Yaponiyaning Yokogama portida karantinda turgan Diamond Princess sayohat kemasidagi 44 nafar AQSh fuqarosida koronavirus aniqlandi. Bu haqda daryo internet nashri, Yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchiga tayanib xabar berdi.
Fauchining so`zlariga ko`ra, virusni yuqtirib olganlar Yaponiyadagi kasalxonada davolanadi.
Diamond Princess sayohat kemasi joriy yilning 20 yanvar kuni Yokogamadan chiqib, Kagosima—Gonkong—Okinava yo`nalishidan o`tib, 3 fevral kuni qaytib kelgan. Bu vaqtga kelib kemadagi bir necha kishi tobi qochgani haqida xabar qilgan va hukumat bortdagi barchani tekshiruvdan o`tkazishga qaror qilgan. 11 fevral kuni sayohat kemasidagi keksalar va surunkali kasalliklarga ega bemorlarni sohilga evakuasiya qilish boshlagan edi.
Avvalroq Amerika hukumati kemadagi 380 ga yaqin o`z fuqarosini evakuasiya qilishga tayyorlanayotgani va buning uchun Yaponiyaga ikkita samolyot yuborishini ma`lum qilgandi. Ma`lumotlarga ko`ra, hozirda Diamond Princess kemasida koronavirusni yuqtirib olganlar soni 355 kishiga etgan.