Xalqimida tildan tiliga o`tib yuradigan bir gap bor: Jannatdan bir supa bo`sh turarmish. Bu supa eng ahil-inoq hayot kechirgan qaynona va kelinga nasib qilarkan. O`sha supa esa hamon bo`sh emish... Aslida qaynona-kelin o`rtasidagi munosabatlarni taroziga tortib, o`lchovga solib bo`lganda, o`sha supaning da`vogari allaqachon topilgan bo`lardi. Galdagi sahifamiz orqali o`zbek qaynonalari obrazida xotiramizda muhrlangan, qattiqqo`l, zamonaviy, sabr-bardoshli qaynonalarga “rolingizdagi qaynonani oqlaysizmi va o`zingiz qanday kelin bo`lgansiz?” degan savol bilan murojaat qildik. Darvoqe, mushtariylarimiz o`rtasida o`tkazilgan so`rovnomalarga ko`ra ularning har biriga alohida o`rin berdik.
“Eng zamonaviy qaynona”
(MY5 telekanali orqali namoyish etilayotgan “Qaynona-kelin” serialidagi roli uchun)
Mavluda Asalxo`jaeva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— Hayotda juda qattiqqo`l qaynona emasman. Kelinim singlim bo`lgani bilan (xonanda turmush o`rtog`ining o`g`liga o`z singlisini kelin qilgan - tahr.) tergayman, ro`zg`or yumushlarini o`rgataman. Lekin, hamma ishiga burnimni suqavermayman. Axir ular ham yosh, o`zi istaganicha yashashni istaydi. Ikki yoshning orasiga tiqilib, o`g`liga kelinini yomonlaydigan qaynonalardan emasman. Agar kelinim singlim bo`lmagan taqdirida ham bunday qilmasdim. Lekin men uydaligimda ko`zimdan yo`qolib qolishiga, uyiga kirib ketishiga sira yo`l qo`ymayman. Kelinmi, yonimda bo`lsin! Issiq-sovog`imdan xabardor bo`lib tursin deyman-da (kulib). Serialdagi kelinim — Parizodani ham juda yaxshi ko`raman. U biroz ayyor bo`lishiga qaramay, shirinsuxanlik bilan ko`ngilga yo`l topa oladi. Ishini darrov bitiradi. Hamma kelinlar unga o`xshasa, qaynonalar jon desa kerak.
“Qildan qiyiq qidiradigan qaynona”
(2010-yil katta ekranlarga chiqqan rejissyor Abduvohid G`anievning “Sevginator-2 yoxud qaynona operasiyasi” filmidagi roli uchun)
Muqaddas Xoliqova, O`zbekiston xalq artisti:
— Agar hayotda “Sevginator” filmdagidek kelinim bo`lganida albatta bir amallab yo`lga solardim. Filmdagi qaynona qildan qiyiq qidiradigan emas-ku. Aksincha o`sha ayyor kelinning nog`orasiga o`ynab kartoshkasini ham archib beradi, hovlini ham supuradi. Yana qaynona yomonmi?! Filmdagi birinchi kelin hadeb yig`layvermay, ko`zini yoshini og`izib onasinikiga ketavermasdan shu uydagi kam-ko`stga, qaynonasining achchiq-shirin gapiga bardosh berishi kerak edi. Qaynona sal qattiq gapirib yuborsa, darrov tugunini yig`ishtirib uyiga ketib qolish yaxshimas. Darvoqe, o`zim qaynonamning ko`zlariga qarab turadigan, mo`min-qobil kelin bo`lganman. Ular bilan birga yashamagan bo`lsak-da, hech qachon tanbeh eshitmasdim.
“Eng muloyim qaynona”
(2012 yilda katta ekranlarga chiqqan rejissyor Aziz Umrzoqovning “Oqibat” filmidagi roli uchun)
Barno Qodirova, aktrisa:
— “Oqibat” filmida juda muloyim qaynona rolida gavdalanmagan bo`lsam-da, doim farzandlarimning taqdiri bilan yonib kuyganim, qattiqqo`lligim ortida ham mehr borligi sezilib turadi. O`zimning o`g`lim yo`q. Ikki qizimni uzatganmiz. Kuyovlarimni esa xuddi o`z o`g`limdek qabul qilganman. Agar o`zim kelin tushirgan taqdirimda ham u darajada qattiqqo`l qaynona bo`lmas edim. Kattalar yoshlarga qaraganda hayotiy tajribaga ega bo`lishadi. Ularning xatolarini to`g`irlash, to`g`ri yo`lga yo`naltirish bizning vazifamiz. Kichik xatosini deb oilalarni ajratib yuboradigan qaynonalarni tushuna olmayman. “Oqibat”dagi kelin engil hayotni tanlaydi, uy yumushlaridan qochadi. Qaynona esa qizining gapiga quloq tutib unga zulm qiladi-yu, so`ng hammasini ikki yoshning o`ziga qo`yib beradi. Shunday vaziyatda ajralish yoqasida turgan ikki yoshni bir-biriga isitish, yana oila mehr muhabatni saqlab qolish - qaynonalarning gardanida.
“Eng zolim qaynona”
(2004-yil katta ekranlarga chiqqan rejissyor Ibrohim Rasulovning “Begona bahor” filmidagi roli uchun)
Gulchehra Ibrohimbekova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— “Begona bahor” filmidagi qahramonim faqat zolim qaynona emas. Uning ham o`ziga yarasha orzu-havaslari bor. Uni butkul ayblash noto`g`ri. Agar bu qaynona ich-ichidan yomon, zolim bo`lganda edi filmning yakuniga borib, telba bo`lib qolmasdi. Bu ayolni hayotning turli chig`iriqlari o`z sinovidan o`tkazgani sezilib turadi. Hayotda ana shunday qaynona-kelinlar kam deysizmi? Filmdagi muammolar ayni biz yashab turgan turmushimizdan olingan. O`zim esa, hayotda bittayu bitta o`g`limning ortidan uyimga nur yog`dirib kelgan kelinimga risoladagidek qaynona bo`lishga harakat qilaman. Hatto filmdagidan farqli o`laroq kelinimning o`qishiga bosh-qosh bo`ldim, charlari qilishlariga qarshi chiqdim (kulib). Endi uyog`iga menga bahoni kelinimning o`zi bersin.
“Eng chapani qaynona”
(2012 yil, jissyor Javlon Shodmonovning “Super qaynona” filmdagi roli uchun)
Saida Rametova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— Qaynonalar kelinni uyiga olib kelib to`y qilganidan keyin undan ayb qidirmasdan, kelin tushirishdan avval o`ylashi, avvalo o`zini o`zi tarbiya qila bilishi kerak. Axir ikki yosh oilada tinch-totuv yashasa, bu qaynonaning baxti emasmi? Nega endi har narsadan ayb topib, kelinlarni jazolayveramiz. Axir o`g`limiz o`sha xotinini deb turgandan keyin uni ham ik o`t orasida qoldirishdan ne naf? Aksincha qaynonalar oilam tinch, o`g`limning ishida baraka bo`lsin desa kelini bilan dugona bo`lishi kerak. Men ham mana 11 yildirki kelinim bilan dugonaman. “Dugonam” bilan esa hali sen-menga borganimizcha yo`q.
“Eng manman qaynona”
(2012 yil, rejissyor Otabek Mirzaxolovning “Yolg`izginam” filmi uchun)
Xosiyat Xusanova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— Rejissyorlar menga doim juda kibrli, birovning gapini inobatga olmaydigan, oling quda, bering quda kabi odatlarni yaxshi ko`radigan qaynonalar rolini berishadi. “Yolg`izginam” filmida men yaratgan qaynona obrazining xatti-harakatlari, keliniga bo`lgan munosabatini unchalik oqlamayman. Keliniga etigini zanjirini tortib qo`yishni buyuradiyu noxosdan uzilib ketsa uning boshiga “itning kunini soladi”. Nahot kelinning obro`si bir “zanjir”chalik bo`lmasa. Kelin bechora na qaynonadan mehr ko`rsa, na turmush o`rtog`idan, axir oilada kimga suyanishi kerak? Mana shunaqa qaynonalarning zulmidan kelinlar hatto qaynonasining yonida nafas olishga ham qo`rqadi. Fursatdan foydalanib qaynonalar ham uyga kelgan kelinni til uchida emas, yurakdan o`z qizlaridek qabul qilishsin. Albatta kelinlar ham oilada o`z o`rnini yo`qotmay, kattalarning hurmatini joyiga qo`yishsin.
“Eng qat`iyatli qaynona”
(2008 yil, rejissyor Rustam Sa`dievning “Kelgindi kelin” filmdagi roli uchun)
Muhabbat Abdullaeva, aktrisa:
— Tomoshabinlar ko`cha-kuyda meni uchratib qolishsa “Kelgindi kelin”dagi qaynona rolimni eslashadi. Juda qattiqqo`l qaynona bo`lgansiz, deydiganlar ham bor. Aksincha meni rolimdagi qaynona qattiqqo`l emas, oilasini, farzandini taqdirini o`ylaydigan, yaxshi orzu-umidlar bilan o`g`il o`stirgan mushtipar ona. Axir qaysi ayol ko`chadan kelgan “musht”dek qiz o`g`lingizdan homiladorman deb uyiga kirib kelsa menday yo`l tutmaydi? Nima, shuncha qilg`iligidan keyin men o`sha kelinni boshini silashim kerakmidi?! (kulib) Shuning uchun bu filmdagi qaynonani yomon ko`rishlarini istamasdim.
O`zim esa yoshligimda juda ma`qulgina, ertalab salom bergancha miq etmay yuradigan, kamgap kelin bo`lganman. Leksikonim faqat “Assalomu alaykum, xo`p bo`ladi, rahmat” degan so`zlardan iborat edi xolos.