“101 soldat” filmi ijodkorlaridan talabalar nega norozi? “O`zbekkino” javob beradi

Madaniyat 06.03.2020, 11:27
“101 soldat” filmi ijodkorlaridan  talabalar nega norozi?  “O`zbekkino”  javob beradi

Platforma.uz telegram kanalida O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining bir guruh talabalari nomidan kelib tushgan murojaat matni e`lon qilindi. Unga ko`ra, talabalar murojaatnomada s`yomka jarayonida etarli sharoit bilan ta`minlanmaganliklarini bildirishgan. Ushbu vaziyatga “O`zbekkino” Milliy agentligi rasmiy bayonot berdi.

Maqolada ushbu film “O`zbekkino” Milliy agentligi mahsuloti ekani hamda davlat mablag`i asosida ishlanayotganiga urg`u berilgan. Aslida “101 soldat” qisqa metrajli filmi xususiy studiya tomonidan o`z mablag`lari hisobiga suratga olinmoqda. “Uzbekistan Film holding” kompaniyasi direktori Anvar Ergashev ushbu film  direktori va prodyuseri hisoblanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev  Oliy Majlisga yo`llagan murojaatnomasida mamlakatimizda o`zbek xalqining  urush yillarida ko`rsatgan jasoratini abadiylashtirish borasida keng ko`lamli ishlar olib borilayotganini qayd etib o`tgan edi. Ayni shu borada “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan 101 nafar o`zbek askari haqida hujjatli film, “Uzbekistan Film holding” kompaniyasi tomonidan “101 soldat” qisqa metrajli filmi suratga olinmoqda. “O`zbekkino” Milliy agentligi ushbu loyihaga hamkor sifatida amaliy yordam bermoqda. Filmning moddiy manbasi haqida “O`zbekkino” milliy agentligida ma`lumot mavjud emas.

“O`zbekkino” rahbari Firdavs Abduxalikovning topshirig`iga binoan, maqolada keltirilgan masalani o`rganish yuzasidan “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a`zolari “Uzbekistan Film holding” kompaniyasi tomonidan suratga olinayotgan “101 askar” filmi ijodkorlari bilan uchrashib, ular yashaydigan  Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi «MOUNTAIN VIEW» mehmonxonasida bo`lishib, shart-sharoitlar o`rganildi.  

Film urush haqida bo`lgani uchun kadrlar asosan harbiy maydonlarda tasvirga tushirilmoqda. Bu esa s`yomka jarayonida o`ziga xos qiyinchiliklar yuzaga kelishi tabiiy ekanini ko`rsatadi.

Kinoijodkorlar bilan ochiq muloqot jarayonida ijodkorlar suratga olish ishlarida barcha sharoitlar:  mehmonxona, ovqatlanish, mablag`lar to`lovi, texnika va transport xizmatlaridan hech qanday e`tirozlari yo`qligini bildirishdi. Hozirgi kunda film ijodkorlari tomonidan reja asosida suratga olish ishlari davom ettirilayotganini bildirishdi.  

“Menda ikkita yordamchi rejissyor bor, bittasi o`zbekistonlik, bitta rejissyorni Tojikistondan chaqirganmiz. Biz O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutiga xat bilan chiqqanmiz va 10 nafar talaba so`raganmiz. Toshkent shahridagi Botanika bog`ida aktyorlarni probadan o`tkazdik. Shundan keyin Samarqandga, asosiy s`yomka jarayoniga bordik. Talabalar ham biz bilan avtobusda kelishdi, ularga jarayonni tushuntirdik. Lekin ular bir kun ham turmay, aytib o`tilgan s`yomka jarayoni shartlariga rozi bo`lmasdan ortga qaytib ketishibdi. Ular bildirgan e`tirozlarga kelsak, s`yomka jarayoni juda og`ir jarayon. Buning zahmati, azob-uqubati kinoijodkorlarga ayon. Butun dunyo biladigan mashhur filmlarda ham akyotrlar o`z roliga qanchalik mashaqqat bilan tayyorlanganini yaxshi bilamiz. Sharoitlarimiz – ko`ngildagiday. S`yomka jarayonlaridagi qiyinchiliklar esa bu kinodagi mehnat hisoblanadi”, deydi film rejissyori Nodira Zufarova.  

Ishchi guruh xulosasiga ko`ra, maqolada keltirilgan faktlar o`z tasdig`ini topmadi.

Murojaatda aytilgan 10 nafar talaba bilan bog`lanishga urindik. Ulardan besh nafar talaba bilan suhbatlashdik. Ular bo`lib o`tgan voqea murojaatda bo`rttirib ko`rsatilganini, s`yomka shartlari ularga to`g`ri kelmagani uchun ortga qaytishganini, bu borada hech qanday e`tirozlari yo`qligini ta`kidlashdi.  

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan 1941 yilda Smolensk ostonasida asir tushgan va Gollandiyaning Amersfort konslageriga jo`natilgan 101 nafar o`zbek o`g`loni haqida hujjatli film ishlanmoqda. Mazkur hujjatli filmni  Razika Mergenbaeva ssenariysi asosida  rejissyor Shuhrat Mahmudov suratga olmoqda. Maqolada ushbu hujjatli film bilan “Uzbekistan Film holding” kompaniyasi tomonidan suratga olinayotgan “101 askar” badiiy filmini adashtirib yuborilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1