Holi zabun zabonsiz obidalar kundan-kunga tutday to`kilmoqda (foto)

Madaniyat 12.02.2020, 19:00
Teglar: obida, Buxoro
Holi zabun zabonsiz obidalar kundan-kunga tutday to`kilmoqda (foto)

Buxoroning qadimiy ko`chalarini yayov kezgan kishi har qadamda bir tarixiy obidaga duch keladi. Ma`lumotlarga ko`ra, ko`hna shaharda ular soni 600 dan oshadi. Viloyat madaniy meros boshqarmasi mutasaddilarining bildirishlaricha, yaqinda tarixiy yodgorliklar to`liq kadastr qilindi. Ular davlat muhofazasiga olingan. Ba`zilarining investisiya kiritish sharti bilan tadbirkorlarga tanlov asosida berilayotgani esa obidalarni asrab-avaylash imkoniyatini kengaytiradi, deb yozadi "Xalq so`zi" muxbiri Istam Ibrohimov.

Foto: I.Ibrohimov

Maqola qayd etilishicha salkam 400 yillik tarixga ega Mag`oki ko`rpa masjidini bunga misol tariqasida keltirish mumkin. Qarovsizlikdan nurab yotgan bu yodgorlik ma`lum bir shartlar bilan “Buxoro nays karpet” (“Buxoroning chiroyli gilamlari”) MChJga ijaraga berildi. Xorijiy sarmoya evaziga yodgorlik restavrasiya qilindi. Shu tariqa uning umriga umr qo`shildi.

Ammo... Agar ayrim tarixiy obidalarga zabon bitganida avvalo Mag`oki ko`rpaga havasi kelayotganini aytar va o`zining zabun ahvolidan so`z ochardi. Bu haqda bejiz to`xtalmayapmiz. Ba`zi yodgorliklar qarovsizlik oqibatida hamda yog`in-sochin ta`sirida nurab boryapti. Beshafqat vaqt oldida ojiz qolyapti. XVIII asrda bunyod etilgan Mavlono Assiri madrasasi shular jumlasidan.

Foto: I.Ibrohimov

— 1960 yildan buyon shu madrasaga yondosh hovlida yashab kelyapman, — deydi 87 yoshli onaxon Musharraf Nuriddinova.— Bu erda ilgari ehtiyojmand uch-to`rt oila istiqomat qilganini yaxshi eslayman. Xartugul, toza-ozoda joy edi. Keyin esa qarovsiz ahvolga tushdi. Biz yashayotgan Mirdo`stim ko`chasidagi ushbu yodgorlik hamda Modarixon madrasasining ahvolini ko`rib achinasan, kishi. Mabodo, rahbarlar kelishsa, ularga bu madrasalarni ta`mirlashga yordam beringlar, deb aytgan bo`lardim.

Afsuski, Mavlono Assiri madrasasi eshigiga qulf urilgani bois ichkariga kirishning imkoni bo`lmadi.Ammo eshik tirqishlaridan qarashning o`zi kifoya: hovlisi tashlandiq, hujralar vayrona ahvolda. Yodgorlikning tashqi ko`rinishini-ku aytmay qo`ya qolaylik. “Davlat muhofazasiga olingan” degan yozuvni ko`rgan kishi esa taajjubdan yoqa ushlashi tayin.

Foto: I.Ibrohiov

Onaxon tilga olgan Modarixon xalq tilida “Qo`sh madrasa”deb ataladigan ikki yodgorlikning biridir. U XVIasrda qurilgan.Ikki qavatli. Mahobatli. Nozik me`moriy echimga ega. Ellikdan ziyod hujrasi bor. Aksariyati huvullab yotibdi. Ba`zi hujralar omborxonaga yoki axlatxonaga aylantirilgandek taassurot qoldiradi.Ta`mirtalab, abgor ahvolda.

Foto: I.Ibrohimov

— 1997 yildan buyon shu erda oilaviy faoliyat ko`rsatib kelyapmiz, — deydi hunarmand Dmitriy Anisimov. — Rahmatli otam ishlagan ustaxonani o`z kuchimiz bilan ta`mirladik. Ilgari bu erda ustalar ko`p edi. Lekin inshoot tenderga qo`yilgan, degan gap-so`zlardan keyin ularning hafsalasi pir bo`ldi. Ketib qolishdi. Agar hujralar xalq amaliy san`ati ustalariga berilsa, ular bu erni risoladagidek ta`mirlashgan, madrasa fayziga fayz qo`shishgan bo`lur edi. Bunga ishonchim komil.

“Hunarmand” uyushmasi a`zosi Dmitriyning aytishicha, madrasani tomosha qilgani sayyohlar tez-tez kelib turishadi. Ammo qulf urilgan yoki tashlandiq holda yotgan hujralar oldida turgan sayyohning ko`nglidan qanday o`ylar kechadi? U madaniy merosga bo`lgan bunday munosabatga qanday baho beradi? O`z yurtiga qanday taassurotlar bilan ketadi?!

Foto: I.Ibrohimov

Aytmoqchi, qadimiy shahardagi qay bir tarixiy yodgorlik eshigida kunduzi ham qulf ko`rsangiz, bilingki, u ta`mirtalab yoki qarovsiz ahvolda. Vaholanki, sayyohlarning shaharda imkon qadar uzoqroq qolishi har tomonlama, ayniqsa, moliyaviy jihatdan foydali. Shunday ekan, ta`mirtalab yodgorliklarni restavrasiya qilish, holatini yaxshilash, eshiklarini lang ochib qo`yish mavridi keldi. Fikrimizcha,bu umumdavlat miqyosidagi masalaga aylanishi, tegishli tashkilotlar shu maqsad yo`lida jonini jabborga berib ishlashi zarur. Toki, restavrasiya ishlari keng ko`lam kasb etsin. Soha uchun professional kadrlar tayyorlansin. Qadimiy yodgorliklarning har bir g`ishtini asrab-avaylaylik. Ular to`g`risida chuqur bilimga ega bo`laylik.

Yana bir gap: Ayrim davlatlarda yuz, nari borsa, yuz ellik yil muqaddam qurilgan inshootlarni ham tarixiy obida sifatida asrab-avaylashadi, ular bilan faxrlanadi. Bizda esa o`tmishi salkam ming yilga borib taqaladigan yodgorliklar oz emas. 900 yillik tarixga ega Namozgoh masjidini misol tariqasida keltirish mumkin. Tarixiy manbalarda juda obod, xushmanzara va fayzli maskan,deya ta`rif etilgan bu go`sha afsuski,hozir achinarli ahvolda. Noyob me`moriy yodgorlik tutday to`kilib boryapti. Holbuki, bunday ob`ektlar sayyohlikni, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu haqda alohida to`xtalib, joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga etkazish, katta salohiyatga ega ziyorat turizmini ham jadal rivojlantirish zarurligini ta`kidladi. Shunday ekan, ajdodlarimizning aql va zakovati mahsuli sanalgan har bitta masjid va madrasani, boy madaniy merosimizni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash, ular holatini yaxshilash mavridi allaqachon keldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1