1

Shavkat Mirziyoev Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Siyosat 24.02.2020, 22:12
Shavkat Mirziyoev Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Ushbu davlatlar nafaqat Osiyo, balki butun dunyoda, ayniqsa, yuksak texnologiyalar sohasida etakchi hisoblanadi, keng investisiya imkoniyatlariga ega.

Davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi va muntazam muloqotlari tufayli O`zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan, hamkorlikning turli yo`nalishlarida yaqin aloqalar yo`lga qo`yilgan.

2019 yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan samarali tashriflar bo`lib o`tdi. Xususan, 18-21 aprel kunlari Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In mamlakatimizda, 17-20 dekabr kunlari esa O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yaponiyada tashrif bilan bo`ldi. Uchrashuv va muzokaralar natijasida salmoqli hukumatlararo va idoralarlaro hujjatlar imzolandi, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy kelishuvlarga erishildi.

Bugungi yig`ilishda ushbu mamlakatlar bilan o`zaro savdo va investisiya ko`rsatkichlari izchil oshib borayotgani ta`kidlandi. O`tgan yil yakunlariga ko`ra O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan ortdi. Bugungi kunda yurtimizda Kunchiqar mamlakat ishtirokida o`ttizga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Amaldagi loyihalarni o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e`tibor qaratildi.

Yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sog`liqni saqlash va ta`lim kabi sohalarda umumiy qiymati 6,6 milliard dollarlik 48 loyiha amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.

Xususan, «HIS» kompaniyasi bilan mehmonxonalar qurish, “Isuzu” va “Itochu” bilan “SamAvto” korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik energiya stansiyasida energiya bloklari (Navoiy-3) qurish bo`yicha va ko`plab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yig`ilishda turli ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, ishbilarmon doiralarining o`zaro tashriflarini tashkil etish, yangi qo`shma loyihalar ishlab chiqish orqali O`zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada faollashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Koreya Respublikasi bilan ham iqtisodiy aloqalar salmoqli daraja rivojlanmoqda. Xususan, o`tgan yil yakuniga ko`ra ikki tomonlama savdo hajmi 2018 yilgiga nisbatan 27 foizga, jumladan, eksport 30,1 foizga oshdi. 2019 yilning o`zida O`zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyalari ishtirokida 198 ta korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni 800 dan oshdi.

Koreyalik sheriklar bilan birgalikda Toshkent shahrida bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazini qurish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta`kidlandi. Poytaxt viloyatining Qibray tumanida «Tashkent Farma Park» innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterini yaratish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, vivariy, farmakopeya markazini o`z ichiga olgan Farmasevtika texnika universiteti hamda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikasini ishlab chiqarish uchun sanoat zonasi tashkil etishni nazarda tutadi.  

Qishloq xo`jaligi, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sog`liqni saqlash, kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmasevtika va zargarlik sanoati, ta`lim va innovasiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo`nalishlari sifatida qayd etildi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik ko`magi bilan 2019 yilda sog`liqni saqlash va standartlashtirish bo`yicha umumiy qiymati 13 million dollarlik ikkita grant loyihasi doirasida ish olib borildi, 29,6 million dollarlik yana 6 loyiha amalga oshirilmoqda. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 72,2 million dollarlik yana 10 ta loyiha masalasi o`rganilmoqda.

Koreya Respublikasi Eksimbanki bilan hamkorlik doirasida investisiya loyihalarini moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasiga 2 milliard dollarlik resurslar jalb qilindi va 14 ta strategik muhim loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 608 million dollarlik 6 ta loyiha ustida ish boshlandi.

Muxtasar aytganda, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ziyod yangi ish o`rinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish nazarda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev oliy darajadagi tashriflar yakunida ishlab chiqilgan “yo`l xaritalari”da 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlarning to`liq va sifatli ijrosini ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifalar belgilandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1