“Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to`g`risida” Prezident qarori (PQ-4586-son, 05.02.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020 yilning 1 aprelidan boshlab qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash ob`ektlari uchun xavf-xatarlar toifalari va ob`ektlarning funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, Ob`ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo`yicha ma`muriy reglamentni tasdiqlash to`g`risidagi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Qaror bilan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalarga davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida qator huquqlar berildi.
Jumladan, inspeksiyalar bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta`sir qiluvchi, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlanganda qurilish-montaj ishlarini to`xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish huquqiga ega.
Shuningdek, quyidagi talab va tartib-taomillar bekor qilinadi:
- 2020 yil 1 martdan boshlab byudjetdan moliyalashtiriladigan ob`ektlardan tashqari kapital ta`mirlash ob`ektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo`yicha talablar;
- inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan ob`ektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, ularni foydalanishga qabul qilish bo`yicha mavjud tartib-taomillar (belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich).
Shuningdek, inspeksiyalar qurilishi tugallangan ob`ektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yong`in nazorati hududiy organlarini jalb qiladi.
Davlat xaridlari sub`ektlarining mablag`lari hisobiga moliyalashtiriladigan ob`ektlar bundan mustasno.
Mazkur organlar ob`ektlarni qabul qilish muddatlari doirasida ob`ektning sanitariya normalari va yong`in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to`g`risida xulosa taqdim etadi.
Qarorga ko`ra, inspeksiya tuzilmasida Komplaens xizmati tashkil qilindi va hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplaens-nazorat bo`yicha mutaxassis lavozimi kiritildi.
Komplaens xizmati va hududiy inspeksiyalarning komplaens-nazorat bo`yicha mutaxassislari bevosita inspeksiya boshlig`iga bo`ysunadi.
2020 yil 1 iyuldan boshlab inspeksiyalar boshliqlariga shaharsozlik to`g`risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati beriladi.
Shuningdek, Qurilishda standartlashtirish respublika markazi huzurida Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tashkil qilinadi.
2020 yil 1 martdan boshlab inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to`lash miqdorlari 1,4 barobarga oshiriladi.