1

2 mart – O`zbekiston BMTga a`zo bo`lgan kun

Jamiyat 02.03.2015, 22:29
2 mart – O`zbekiston BMTga a`zo bo`lgan kun

O`ZBEKISTON – XALQARO MUNOSABATLARNING TO`LA HUQUQLI SUB`EKTI

Dunyoda xalqlar ko`p, lekin ularning hammasi ham o`z davlatiga ega emas. Davlatlarning hammasi ham xalqaro munosabatlarda hurmat-e`tiborga sazovor emas.

Mamlakatimiz tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, global muammolarni bartaraf etish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ilm-fan va san`atni rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosati va amaliy sa`y-harakatlari bilan xalqaro hamjamiyatda obro`-e`tibor qozongan.

Bugun O`zbekiston dunyoda o`z o`rniga, o`z so`ziga ega bo`lgan davlat. Yigirma uch yildirki, BMT bosh qarorgohida O`zbekiston Respublikasining davlat bayrog`i hilpirab turibdi. Barcha sohalarda xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda. Eng taraqqiy etgan davlatlar, eng yirik kompaniyalar mamlakatimizda biznes yuritmoqda. Yurtdoshlarimiz xohlagan mamlakatiga borib kelmoqda. Tadbirkorlar o`z mahsulotini chet ellarga eksport qilmoqda.Bular shunchalik odatiy hol bo`lib qolganki, ularga e`tibor ham bermay qo`yganmiz. Xuddi hamisha shunday bo`lgandek. Vaholanki, bundan atigi 25 yil oldin mamlakatimizda tashqi siyosat, xalqaro aloqa degan tushunchalarning o`zi yo`q edi. Yakkahokimlik tizimi sharoitida O`zbekiston xalqaro maydonga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniyatidan mahrum etilgan bo`lib, o`zining tashqi siyosat va tashqi savdo idoralariga, diplomatlariga va mutaxassislariga ega emas edi. Respublika tabiiy, xomashyo resurslari va etishtirgan mahsuloti qayoqqa ketishini, uni eksport qilishdan tushgan mablag` kimga tegishini bilmasdi. Ayni vaqtda xorijiy texnika va texnologiyani, xalq iste`mol mollarini etkazib berish borasida batamom qaram edi.Shu bois mustaqil tashqi siyosat yuritish O`zbekiston Respublikasi uchun umuman yangi, ilgari amalda qo`llanilmagan soha edi. Mamlakatimiz xalqaro munosabatlarni “nol”dan bunyod etishiga to`g`ri keldi.

O`zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridan Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy davlatchiligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni rivojlantirish, ayrim hayotiy muhim masalalarda (g`alla mustaqilligi, energetik mustaqillik) eski tuzumdan meros qolgan qaramlikdan qutulish barobarida xalqaro munosabatlar tizimiga kirish, undan mustahkam o`rin olish, siyosiy nufuzini yuksaltirish, chet mamlakatlar bilan tenglik asosida hamkorlikni yo`lga qo`yish va kengaytirish yo`lini tanladi.

Mamlakatimizning bu boradagi siyosati va prinsiplari  Konstitusiyamizda qat`iy belgilab qo`yilgan. Bosh Qomusimizning 17-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to`la huquqli sub`ektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo`l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e`tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.

Davlatimiz bu ezgu tamoyillarga qat`iy amal qilib kelmoqda. O`zbekiston tashqi siyosati teng huquqlilik va o`zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan. Har bir davlat bilan avvalo ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda.

O`zbekiston hamkorlikdan manfaatdor bo`lgan barcha mamlakatlar bilan diplomatiya munosabatlarini yo`lga qo`ygan. Qator yirik davlatlar bilan o`zaro munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan. AQSh, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya shular jumlasidan.

Bugungi kunda 46 mamlakatda O`zbekiston diplomatik vakolatxonalari faoliyat ko`rsatmoqda. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda ochilgan elchixona va vakolatxonalari soni oltmishdan oshadi.1993 yilda davlatimiz rahbari BMT minbaridan turib, dunyo ahli e`tiborini Afg`oniston mojarosi, Orol halokati kabi keskin muammolarga jalb etdi. Bu bilan O`zbekistonning uzoqni ko`zlagan tashqi siyosati tinchlikparvarlik, o`zaro tenglik, hurmat va manfaatdorlik tamoyillari, umumbashariy taraqqiyot g`oyalari asosiga barpo etilgani namoyon bo`ldi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar kontrabandasi, ekologik inqirozlar bilan bog`liq muammolarning dolzarbligi oshib borayotgan, ular haqida har kuni bong urilayotgan hozirgi davrda O`zbekistonning o`sha paytda tutgan pozisiyasi qanchalar oqilona va odilona yo`l bo`lganini, eng muhimi, bu pozisiya o`zgarmay kelayotganini alohida ta`kidlash darkor.

O`ttiz yildan ziyod vaqt davomida urush domida qolib kelayotgan Afg`oniston taqdiri, bu mamlakat bilan munosabatlar yuzasidan ham O`zbekiston aniq-ravshan pozisiyaga ega. Islom Karimov Afg`oniston mojarosini kuch ishlatish yo`li bilan hal qilib bo`lmasligini, faqat qarama-qarshi tomonlar o`rtasida murosaga erishish, mamlakatning iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash, maqsadli gumanitar loyihalarni amalga oshirish orqali tinchlikka erishish mumkinligini ta`kidlab keladi. O`zbekiston bu mamlakat xalqining xohish-irodasi bilan shakllanadigan hokimiyat bilan barcha sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikka tayyor.

O`zbekiston o`zining aniq pozisiyasi, xalqaro siyosat kun tartibidagi masalalarga qat`iy yondashuviga ega bo`lgani tufayli yirik davlatlar O`zbekiston nuqtai nazari bilan hisoblashmoqda. Albatta, bunday qat`iyat negizida mamlakatimizning geosiyosiy joylashuvi, ulkan iqtisodiy salohiyati ham muhim ahamiyatga ega. Ammo bu siyosat oqilona, uzoqni ko`zlagani va har jihatdan to`g`ri yondashuvga ega ekani bilan alohida ahamiyatga molik. Prezidentimiz ta`kidlaganidek, O`zbekiston yoki Markaziy Osiyodagi shart-sharoitni, kechayotgan jarayonlarni avvalo shu zaminda istiqomat qilayotgan insonlar to`liq idrok etadi. Biror masalaga yondashuv ishlab chiqiladigan taqdirda zamonaviy voqelik bilan bir qatorda xalqlarimizning boy tarixi, madaniyati, an`analaridan, mahalliy shart-sharoitdan kelib chiqqan holda ish ko`riladi.

2010 yili Qirg`iziston janubida sodir bo`lgan voqealarni eslaylik. O`sha vaqtda davlatimiz rahbari bu muammoning tub sabablariga, fitnaning ehtimol tutilgan tashkilotchilarini aniqlashga, yuz minglab bolalar, qariyalar va ayollardan iborat qochqinlarga boshpana berishga e`tibor qaratdi. Millatlararo nizo, hatto davlatlararo qarama-qarshilikning oldini oldi. Vaziyat o`nglanganidan keyin butun dunyo O`zbekiston rahbariyati ehtirosga berilmasdan, vazminlik bilan to`g`ri qaror qabul qilganini, mintaqaviy darajadagi katta falokat kelib chiqishiga yo`l qo`ymaganini ochiq e`tirof etdi.

Prezidentimiz “Shanxay beshligi” sammitining mehmoni sifatida ushbu guruhni faqat chegara masalalarini hal qiladigan tuzilma holida qoldirmasdan, balki xavfsizlikni ta`minlash, integrasiya jarayonlarini faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan etuk tashkilotga aylantirish maqsadga muvofiqligi, shunda O`zbekiston uning safidan joy olishini ta`kidlagan. Shanxay hamkorlik tashkiloti qanday tashkilot bo`lib shakllangani va erishayotgan yutuqlarini bugun dunyo ko`rib turibdi.

Prezidentimiz Islom Karimov hamisha amalda samara beradigan, har tomonlama foydali takliflarni ilgari suradi. Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli zona, deb e`lon qilish, Xalqaro Orolni qutqarish jamg`armasini tuzish, ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini ta`sis etish kabi tashabbuslar bu fikrning yaqqol tasdig`idir.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil sentyabr oyida o`tgan Mingyillik sammitida xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar  savdosiga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, BMT faoliyati va uning tarkibiy tizimini isloh qilishga doir takliflarni bildirdi. Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999 yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurash bo`yicha xalqaro markaz tashkil etish g`oyasini ilgari surdi. 2001 yil 28 sentyabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo`mitasining tashkil etilishi bu g`oyaning amaldagi natijasi bo`ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi qonun mamlakatimiz tinchliksevar siyosatining amaldagi yana bir ifodasi bo`ldi. Mazkur konsepsiyada belgilanganidek, mamlakatimiz tashqi siyosati milliy manfaatlarning ustuvorligi, xalqaro huquq me`yorlariga rioya etish, bahsli masalalarni tinch yo`l bilan hal qilish tamoyillariga asoslanadi. O`zbekiston tinchliksevar siyosat yuritadi va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda, ulardan chiqish huquqini o`zida saqlab qoladi. O`z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob`ektlari joylashtirilishiga yo`l qo`ymaydi.

Bugun shuni qat`iy ishonch va g`urur bilan aytish mumkinki, o`tgan yillar mobaynida O`zbekiston butun dunyo ko`z o`ngida nafaqat siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustaqil mamlakat, xalqaro maydonda ishonchli xamkor sifatida, balki global va mintaqaviy barqarorlikni ta`minlashga bevosita daxldor davlat sifatida jahon hamjamiyatining e`tirofiga sazovor bo`ldi. Bu Prezidentimiz Islom Karimov uzoqni ko`zlab, mamlakatimiz  va xalqimiz manfaatlarini ustuvor tutib, oqillik va vazminlik bilan ish yuritayotganining samarasidir.

Rahmon FARMONOV, tarix fanlari doktori,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori.

Mirsodiq ASROROV, mustaqil tadqiqotchi




 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1