Qirg`iziston bosh prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambaev va uning 13 nafar tarafdoriga 2019 yilning 7-8 avgust kunlari Qo`ytosh qishlog`idagi to`qnashuvlar bo`yicha ayblov e`lon qildi.
Ayblov xulosasi 491 betdan iborat bo`lib, unda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish, qotillik, huquq-tartibot organlari xodimlariga suiqasd, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va boshqa jinoyatlarga tegishli faktlar keltirilgan.
Qirg`iziston Milliy xavfsizlik qo`mitasi 2019 yilning avgustida Bishkek yaqinidagi Qo`ytosh qishlog`ida Almazbek Atambaevni qo`lga olishga urindi, biroq sobiq prezidentning tarafdorlari bunga qarshilik ko`rsatdi. Ikki kun davom etgan urinishlardan so`ng Atambaev taslim bo`ldi. Tartibsizliklar chog`ida 225 kishi jarohat oldi, maxsus xizmatlarning bir xodimi halok bo`ldi.
Almazbek Atambaev Milliy xavfsizlik qo`mitasining tergov izolyatorida saqlanmoqda. U boshqa jinoyatlar, xususan, korrupsiya va noqonuniy boyish bo`yicha ham ayblanmoqda.






