1

Rossiyalik xokkey yulduzlari: "O`zbekiston kelgusida albatta xokkey cho`qqisiga erishadi" (foto)

Sport 18.02.2020, 19:57
Teglar: xokkey, Rossiya, Toshkent
Rossiyalik xokkey yulduzlari: "O`zbekiston kelgusida albatta xokkey cho`qqisiga erishadi" (foto)

Bugungi kunda yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga professional sportdagi g`alabalarimiz salmog`ini oshirish va bu jarayonda qishki sport turlari, ayniqsa xokkeyni yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

“O`zbekiston Respublikasida qishki sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori esa mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi. Mazkur qarorning muhim bandlaridan biri – qishki sport turlari bo`yicha chet eldan taklif qilinayotgan mutaxassislarning xizmat uylari bilan ta`minlanishidir.  

“Xumo Arena” ko`p tarmoqli muz saroyining ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rossiyalik xokkey yulduzlariga poytaxtimizdan uy-joy berish taklifini bergandi. "Toki ular Toshkentga mehmon bo`lib emas, balki o`z uyiga kelgandek kelishsin”, degandi.

Shu munosabat bilan Toshkentga rossiyalik xokkey afsonalari taklif etildi. Respublikamizning sport jonkuyarlari, jumladan Xokkey federasiyasi vakillari ishtirok etgan tantanali tadbirda xokkey yulduzlari Valeriy Kamenskiy, Aleksandr Yakushev, Vitaliy Proxorov va Aleksey Jamnovlarga Toshkent shahrida qurilayotgan kvartiralarning kaliti topshirildi.

Keyin "Xumo" muz saroyida rossiyalik chempion xokkeychilar va o`zbekistonlik OAV vakillari ishtirokida press konferensiya o`tkazildi.

–Bizning bu e`tibordan boshimiz ko`kka etdi. Shu bilan birga bu sizning xokkey veteranlariga bo`lgan hurmatingiz, bizni unutmaganingizdan dalolat berib turibdi. Kelgusida sizning ham yulduzlaringiz xokkey cho`qqisiga chiqishi va o`z muxlislarini xursand qiladigan o`yinlar ko`rsatishi tilakdoshimiz, – dedi V.Kamenskiy.

Vitaliy Proxorov esa O`zbekistonga bir necha marta kelgani, oxirgi marta kelganda muz saroyida mashq qilayotgan bolalarni ko`rgani, ammo ular hali juda betartib harakat qilayotgani, hatto muzda ko`p yiqilishgani, lekin olti oydan so`ng saroyning ochilishida ularning ancha narsaga o`rganganini ko`rib sevinganini aytdi. 

"Shunday tirishqoq bolalar va jonkuyar trenerlar bor ekan, o`zbek xokkeyi tez orada yaxshi natijalarga erishadi, – dedi V.Proxorov.

Kuni kecha Toshkentdagi "Xumo" muz saroyida rossiyalik xokkey afsonalari va yurtimizdagi xokkey federasiyasi jamoasi o`rtasida o`rtoqlik uchrashuvi ham bo`lib o`tdi. 

Tadbirda o`z o`yinlari bilan dunyo xokkey ixlosmandlarining qalbidan chuqur joy olgan afsonaviy xokkeychilar jurnalistlarning savollariga javob berishdi. O`zlariga bildirilgan ishonch va ehtiromdan boshi ko`kka etgani va bunday voqea ularning hayotida ilk marotaba yuz berganini ta`kidlab, buning uchun hukumatimizdan minnatdor ekanini bildirishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1