O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodievani sahnadan tashqarida kuzatish men uchun hamisha maroqli bo`lgan. Uning odamlar bilan samimiy munosabatidan tashqari o`ta madaniyatli ekani ham ko`zga tashlanadi. Ochig`ini aytishim kerak, shaxsan men bunday san`atkorlarni juda kam uchratganman. Bu aktrisaning ko`zlari gapiradi. Shuning uchun bo`lsa kerak, rollari ham hayotiy, ularda soxtalikni sezmaymiz. Uning ko`zlarida baxtdan tashqari, taqdirning turfa kechmishlari qoldirgan izlar bor.
— O`zbek ayoli har bir bayramni o`zi uchun yangicha kashf qiladi. Siz uchun 8 mart qanday bayram?
— To`g`risi, bu bayramni kutmayman, desam yolg`on bo`ladi. 8 martni kutmaydigan, e`tiborda bo`lishni istamaydigan ayollar, qizlar bo`lmasa kerak. Ammo bayramning qanday o`tishi bizga emas, ko`p jihatdan oiladagi erkaklarga bog`liq. Ishonsangiz, o`sha kuni qo`limni sovuq suvga urmayman, hatto choy ham qo`ymayman. Axir ayolman, yilda bir marta bu ishni erkaklarga yuklashga haqqimiz bor-ku, axir. Xullas, an`anaga ko`ra, shu kuni turmush o`rtog`im bizni oilaviy sayrga olib chiqadi. Kutilmagan sovg`alar tayyorlashga harakat qiladi. Sovg`a o`z yo`liga, lekin ayol kishi uchun eng katta sovg`a, bu — e`tibor, ikki og`iz shirin so`z, unga bir kun bo`lsa-da, ayolligini his qilib, o`zini sevishga imkon yaratish.
— Ra`no Shodieva o`zini baxtli ayollar safiga qo`sha oladimi, degan savolni berishning hojati yo`q, menimcha. Men baxtli ayolman, deyishga beshta sabab bormi?
— Albatta, bor. (O`ylanib) Men uchun baxt oilamning tinchligi, farzandlarimning salomatligi, turmush o`rtog`imning menga bo`lgan muhabbati. Hamma ayollar kabi erta tongdan turmush o`rtog`im, farzandlarimni ishga, o`qishlariga jo`natish, kechki payt esa shirin ovqatlar tayyorlab kutib olishning o`zi men uchun katta baxt. Men baxtliman deyishga sabablar soni beshtaga etdimi yoki yo`q, bu muhim emas. Muhimi, men ana o`sha baxtni to`la-to`kis his qilib yashayotganimda, o`zimni baxtli ayol, deb bilayotganimda. Tabiiyki, hayot hech qachon bir tekis ketmaydi. Buni turmush, deb qo`yibdi. Uning o`ziga yarasha “musht”lari bor. Ana shu zarbalarga bardosh bera olganlar, sabr-bardoshini sinovdan o`tkazib, Yaratganning o`zi belgilagan taqdirga shukr aytib yashayotganlar chinakam BAXT sohiblari. Darvoqe, ayolning jamiyatda tutgan o`rni ham so`zsiz oiladagi muhitga bog`liq. Ba`zida turmush o`rtog`imga “Sizga haykal qo`yish kerak”, deyman. Chunki san`atkorning turmush o`rtog`i bo`lish, uning ijodiga ijobiy nigoh bilan qarash oson ish emas.
— Turmush o`rtog`ingiz o`ta rashkchi, deb eshitganmiz. Shu rostmi?
— Axir qaysi erkak rashk qilmaydi?! Turmush o`rtog`im ham ko`cha-ko`yda, odamlar orasida rashk qilgani bilan san`atimga cheklov qo`yib, ijodiy jamoamdan, rejissyor, aktyorlardan rashk qilmaydi. Shukrki, peshanamga san`atni tushunadigan, hurmat qiladigan oqko`ngil inson bitilgan ekan. U kishi yonimda bo`lsa, o`zimni erkin his qilaman. Meni qo`llab-quvvatlayotganidan kuch olaman.
— Ra`no Shodieva kinoda o`zini o`ynab bo`ldimi?
— (O`ylanib) Bilmadim, chunki har bir rolimda o`zimning ichki kechinmalarim, fe`l-atvorim, taqdirimdagi o`xshashliklar yotadi. Aynan bitta rolda hayotdagi Ra`no aks etgan, deyolmayman.
— Siz suratga tushgan filmlar haqida gap ketganda ko`z o`ngimda munis, oilaparvar ayol obrazi gavdalanadi. “Osmon yaqin” filmidagi rolingiz esa boshqalaridan butkul farq qiladi. Men filmda Ra`noni umuman boshqacha kashf etgandim. Qahramoningizga xos shaddodlik, cho`rtkesarlik, biroz surbetlik Shodievaning yangi qirralarini namoyish etgandek. Nega bunday rollaringiz kam?
— (O`ylanib) Fikringizda jon bor. Ammo bunday e`tirozlar faqat menga bo`lmasligi kerak, deb o`ylayman. Chunki aktrisaning yuzaga chiqishi, yangi janrda o`zini ko`rsata olishi ko`p jihatdan rejissyorlarga bog`liq. Agar rejissyor meni umuman boshqa janrda, yangi ampluada ko`ra olsa, o`ylaymanki, o`sha rolni o`ynab berishga imkoniyatim etadi. Ba`zida filmlarda yomon qahramonlar rolini berishganda, “Yo`q, Ra`no yaxshisi sen bu rolni o`ynamay qo`ya qol, chunki ko`zlaring tomoshabinni aldashga qodir emas, ular seni qiyofangdagi salbiy qahramonni yomon ko`rib qolishlari kerak”, degan gaplarni aytishgan. Lekin men faqat muxlislar yoki rejissyorlarning balandparvoz gaplaridan havolanib, o`zimga katta baho bermayman. Aksincha, o`z ustimda yanada ko`proq ishlashga harakat qilaman.
— “Sukunat” filmidagi rolingiz hayotingizga qanchalik yaqin?
— Bu filmda ikki hayotni — ham qahramonning shaxsiy hayotini, ham san`atdagi hayotini ko`rsatishga harakat qilganmiz. Qahramonimning san`atdagi ijodi meni va boshqa hamkasblarimnikiga juda o`xshash. Goh tasvirga olish jarayonlari, goh teatr, goh uchrashuvlar, dublyaj, oila, bola-chaqa degandek... Agar eslasangiz, filmda shunday sahna bor: qahramonim kun davomida tasvirga olish jarayonlari, teatrdagi repetisiyada bo`lib uyga qaytadi-yu, o`sha kuni o`g`lining tug`ilgan kuni ekanini unutgan bo`ladi. Shaxsan men filmda rol o`ynayotib qizimni ko`z oldimdan o`tkazdim. Ijodiy safarlar, xalqaro kinofestivallar sabab to`rt yil davomida qizimning tug`ilgan kunida qatnasha olmaganman. To`g`ri, qo`limda sovg`alar, xalqaro mukofotlar bilan qaytardim, lekin hech narsa qizimning o`sha kundagi quvonchini qaytarib bermasdi. Bir kuni u menga shunday shart qo`ydi. “Agar yana bir marta tug`ilgan kunimda yonimda bo`lmasangiz, men hech qachon bu kunni nishonlamayman”, — dedi. Albatta, men san`atning ortidan oilamga vaqt ajratolmaganman, deb nolimoqchi emasman. Xalqqa, odamlarga kerakli bo`lganimizga ming bor shukr. Lekin to`rt yil ichida qizimni qattiq ranjitganman.
— Arziydimi?
— (O`ylanib) San`atni, ishimni farzandimdan ortiq ko`rdim, desam vijdonim qiynalib, “Men qanday onaman?” degan savolni beraveraman. Evaziga esa yurtimga, xalqimga, san`atimizga foydam tegdi. Oila va jamiyat — bular bir-birini to`ldirib turadigan tushunchalar. Shuning uchun farzandlarim katta bo`lishgach, san`atning og`ir kasb ekanini to`g`ri tushunishyapti.
— Keling, yangi filmingiz haqida gaplashsak. Alisher Uzoqov rejissyorligidagi “Kuzda gullagan daraxt” filmi bahorning eng kutilgan filmi bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. O`zingizning ko`nglingiz to`ldimi?
— Albatta. Bilasizmi, boshqa filmlarimni chetga surib qo`yish niyatida emasman-u, lekin aynan shu filmni juda uzoq kutdim. Xalq orasida shunday gap yuradi — kino tomoshabinni tarbiyalashi kerak. Tomoshabin bu filmdan qanday xulosa chiqaradi, qanday tarbiya oladi bilmadim-u, lekin unda o`zini, hayotni, biz yashab turgan jamiyatni ko`rishi aniq. Unda hayotni boricha ko`rsatishga harakat qildik. Birinchi navbatda professional aktyorlar guruhi jamlangani, ssenariyning puxtaligi, mavzuning hayotiyligi tomoshabinlarni befarq qoldirmayotganidan xursandman. Ochig`i, bu filmdan umidim katta.
— O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining magistratura bosqichida tahsil olyapsiz. Hozirgi zamonaviy aktrisa uchun magistraturada o`qish shartmi? Holbuki, ko`p aktrisalarimiz hattoki, bakalavrlik diplomini ham olishmagan.
— O`qishni, bilim olishni juda yaxshi ko`raman. Magistraturaga kirishimga qaynog`am va uning turmush o`rtog`i sababchi bo`lishdi. Ular juda ziyoli, o`qimishli insonlar bo`lishgani uchun magistraturada ham o`qib olishingiz kerak, deb qolishdi. Turmush o`rtog`im ham shu fikrda edi. Ularning daldalari bilan Qo`g`irchoq teatri yo`nalishida o`qishga kirdim. O`zingizga ma`lum, imkoniyati cheklangan bolalarga saboq ham beraman. Shu sabab qo`g`irchoq teatri yo`nalishini tanladim. Maqsadim, aynan imkoniyati cheklangan bolalar uchun qo`g`irchoq teatrining yangi, zamonaviy uslublaridan foydalanib, tushunarli, qiziqarli spektakllar namoyishini yo`lga qo`yish.
— Ijod, oila, ish, o`qish... Qiynalmayapsizmi?
— Men ayolman, demak, hammasiga ulgurishim kerak. (Kulib) Bolaligimdan vaqtimni to`g`ri taqsimlashga o`rganganman. Uyda uchalamiz — talaba o`g`lim, qizim va men birgalashib dars qilamiz. Shukrki, kenjam hali bog`chaga boradi. Hammasiga ulgurishga vaqt topayapman, albatta.
— Menimcha, suhbatni yakunlasak ham bo`ladi. Uni yaxshi kayfiyatda boshlagandik, ana shunday kayfiyatda tugatsak. Bayram yaqin, ayollarga tilaklaringiz...
— Men dunyoning juda ko`p davlatlarida bo`ldim. Turli millat ayollari bilan muloqotda bo`ldim, ularning turmush tarzini kuzatdim. Lekin uyim-joyim, oilam, bolam, deydigan, sabr-bardoshi bilan dunyoga namuna bo`ladigan o`zbek ayollariga o`xshashini uchratmadim. Tilagim — avvalo Vatanimiz tinch bo`lsin! Oilalarimiz mustahkam bo`lib, hammamiz hayotda o`z o`rnimizni topib yashaylik, farzandlarimizning kamolini ko`raylik. Bayramingiz muborak bo`lsin dugonajonlar, munis onaxonlar!
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi
Fotomuxbir: Bekzod MIRSODIQOV