AsosiyShou-biznes

O`zbekistonlik skripkachi Farangiz Jo`raeva xalqaro tanlov g`olibi bo`ldi

Ispaniyaning Kosta-Bravo shahrida bo`lib o`tgan xalqaro musiqa tanlovida o`zbekistonlik Jo`raeva Farangiz 1-o`rinni qo`lga kiritdi.

Skripka mutaxassisiligi bo`yicha o`tkazilgan tanlovda O`zbekistondan tashqari Fransiya, Ispaniya, Shvesiya, Finlyandiya, Yaponiya, Rossiya, Ozarbayjon va boshqa bir qator davlatlardan tashrif buyurgan yosh ijrochilar o`z mahoratlarini namoyish etishdi.

Farg`ona shahrining 4-sonli bolalar musiqa va san`at maktabi o`quvchisi Farangiz Jo`raevaning xalqaro tanlovdagi ishtiroki hakamlar hayati tomonidan yuqori baholandi va faxrli 1-o`ringa munosib deb topildi. Uning skripkadagi nozik ijrosi dunyoning etakchi san`atkor-ijrochilari olqishlariga sazovor bo`ldi.

Ma`lumot uchun, Farangiz Jo`raeva o`zbek yoshlarining iste`dodini jahon sahnalarida munosib namoyish etayotgan yuksak iqtidor sohibalaridan.

Farangiz 5 yoshidan skripka musiqa asbobiga mehr qo`ygan. 2011 yilda Moskvada bo`lib o`tgan "Yangi nomlar” tanlovida, 2013 yilda Ozarbayjonning Boku shahrida o`tkazilgan Xalqaro ko`rik-tanlovda o`z iste`dodii ko`rsatib, laureat bo`lish baxtiga erishgan edi. Yaqinda u Fransiyaning Parij shahrida o`tkazilgan Xalqaro musiqa festivalida g`olib ijrochilar safidan o`rin olib qaytdi.

Farg`ona shahridagi 4-musiqa va san`at maktabida tahsil olayotgan Farangizdan ustozi Elvira Barakisning umidlari katta.

Aytish lozimki, 2015 yilning bugungi kuniga qadar bolalar musiqa va san`at maktabi tarbiyalanuvchilari 20 dan ortiq xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, 25 nafari g`oliblikni qo`lga kiritgan.

    Boshqa yangiliklar