1

Xalqaro marafon g`oliblari 350 million so`m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi

Sport 20.02.2020, 17:02
Xalqaro marafon g`oliblari 350 million so`m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida joriy yil 22 martda “Navro`z” umumxalq bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan II Toshkent Xalqaro marafoni oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining o`rinbosari Elbek Shukurov, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O`zbekiston engil atletika federasiyasi raisi Andrey Abduvaliev, federasiya bosh kotibi Kamoliddin Ro`zimuhammedov, II Toshkent Xalqaro marafoni Bosh koordinatori Boris Jgir, xalqaro ekspert Aleksey Kondrat hamda taniqli sportchilar, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. 
Anjuman avvalida Jismoniy tarbiya va sport vazirining o`rinbosari Elbek Shukurov bu yilgi tadbir haqida qisqacha ma`lumot berdi.

- O`tgan yili poytaxtimizda ilk marotaba Toshkent Xalqaro yarim marafoni yuqori saviyada tashkil etilgandi. Bu yil esa musobaqa nufuzi va ko`lami yanada kengayib, endi to`liq marafon o`tkazilmoqda. Joriy yilgi marafon to`rtta masofada tashkil etiladi. Ya`ni, uzunligi 42 km 195 m bo`lgan marafon, uzunligi 21 km 97,5 m bo`lgan yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofalarga yugurish musobaqalaridir. Marafon distansiyasi esa World Athletics, ya`ni Jahon engil atletikasining jamoaviy a`zosi bo`lgan AIMS – Xalqaro uzoq masofa va marafonlar assosiasiyasi tomonidan sertifikasiyalangan. Har qanday sport turining asosi – yugurish. Shu ma`noda mazkur marafon poygalarining o`tkazilishi shahrimiz aholisi va mehmonlari orasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilish va yugurishni ommaviylashtirishga, qolaversa sport turizmini rivojlantirish hamda O`zbekistonning eng kuchli marafonchilarini aniqlashga xizmat qiladi, - dedi Elbek Habibullaevich.

Shuningdek, matbuot anjumanida II Toshkent Xalqaro marafonining umumiy mukofot jamg`armasi 350 mln. so`mni tashkil etishi, katta marafon musobaqasi g`olibi 30 million so`m, yarim marafon musobaqasida 1-o`rinni egallagan sportchi esa 12 million so`m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytib o`tildi. Umuman, har ikki masofada dastlabki sakkizta o`rinni qo`lga kiritgan sportchilar uchun mukofot belgilangan.
Qolaversa, 3 km masofaga shaxsiy va jamoaviy hamda 1,5 km masofaga o`tkaziladigan poygalarda o`z guruhlarida sovrinli o`rinni qo`lga kiritgan sportchilar ham pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ta`kidlandiki, II Toshkent Xalqaro marafoni Xalqaro engil atletika federasiyasi tomonidan marafon yo`nalishi bo`yicha Tokio-2020 olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etadigan musobaqalar qatoriga kiritilgan. Bu esa ishtirokchilarning musobaqalarga bo`lgan qiziqishni yanada oshiradi.

Darvoqe, anjumanda jurnalistlarni Xitoyda keng tarqalgan koronavirus epidemiyasi musobaqaga qay darajada ta`sir o`tkazishi mumkinligi ham qiziqtirdi.

- Koronavirus muammosi butun dunyoga tahdid solayotgani bor gap. Biroq, bu bilan katta sport to`xtab qolgani yo`q, xalqaro musobaqalar davom etmoqda. Tadbirni o`tkazish uchun hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan. Marafon musobaqasini o`tkazish uchun Sog`liqni saqlash vazirligiga ham tegishli topshiriqlar berilgan. O`zbekistonda xavfning oldini olish uchun eng zamonaviy ehtiyot choralari ko`riladi, - deb javob berdi mazkur savolga Jismoniy tarbiya va sport vazirining o`rinbosari Elbek Shukurov.

Anjumanda ishtirok etgan II Toshkent Xalqaro marafoni Bosh koordinatori Boris Jgir musobaqa o`tadigan poytaxtimiz trassalari xalqaro talablarga to`liq javob berishi, o`z navbatida marafon paytida g`olibni aniqlash uchun transponder tizimidan foydalanilishi haqida aytib o`tdi. Bu esa musobaqaning shaffofligini ta`minlashga xizmat qiladi.

Eslatib o`tamiz, Toshkent Xalqaro marafoni o`tgan yili ham o`tkazilgan va unda dunyoning 30ga yaqin davlatidan vakillar ishtirok etgan bo`lsa, bu safar musobaqa geografiyasi ancha kengayib, joriy yil bahslarga tashrif buyuruvchi davlat vakillari 50tadan ortishi kutilmoqda.

Musobaqaning start-finish chizig`i Afrosiyob va Beshyog`och ko`chalarining kesishuvida, “Humo Arena” muz saroyi oldida joylashgan. Marafon va yarim marafon masofalarida vaqt cheklovi belgilangan bo`lib, sportchilar ushbu vaqt davomida masofani yakunlashlari shart. Qolaversa, marafon, yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofaga yugurish bahslarida marraga etib kelgan ishtirokchilarining har biriga maxsus medal topshiriladi. Shuningdek, tadbir tashkilotchilari va xomiylar tarafidan musobaqa g`oliblari va ishtirokchilarga qo`shimcha sovg`alar ham ko`zda tutilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Marafonga doir qo`shimcha ma`lumotlar, ya`ni ishtirok qiymati, ro`yxatdan onlayn o`tish va tadbir yuzasidan boshqa ma`lumotlarni www.uzmarathon.uz saytidan olishingiz mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1