my5
all

Farzandingizga poyafzal tanlashda adashmang!

Salomatlik 05.03.2015, 15:17
10178
Farzandingizga poyafzal tanlashda adashmang!

O`zbek xalqi nihoyatda bolajon. Bu – odamlarning qon-qoniga singib ketgan, millatimizga xos ezgu fazilat. Shundan bo`lsa kerak, savdo rastalarida odatda bolajonlar uchun ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar, jumladan, mavsumiy poyafzallar savdosi xaridorlar bilan gavjum bo`ladi. Afsuski, xaridorlar ko`pincha mahsulotning aynan tashqi ko`rinishiga e`tibor qaratishadi, biroq uning standart talablariga javob berish-bermasligi haqida o`ylab ko`rishmaydi.

Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, bugungi kunda er yuzidagi har to`rtinchi ayol va har oltinchi erkak sifatsiz yoki “qo`lbola” poyafzal kiyish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklardan aziyat chekmoqda, har yili maktab yoshidagi bolalarning 65 foizi shu sabab yassitovonlik xastaligiga duchor bo`lmoqda. Statistikaga ko`ra, ikki yoshda 24 foiz, to`rt yoshda 32 foiz, olti yoshda esa 40 foiz bolalar kontrafakt mahsulotlar o`ljasiga aylanishmoqda.

Bundan tashqari, zamonaviy tibbiyotda faqat “bejirim” ko`rinishi bilan e`tiborni jalb qiladigan, ammo, standart talablaridan mutlaqo yiroq hamda tegishli gigienik va muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lmagan bolalar poyafzallari kichkintoylarda oyoq barmoqlarning noto`g`ri rivojlanishi, gipergidroza (oyoq terlashi) va tog`ay hosil bo`lishi kabi keyinchalik jiddiy asoratlar qoldiradigan ortopedik kasalliklarni yuzaga keltirishi isbotlangan.

Albatta, hamma ham farzandini katta hayotga sog`lom qadam qo`yishini istaydi. Xo`sh, bolalar uchun har tomonlama qulay va sifatli poyafzal xarid qilish uchun nimalarga e`tibor qaratish kerak?

BOG`IChLI POYAFZAL — GO`DAK UChUN AFZAL!

Go`dak ilk odimlarini tashlashi bilan, tabiiyki, ota-ona unga mos poyafzal xarid qilishga oshiqadi. Ta`kidlash joizki, bolaning birinchi oyoq kiyimi unda ko`proq harakat qilish, yurishga rag`bat va qiziqish uyg`otadi. Shuning uchun, mahsulot, eng avvalo, go`dak uchun xavfsiz hamda qulay, jumladan, poyafzalning tag qismi nisbatan engil ishlangan bo`lishi lozim. Aks holda, bolaning harakatlanishi qiyinlashadi va unda mustaqil yurishga bo`lgan ishtiyoq so`nadi.

Shuningdek, bir yoshdan etti yoshgacha bo`lgan bolalar uchun poshnadan yuqori - orqa qismi qattiq hamda tabiiy materiallardan ishlangan poyafzallarni xarid qilgan ma`qul. Bu - go`dak oyoqchalarining tovon qismi to`la shakllanishiga yordam beradi.

Bugungi kunda yurtimizdagi bozor va savdo rastalarida bog`cha yoshidagi bolalar uchun mo`ljallangan turli xil ko`rinishdagi poyafzallarni uchratish mumkin. So`nggi paytlarda ota-onalar farzandlariga ko`proq bog`ichsiz oyoqkiyimlar xarid qilishmoqda. Aslida, endigina yurishni o`rganayotgan bolajonlar oyoq mushaklarining yanada mustahkamlanishi uchun bog`ichli poyafzallar foydaliroq ekanligi aniqlangan. Shu o`rinda yana bir tavsiya. Poyafzal xarid qilayotganda uning old tomoni, ya`ni uch qismi bilan bolangizning oyog`i o`rtasidagi oraliq masofa bir santimetrdan kam emasligiga ishonch hosil qiling. Bu, ayniqsa, qish mavsumida muhim ahamiyatga ega. Boisi, etikda hosil bo`lgan bo`shliq o`zida issiq havo to`playdi hamda bola oyoqlarini sovuqdan himoya qiladi.

UChLI TUFLIDAN EHTIYoT BO`LING!

Keyingi yillarda er yuzining turli hududlarida iqlimning keskin o`zgarishi hech kimni ajablantirmay qo`ydi. Shu bois bolalarga ko`proq har qanday iqlim sharoitiga moslashtirilgan, bir vaqtning o`zida oyoqning terlashiga ham, sovuq qotishiga ham yo`l qo`ymayditgan poyafzallar olib bergan yaxshi.

O`z navbatida, bu xildagi bahorgi-kuzgi oyoqkiyimlar xarid qilayotganda ularning nafaqat har jihatdan komfort va issiq bo`lishi, balki kichkintoylarning jajji oyoqchalarini tasodifiy ko`lmaklarda, suvli joylarda ham himoya qila olishiga e`tibor qaratish lozim. Chunki, odatda bolajonlar bunday “hududlarda” sayr qilishni xush ko`radi. Shuningdek, bu turdagi poyafzallarning tagcharmi qalin bo`lishi kerakligini ham nazardan chetda qoldirmaslik talab etiladi.

Bola oyoq kaftining tuzilishi kattalarnikidan farq qiladi. Shu bois, ularga keyingi paytlarda urfga kirgan haddan tashqari uchli tuflilar olib berish tavsiya qilinmaydi. Bu - qon aylanishining buzilishi hamda butun oyoq yuzasining noto`g`ri rivojlanishi kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Standart talablariga ko`ra poyafzalda bosh barmoq boshqa barmoqchalarga o`ta zich joylashmasligi va ularni siqib qo`ymasligi lozim. Ya`ni, bolalar tuflisining uch qismi albatta keng ishlangan bo`lishi zarur.

Ta`kidlash joizki, haddan tashqari tor va uchli tuflilar davlat standarti talablariga mutlaqo javob bermaydi.

SIFATSIZ ETIK - XUNUK OQIBAT

Botinka, etik va kalta ko`njli etiklar eng avvalo, nam o`tkazmaslik xususiyatiga ega bo`lishi zarur. Ko`p hollarda ota-onalar farzandlariga oyoqning “nafas” olishiga imkon bermaydigan, ta`bir joiz bo`lsa, oyoq yuzasida “parnik effekti” hosil qiladigan, eng yomoni, allergik va zamburug`li kasalliklar qo`zg`ashi mumkin bo`lgan rezinali etiklar xarid qiladi.

Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi kunda dunyoda yuqori oyoq terlashi, boshqacha aytganda, gipergidroz kasalligiga chalingan aholi soni ikki foizdan ziyodni tashkil etadi. Albatta, bu rasmiy statistika. Aslida, bu ko`rsatkich yanada ko`proq bo`lishi ham mumkin. Buning asosiy sabablaridan biri noto`g`ri, standart talablaridan mutlaqo yiroq poyafzallardan foydalanishdir.

Bu o`rinda ota-onalar, eng avvalo, bolaning tez rivojlanuvchi oyoq kaftiga zarar etkazmaydigan poyafzallarni tanlay bilishlari lozim. Qishki oyoq kiyimning tagcharmi har qanday sirpanchiqqa bardosh berishi hamda aniq shaklga ega bo`lishi kerak.

Shuni yodda tutingki, past haroratda qayishqoqlik xususiyatini yo`qotadigan poliuretan tagcharmlarga nisbatan, polivinilxlorid va termoelastoplast materiallardan ishlangan tagcharmlar sifatliroq, shuningdek, sirpanchiqlarga chidamli hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har jihatdan sog`lom va barkamol voyaga etkazish masalasiga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasiing 2011 yil 28 apreldagi “Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menendjmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo`shimcha chora tadbirlar to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq, bolalar poyafzallari va kiyim-boshlarining majburiy tartibda sertifikatlashtiriladigan mahsulotlar ro`yxatiga kiritilishi ham bejiz emas. Bu, eng avvalo, farzandlarimiz salomatligi bilan bog`liq masala. Sog`lom bola esa baxtli kelajak demakdir.

Shunday ekan, ota-onalar ham bu borada e`tiborliroq bo`lishi, poyafzal xarid qilayotganda, sotuvchidan mahsulotning standart talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat hamda poyafzalning ostki-ustki qismlarini sun`iy materiallardan tayyorlash uchun Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tegishli ruxsatnoma ko`rsatishni talab qilishlari lozim. 

Шарҳлар