1

Zararli palma yog`i importi dahshatli sur`atda ortib bormoqda

Salomatlik 02.03.2020, 17:15
Teglar: palma yog`i, import, iste`mol, #GlobalMoneyWeek2020 #UzbekistanGMW2020
Zararli palma yog`i importi dahshatli sur`atda ortib bormoqda

Ushbu mavzudagi tahliliy maqola "Darakchi" gazetasining 2019 yil 5 dekabrda chop etilgan №49 sonida e`lon qilingan edi. Shu vaqt mobaynida gazetamiz muxlislari ushbu mavzu haqida ko`pgina fikr-mulohazalarni bildirishdi. O`quvchilar ushbu maqolani saytimizda ham yoritishni iltimos qilishdi. Maqolani to`lig`icha quyida o`qishingiz mumkin.

ZARARLI PALMA YoG`I IMPORTI DAHShATLI SUR`ATDA ORTIB BORMOQDA

Yaqinda TVda e`lon qilingan bir bolalar bo`tqasi reklamasi e`tiborni tortdi: «Mazkur bo`tqaning boshqalaridan afzalligi unga palma yog`i qo`shilmaganidir...» Hozirda O`zbekistonda amaldagi sanitariya qoidalari va me`yorlariga asosan bolalar oziq-ovqati mahsulotlariga palma yog`i qo`shish ta`qiqlangan. Palma yog`ining iste`mol mahsulotlariga qo`shilishi natijasida inson organizmiga etadigan zararlardan bugungi kunda ko`pchiligimiz xabardormiz. Biroq uni oziq-ovqatlar tarkibiga qo`shish hamon davom etmoqda.

Ayrim «uchar» tadbirkorlar boylik orttirish maqsadida o`zlari ishlab chiqarayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga saryog` o`rniga bu zararli yog`ni ayamay qo`shmoqdalar. Gap shundaki, bu yog` iliq haroratda tez parchalanmaydi, shu bois ayrim mahsulotlarning saqlanish muddatini cho`zishga yordam beradi.  

Raqamlarga murojaat qiladigan bo`lsak, oxirgi uch yil davomida mamlakatimizga 50 ming tonnadan (!) ortiq palma yog`i olib kirilgan. Shu o`rinda joriy yil yanvar-may oylarining o`zida 31 ming tonnadan ortiq palma yog`i import qilingani aniqlangan. Ushbu statistik ma`lumotlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati tomonidan “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida e`lon qilingan “Palma yog`i ortidagi muammo: deputatlar nimadan xavotirda?” sarlavhali maqolada keltirilgan. 

O`tgan 2019 yilda palma yog`i importi o`tgan yillardagiga nisbatan dahshatli darajada o`sgani mahalliy tadbirkorlarning palma yog`ini oziq-ovqatlarga yana ham ko`p miqdorda qo`shayotganini ko`rsatadi. Nega bunday qilishlari ham sir emas: chunki palma yog`i boshqa yog`lardan sezilarli darajada arzon.

Xo`sh, palma yog`i inson salomatligi uchun qanchalik xavfli?

Foydasi yo`q, zarari beqiyos…

Palma yog`i palma mevasidan 40 darajagacha haroratda qayta ishlash jarayonida olinadi. Bu yog` eritilganda ham 38-40 darajada parchalanadi. Inson tanasi harorati esa bor-yo`g`i 36,6 daraja. Demak, ovqat tarkibida organizmga kirgan palma yog`i hazm bo`lmay qolib ketadi. Bora-bora tomirlarga va a`zolarga yig`iladi. Qon tomirlar yo`lini to`sib, ateroskleroz, gipertoniya, insultga va hatto saratonga olib keladi. Shu sababdan odam kam esa ham, ko`p harakat qilsa ham semiraveradi.

Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti palma yog`ini import qiluvchi 23 ta mamlakatda o`tkazgan tahlillar shuni ko`rsatdiki, mazkur mamlakatlarda yurak-ishemik kasalliklari bilan bog`liq o`lim holatlari ko`rsatkichi juda yuqori ekan. O`zbekiston esa yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etayotganlar bo`yicha 1-o`rinda turadi…

Shunday ekan, mamlakatimizga olib kirilayotgan palma yog`ining hajmi yildan-yilga oshib borayotgani tashvish uyg`otmaydimi?

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonga palma yog`i olib kirilishi 2000 yillardan boshlangan va dastlabki import miqdori 5 ming tonna bo`lgan…

Tuzilishiga ko`ra palma yog`i mum yoki parafinni eslatadi. Bu yog` tarkibida foydali komponentlar yo`q, shuningdek, palma yog`i yuqori haroratda qayta ishlanganda unda ko`p miqdorda zararli moddalar hosil bo`ladi.

Dahshatli statistika

Ma`lumki, dunyodagi ko`pgina rivojlangan davlatlar palma yog`ini mamlakat hududiga umuman kiritmaydi. Bizda ham vazirlar Mahkamasi tomonidan import qilinayotgan palma yog`ini oziq-ovqat sanoatida ishlatish bilan bog`liq vaziyatni o`rganish bo`yicha mas`ullarga vazifalar yuklatilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qahramon Ergashev yuqoridagi faktlarni inobatga olgan holda OAVdagi chiqishida o`z munosabatini bildirib o`tgandi. Ya`ni deputat ma`lum qilishicha, olib borilgan tekshiruvlarda margarin va pishloq mahsulotlarida begona yog`lar miqdor ko`rsatkichi bo`yicha 4 foizgacha qo`shish belgilangan bo`lsa-da, xarid qilingan namunalarda ular miqdori 8,8 foiz, ya`ni 2 barobardan ham ko`pligi qayd etilgan. Bu amaldagi “Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to`g`risidagi umumiy texnik reglament” shartlariga zid demakdir.

Deputatning faktlariga qo`shimcha ravishda ta`kidlash mumkinki, do`konlarda sotilayotgan muzqaymoq, margarin, saryog`, pishloq kabi mahsulotlar markirovkasida (qadog`ida) tarkibida palma yog`i borligi umuman ko`rsatilmaydi. “O`zstandart” agentligi xodimlari shunga o`xshash mahsulotlarga qanchadir foiz palma yog`i qo`shishga ruxsat berilganligini aytadi. Ammo mahsulot yo`riqnomasida bu yog` qo`shilgani nega qayd etilmaydi? Bu savolning ochiq qolishi esa iste`molchilar huquqlariga daxl qiladi, buni sir tutish esa mijozni aldash bo`ladi. Negaki, bugungi kunda palma yog`ining zarari haqida bilgan iste`molchi u qo`shilgan mahsulotni xarid qilmaslikka haqli.

Ammo zararli yog`ning oziq-ovqatlarga qo`shilganini uning yorlig`ida ko`rsatib o`tish bilan ko`p narsaga erishib bo`lmaydi. Palma yog`ini mamlakatga olib kirishni butunlay taqiqlash kerak. Negaki hozirda bozorlarimizda nafaqat korxonalarda ishlab chiqarilgan, balki xonadonlarda tayyorlangan sut-qatiq (suzma, qatiq, smetana, pishloq va h.k.), shirinlik (xolva, tort, pirojnoe, shokolad va h.k), pishiriq, non mahsulotlari ham sotilyapti. Ularga ham palma yog`i qo`shilayotgani sir emas. Bunday mahsulotlarda sifat sertifikati ham, mahsulot yorlig`i ham yo`q…

Bir qator rivojlangan mamlakatlarda palma yog`i olib kirishni taqiqlash bilan muammo hal qilingan. Fuqarolar salomatligini asrash va bemorlarni kamaytirish evaziga tibbiyotdagi isrofgarchiliklarning oldini olishda bu juda muhim.

Xulosa o`rnida

Zararli palma yog`i mavzusida baxs ketganda “O`zstandart mutaxassislari tadbirkor olib kelgan mahsulot lisenziya olishda tarkibi me`yoriy bo`lib, navbatdagi ishlab chiqarishlar jarayonida o`zgargan bo`lishi mumkin, deyishdi. Juda qiziq, agar tadbirkor xohlagan paytida mahsulot tarkibini buzsa, uni standartlashtirishning nima keragi bor?

Oliy Majlis qonunchilik palatasi Xalq deputatlari kengashlari saylovi dasturlariga bag`ishlab o`tkazilgan demokratik debatlarda OAV vakillari tomonidan mamlakatimizda iste`mol mahsulotlariga qo`shilayotgan palma yog`i masalasida ham savol o`rtaga tashlandi. O`shanda partiyalardan biri tomonidan bunga qarshi kurashish rejada borligi ma`lum qilindi. Ya`ni avvalo iste`mol mahsulotlariga qo`shilayotgan palma yog`i miqdorini yorliqlarda ko`rsatish sharti, keyinchalik esa umuman taqiqlashga bosqichma-bosqich erishilishi bildirildi. Ammo bu borada barcha mas`ullar va partiyalar oldiga aniq talab qo`ymoqchimiz: palma yog`i importi va uni iste`mol mahsulotlariga qo`shilishini taqiqlash zudlikda hal etilishi lozim.

Yana bir taklif: oziq-ovqat tarkibi buzilganiga shubha tug`ilganda xohlagan paytda bepul tekshirtirishga imkon berilsa yoki bu statistika qo`mitasi yoki boshqa xolis baho bera oladigan tashkilotga yuklatilsa, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga kafolat oshgan bo`lardi.

Darvoqe

Yuqori tashkilotlar zararli palma yog`ini cheklash masalasini hal qilgunga qadar sog`ligingizni yo`otmay desangiz, iste`mol qilayotgan mahsulotingizga ehtiyot bo`ling.

Xo`sh, mahsulot qadog`ida tarkibi to`liq yozilmagan bo`lsa, unga palma yog`i qo`shilganini qanday aniqlaymiz? Aytaylik, tabiiy sutdan olingan yog` 28–32 °C haroratdayoq eriy boshlaydi. Agar toza sariyog` sovitkichga solinmay stolda qolib ketsa (qaymoq yoki pishloq ham) nordon-achimtir ta`mga ega bo`lib qoladi. Tvorog yoki pishloqqa yoki boshqa sut mahsulotiga erimaydigan palma yog`i qo`shilgan bo`lsa, xona haroratida qolib ketsa biroz yumshamaydi ham. Usti yupqa sariq qobiq bilan qoplanib aynimay turaveradi.

O`zingiz ham tadqiqot qilib ko`rishingiz mumkin. Masalan, likopchaga muzqaymoq solib, 20-30 daqiqa qoldirsangiz, agar u tabiiy bo`lsa erib suyulib qoladi. Palma yog`i qo`shilgani esa uzoq vaqtgacha erimaydi, erisa ham rangi o`zgarib xira tortib qoladi.

Qaymoq

Soxta qaymoq mahsulotining haqiqiy qaymoqdan farqi unga jonivor yog`ining o`rniga palma yog`i qo`shilgan bo`ladi, sut oqsili soya daraxti oqsili bilan almashtirilgan bo`ladi.

Agar siz bir qoshiq qaymoqni qaynoq suvga solsangiz, u butunlay aralashib ketadi. Soxta qaymoq bunday holatda aralashmay, qaynoq suv solingan idish tagiga cho`kadi.

Sut

Kelayotgan daromadni ko`paytirish maqsadida nopok ishlab chiqaruvchilar sutga palma yog`i, melamin, soda yoki kraxmal aralashtirishadi.

Soxtalashtirilgan sutni xarid qilmaslikning birgina to`g`ri yo`li – ishonchli qo`llardan, sinalgan sotuvchilardan sotib olishdir.

Pishloq
Palma yog`i qo`shilgan qattiq pishloqni o`ziga xos sovunga o`xshagan ta`midan bilib olish mumkin. Agar siz kesib olgan bo`lak qattiq va rezinaga o`xshab qiyin chaynaladigan bo`lsa yoki kesgan vaqtda uvalanib ketsa, demak tarkibida palma yog`i mavjud. Soxta pishloq ochiq holda qolsa tezda qotib qoladi va unda yoriqlar paydo bo`ladi.

Agar toza pishloq quyosh nuri ostida qolsa u yumshaydi. palma yog`i qo`shilgan pishloq esa aksincha undan ham qattiqroq bo`lib qoladi.

Sariyog`
Sun`iy qo`shimchali sariyog`ni eganda tishlar orasiga yopishib, til a og`iz bo`shlig`ida yog`li karash paydo qiladi. Haqiqiysi esa og`izga solishingiz bilan erib yo`q bo`lib ketadi. Tabiiy sariyog` xona haroratida yumshab qoladi, palma yog`i qo`shilgan bo`lsa qotib, shaklini o`zgartirmay turaeradi. Agar qizigan tovaga bir bo`lak tabiiy sariyog` tashlasangiz u eriydi va yuzida ko`pik paydo bo`ladi. Palma yog`i qo`shilgan sariyog` yoki margarin esa bir xil konsistensiyadagi suyuqlikka aylanadi.

Zaytun yog`i

Taajjublanarli, lekin fakt. Italiya mafiyachilari soxtalashtirilgan zaytun yog`idan oladigan daromadlari giyohvand moddalar savdosi foydasi bilan raqobatlashadi. Nopok ishlab chiqaruvchilari unga eng arzon yog`lardan qo`shishadi. Zaytun yog`ining haqiqiyligini uning narxi qimmatligidan bilsa bo`ladi.

Kichkina eksperiment: paxtadan pilik o`rab, zaytun yog`iga botirib olib yoqiladi. Agar olov yallig`i tiniq va qurumsiz bo`lsa, demak shishadagi yog` shubhasiz, zaytun yog`idir. Soxta yog` qora rangda tutab, chirsillab yonadi.

Afsuski, bulochka, keks va pryaniklarga zararli yog` qo`shilganini aniqlab bo`lmaydi. Shuning uchun tarkibi ishonchsiz mahsulotni xarid qilgandan ko`ra yaxshisi uyda tayyorlagan ma`qul.

Manzura BEKJONOVA

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1