AsosiySIYOSAT

O`zbekiston Prezidenti Qozog`iston Bosh vazirini qabul qildi

Bugun, 25 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi O`zbe...

'O`zbekiston Prezidenti Qozog`iston Bosh vazirini qabul qildi'ning rasmi

Bugun, 25 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi O`zbekiston-Qozog`iston hududlararo hamkorlik forumi doirasida mamlakatimizga kelgan Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari keyingi yillarda ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarning rivojlanish sur`ati tobora ortib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlashga, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

Asqar Mamin O`zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog`istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev va Prezident Qasim-Jomart Toqaevning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda, avvalo, savdo-iqtisodiyot, investisiya, transport-kommunikasiya, energetika, agrar tarmoqlarda, ta`lim, madaniyat sohalari va boshqa ustuvor yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Tovar ayirboshlashdagi yuqori o`sish sur`atlarini saqlab qolish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatlarimiz etakchi kompaniyalari ishtirokida kooperasiya va infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Qo`shma dasturlar asosida gumanitar va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv so`ngida keng ko`lamli O`zbekiston-Qozog`iston sherikligi doirasida yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar