasini aniqlash

  • I – miya chayqalishinng birinchi darajasi:
  • engil behushlik holati, bemor jarohatdan so`ng qisqa vaqt ichida o`ziga keladi;
  • II – miya chayqalishining ikkinchi darajasi:
  • bemor ma`lum vaqt davomida sodir bo`lgan voqeani anglolmaslik holatida bo`ladi;
  • III – miya chayqalishining uchinchi darajasi:
  • bemor jarohat ta`sirida hushidan ketadi. Hushiga kelgach esa sodir bo`lgan hodisani idrok etishga qodir bo`lmay, og`riq va ahvolining qoniqarsizligidan shikoyat qiladi.

Ehtimoldan xoli emas!

Miya chayqalishi sodir bo`lganida hech qanday o`zgarish kuzatilmasligi ham mumkin. Shu bilan birga yaqqol belgilar yuzaga kelishi ham ehtimoldan xoli emas. Jumladan, bemor bosh og`rig`i, ko`ngil aynishidan bezovta bo`ladi. Qayt qilish, burun qonashi, diqqatni jamlay olmaslik, bosh aylanishi, ko`z oldining xiralashishi, rangparlik, ko`p terlash, xolsizlik, ishtaxasizlik ham kuzatilishi mumkin. Ayrim xollarda uyqusizlik ham qayd etiladi.

Bolalarda...

Tibbiyotda miya chayqalishining yoshga doir tafovutlari bor. Masalan, bolalardagi ko`rinishini olaylik. Agar  bemor yosh bola  bo`lsa, miyada sodir bo`lgan jarohat zarb tekkan bosh qismi terisining ola—bula tusga kirishi, bolakayda rangparlik kuzatilishi, yurak urish maromining tezlashishi, xolsizlik va yotoqchilash kabilar bilan nomoyon bo`lishi mumkin.

Emizikli chaqaloqlarda qayt qilish, injiqlanish ham yuzaga keladi.  Maktab yoshigacha bo`lgan bolalarda esa miya chayqalishi bosh og`riqlari, uyquga moyillik va ishtahasizlik bilan izoxlanadi.

Maktab yoshidagilari esa zarb o`rni, qanday bezovtalik kuzatilayotganini aytolgani bois ularga tashhis qo`yish osonroq. Ammo har qaysi holatda ham o`z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.

Keksalarda-chi?

Qariyalarda miya chayqalishi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Tez-tez qaytalanuvchi bosh og`riqlari, qon bosimining ko`tarilishi, yurak faoliyati bilan bog`liq o`zgarishlar hamda asabiylik shular jumlasidandir. Ba`zan bezovtaliklar 3-7 kungacha davom etadi.

Birinchi ko`rik

Bosh sohasidagi jarohat bilan keltirilgan bemor dastlab travmatolog va nevrolog mutaxassislar ko`rigidan o`tadi. Bunda jarblanuvchining umumiy ahvoli, o`zini tutishi, shikoyatlari hamda bosh qismlari paypaslanganida og`riq bor-yo`qligi tekshiriladi. So`ngra kalla suyagining rentgen tahlili, ko`z tubining holati, qon bosimi va zarur xollarda kompyuter tomografiyasi o`tkazilishi mumkin.

Muolaja qancha davom etadi?

Gohida zarb o`rnida hech qanday jarohat bo`lmasa-da, miyada jiddiy shikastlanish, qon quyilishi yohud yana boshqa o`zgarishlar sodir bo`lishi mumkin. O`z vaqtida murojaat qilsangiz, shifokor muolajasi miya chayqalishidan keyingi asoratlarning  oldini oladi. Davolash vaqtida og`riqni engillashtiruvchi, tinchlantiruvchi hamda miya faoliyati uchun foydali dori vositalari buyuriladi. Yodda tuting: o`zingizni yaxshi his etishni boshlashingiz, to`liq sog`ayish degani emas! Mutaxassis 10 kunlik muolajani tasdiqlagan bo`lsa, unga amal qilishingiz shart.

"Uyda davolanaman!"

Aksariyat bemorlar uyda davolanishni istashadi. Biroq ahvolingiz qoniqarsiz bo`lsa, tilxat yozib, shifokorlar nazoratidan qochishni xayol qila ko`rmang. Mabodo mutaxassislar miya chayqalishining engil turi deya uy sharoitida muolaja o`tkazishga ruxsat berishsagina, kasallik ta`tiliga chiqishingiz mumkin.

Yo`riqnoma

Tavsiya etiladi:

  • Yotoq rejimida davolanish;
  • Ko`proq uxlash;
  • Tinchlantiruvchi dorivor o`simliklardan tayyorlangan damlamalar;
  • Sut-qatiq, sabzavotli sho`rva va mevalardan tanovul qilish.

Mumkin emas:

  • Komyuterda shug`ullanish (monitorning lipillashi miya faoliyatiga salbiy  ta`sir ko`rsatadi)
  • Kitob o`qish;
  • Sport mashqlarini bajarish.

Keyingi asoratlar...

Muolaja to`g`ri bajarilganida asoratlar deyarli kuzatilmaydi. Ammo ba`zida bosh og`riqlari, asabiylik, jizzakilik, diqqatni jamlay olmaslik kabi holatlar sodir bo`lishi mumkin. Agar davolangandan so`ng bemorning hushidan ketish kuzatilsa, mutaxassisga uchrashish lozim. Bunda elektroensefologramma tekshiruvi o`tkazilib, talvasa xurujlariga qarshi preparatlar buyuriladi. Bolalardagi miya chayqalishining asorati esa nutqning rivojlanishi, aqliy faoliyatiga ta`sir etishi mumkin.  Shu bois ko`cha-kuyda yoki uyda yiqilib tushgan, boshini urib olgan bolalarni har ehtimolga qarshi shifokor ko`rigiga olib borgan ma`qul. 

N. Ilyosova tayyorladi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1