Farg`ona viloyati hokimi Azizbek Abduhabibov va Rasuljon Abdurahimovlarga “Kobalt” va “Neksiya-3” sovg`a qildi

Sport 21.02.2020, 09:31
Farg`ona viloyati hokimi Azizbek Abduhabibov va Rasuljon Abdurahimovlarga “Kobalt” va “Neksiya-3” sovg`a qildi

Farg`onada bo`lib o`tgan “Biz jinoyatchilikka qarshimiz!” shiori ostidagi yoshlar festivali 15 ming nafardan ziyod o`g`il-qizlarni ezgu maqsadlar sari chorladi, deya yozdi O`zA.

Viloyat hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shahar va tumanlardan o`quvchi va talabalar, sportchilar, faol va uyushmagan yoshlar, o`z xizmat burchini o`tayotgan askar o`g`lonlar ishtirok etdi.

Farg`ona shahridagi “Istiqlol” o`yingohining tashqi maydonida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus mazmun-mohiyatini o`zida aks ettiruvchi, yoshlarni giyohvandlik, jinoyatchilik singari illatlarga qarshi kurashuvchanlikka o`rgatuvchi keng yo`nalishli ko`rgazma namoyish etildi.

Iqtidorli yoshlarning ijodiy ishlari, yosh harbiylarning jangovarlik chiqishlari, harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanga muhabbat ruhidagi kuy-qo`shiqlari o`z ta`sirchanligi va yosh avlodni bunyodkorlikka, sog`lom va barkamol hayotga, eng asosiysi, vatanparvarlik va sportga ruhlantirishi bilan festival ishtirokchilari e`tiborini tortdi. Bo`sh ish o`rinlari yarmarkasida uyushmagan yoshlarning aksariyati o`z qiziqishlariga munosib ish o`rinlari bo`yicha mutaxassislardan yo`llanma va maslahatlar olishdi.

San`atkorlar va so`z ustalarining badiiy-musiqiy dasturi festivalga jam bo`lgan yoshlar qalbiga ko`tarinkilik, shu tinch va hur diyorda yashash va kamolga etish baxtidan shodumonlik hissini ulashdi. Yoshlar vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, buyuk istiqbolga ishonch ruhidagi tantanavor shiorlarni baralla aytishdi.

Ayniqsa, Tokioda bo`lib o`tadigan 2020 yilgi Olimpiada o`yinlariga yo`llanmani qo`lga kiritgan ikki farg`onalik sportchi –Azizbek Abduhabibov va Rasuljon Abdurahimovlarga viloyat hokimligi tomonidan taqdim qilingan “Kobalt” va “Neksiya-3” rusumli engil avtomobillarning o`yingohga kirib kelganida matonatli sportchilarimiz yanada olqishlandi.

Festival doirasida 100 metrga yugurish, polvonlar bellashuvi, arqon tortish, shaxmat-shashka o`yinlari tashkillandi. Shuningdek, “Hokim kubogi” uchun Farg`ona shahridagi mahallalarning 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlari o`rtasida mini futbol musobaqasi o`tkazildi. Unda hududdagi Jo`ydam, Huvaydo, Sohibkor, Afrosiyob, Tinchlik, Yormozor, Beklar singari o`nlab mahallalar yosh futbolchilari yashil maydonda kuch sinashishdi.

“Biz – jinoyatchilikka qarshimiz!” shiori ostida tashkil etilgan festival farg`onalik yoshlarning chinakam vatanparvarlik, sport va barkamollik bayramiga aylandi.
Yoshlar festivalida Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev ishtirok etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1