Yangi koronavirusning tarqalishi tufayli dunyoning ikkinchi iqtisodiy giganti hisoblanmish — Xitoy 2020 yilning birinchi choragida 1 trillion yuan (143,1 milliard dollar) zarar ko`rgan. Bu mamlakat YaIMining bir foizini tashkil etadi, deb ma`lum qildi “Tayxe“ tahliliy markazining ilmiy xodimi Chjan Szyajuy RIA novostiga.
Uning aytishicha, ofat tufayli ayniqsa, umumiy ovqatlanish muassasalari, turizm va chakana savdo ko`p zarar ko`rgan.
Hukumat epidemiyaning iqtisodiyotga ta`siri qisqa muddatli ekani haqida doimiy ravishda bayonot berib kelmoqda. Rahbariyatning ta`kidlashicha, kasallik bartaraf qilingach, iste`mol ehtiyoji va boshqa iqtisodiyotni rivojlantiruvchi drayverlar qayta jonlanadi. Lekin, ekspertning fikricha, koronavirus tarqalishi ko`plab korxonalarni xonavayron qilishi mumkin.
Chjan Szyajuyning ta`kidlashicha, hukumat kasallik tarqalishining oldini olish uchun qator jiddiy choralar ko`rdi. Masalan, Uxan va Xubey viloyatining boshqa bir qator shaharlari yopildi, yangi yil ta`tili uzaytirildi, yirik tadbirlar bekor qilindi, jamoat transportlarida mamlakat bo`ylab safarlarni qisqartirdi.
“Shunga qaramay, epidemiya Xitoyning makro va mikroiqtisodiyotiga salbiy ta`sirini o`tkazmoqda”, dedi ekspert.