Kino lokasiyalari targ`iboti ortidan O`zbekistonga 5-6 million dollar kirishi kutilmoqda

Madaniyat 01.03.2020, 15:22
Kino lokasiyalari targ`iboti ortidan O`zbekistonga 5-6 million dollar kirishi kutilmoqda

Germaniyada bo`lib o`tgan nufuzli “Berlinale” kinofestivali doirasida O`zbekiston Milliy kino komissiyasi Buyuk Britaniya, Shvesiya, Fransiya, Boltiqbo`yi mamlakatlari kabi qator mamlakatlar kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishdi. 

Ushbu kelishuvlar asosida 2020-2021 yillarda O`zbekistonga kino lokasiyalari targ`iboti ortidan 5-6 million AQSh dollari miqdorida daromad kirishi kutilmoqda.   

O`zbekiston Milliy kino komissiyasi Prezidentning turizm sohasini jadal rivojlantirishga doir farmoni ijrosi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Yoshlar ittifoqi va O`zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi qo`llab-quvvatlashi ostida “Berlinale” kinofestivali doirasida “European Film Market” tadbirida ishtirok etmoqda. 

Mazkur kinofestivalda 110dan ortiq mamlakatlardan 200 stend namoyish etilgan bo`lib, unga 20 mingdan ziyod mehmon tashrif buyurdi. “Xalqaro kinobozorda Milliy kino komissiyasi hamda xorijiy kinokompaniyalar va xalqaro media-tashkilotlar o`rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazildi. 

Manfaatdor tomonlar bilan o`tgan uchrashuv va muzokaralar natijasida Evropa kinokompaniyalari vakillari lokasiya tanlash maqsadida O`zbekistonga tashrif buyurish va bu erda tasvirga olish imkoniyatlarini o`rganishni rejalashtirishmoqda”, - deydi O`zbekiston Milliy kinokomissiyasi raisi Muxlisa Azizova.   

Jumladan, kinokomissiya “Focus Location Guide” London xalqaro kino lokasiyalari ko`rgazmasi bosh menejeri Jan-Fredrik bilan shartnoma imzoladi va shu yilning oktyabr oyida Hollivud va Buyuk Britaniya lokeyshn-menejerlari O`zbekistonga kelishadi.   

O`zbekistonda kino tasvirga olishga qiziqish bildirganlardan yana biri Shvesiya kino rejissyori va “Smartfilm” kino ishlab chiqarish kompaniyasi prodyuseri Tua Broderik bo`lib, u mamlakatimiz hududida 3 million AQSh dollariga baholanuvchi kino loyihasini suratga olishni rejalashtirmoqda va yaqin orada O`zbekistonga skauting-tur uyushtiradi. 

Gresiyalik prodyuser Kolin Pons Buyuk Ipak yo`li haqidagi yirik hujjatli film doirasida Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida tasvirga olish ishlarini yo`lga qo`yadi. “Star Media” xalqaro xolding rahbariyati bilan mamlakatimiz hududida “Sultana” nomli filmni suratga olishga oid kechgan muzokaralar esa ikkinchi bosqichga o`tdi.   

Shuningdek, Boltiqbo`yi mamlakatlari vakillari ham O`zbekistonning kino lokasiyalariga katta qiziqish bildirishdi. Xususan, latviyalik rejisser Ramunas Skikas mamlakatimizda kino tasvirga olishning ustuvor jihatlarini yuqori baholab, Surxondaryo viloyatida fantastik jangari filmni tasvirga olishni maqsad qildi.   Eng samarali kechgan uchrashuvlardan biri nufuzli, butun jahon kinosanoatini qamrab olgan “KFTW” onlayn platformasi (Buyuk Britaniya) vakillari bilan bo`lib, ular kelgusi nashrlarida mahalliy kino lokasiyalarimiz hamda tarixiy ob`ektlarimiz haqida ma`lumotlar va ularning suratlari bilan bo`lishishlarini ma`lum qilishdi.   

Shunisi diqqatga sazovorki, Milliy kinokomissiya tomonidan Laura Ergalieva bilan o`tkazilgan muzokaralar natijasida O`zbekiston “Etalents.pro” xalqaro kino bazasiga qo`shiladigan bo`ldi. Bu bizning akterlarimiz va lokasiyalarimizni xalqaro maydonda targ`ib qilish imkonini beradi. Hindiston Axborot va teleradioeshittirishlar vazirligi vakillari bilan kechgan uchrashuvda O`zbekiston Goada bo`lib o`tadigan “Film Bazaar” festivaliga taklif qilindi. U erda mamlakatimiz uchun milliy stend va hindistonlik kino kompaniyalarini O`zbekistonga jalb etishga doir taqdimotlar tashkil qilinadi.   

Bundan tashqari, Berlindagi kinofestival davomida Fransiya, Buyuk Britaniya va Hindistonning kinokompaniyalari vakillari bilan O`zbekiston hududida yuqori byudjetli kino loyihalarini suratga olishga oid muzokaralar o`tkazilib, ular haqida tez kunlarda batafsil ma`lumotlar taqdim etiladi.   Berlindagi uchrashuv va muzokaralar natijasida yuqoridagi loyihalar ortidan 2020-2021 yillarda mamlakatga 5-6 million AQSh dollari miqdorida mablag` kirishi kutilmoqda.   Ta`kidlash joizki, “Berlinale” kinofestivalida milliy stendga O`zbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov tashrif buyurib, mamlakatimizda tasvirga olish ishlarini yo`lga qo`yishga oid hamkorlik o`rnatish uchun xorijiy kinokompaniyalarni jalb qilishga yo`naltirilgan strategiya muhokama qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1