1

Prezident tantanali tadbirda ishtirok etib, O`zbekiston ayollarini bayram bilan tabrikladi

Jamiyat 07.03.2020, 23:06
Prezident tantanali tadbirda ishtirok etib, O`zbekiston ayollarini bayram bilan tabrikladi

Bugun, 7 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti jamiyatdagi faol ayollar jam bo`lgan bayram tantanasida ishtirok etdi. 

Unda davlat rahbari O`zbekistonning barcha xotin-qizlari, ayollar va onalarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabrikladi. Quyida ushbu tantanali tabrikni to`liq holda keltiramiz:

"Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!

Munis opa-singillar!

Dilbar qizlarim!

Avvalo, sizlarni, butun O`zbekiston xotin-qizlarini go`zallik va nafosat ayyomi – 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga o`zimning eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirib, doimo oilangiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog`ida bo`lish baxtini tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

Er yuzida ongli hayot paydo bo`libdiki, odamzot muqaddas Ona siymosini, ayol zotini ulug`lab, sharaflab keladi.

Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz tuprog`i jannat bog`laridek go`zal va mo``tabardir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor.

Ma`lumki, muqaddas Qur`oni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, ya`ni, “Ayollar” deb ataladi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo`lishga da`vat etadi va bu ilohiy so`zlar zamirida albatta teran hikmat mujassam.

Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning ma`naviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining ma`naviy saviyasi belgilaydi.

Buyuk siymolarning hayotiga nazar tashlasak, ularning shaxs sifatida kamol topishida mehribon onalari, dono rafiqalari g`oyat muhim rol o`ynagani ayon bo`ladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta`minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o`rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o`rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi.

Bugun siz, azizlarning chehrangizda xursandchilik, shukronalik ifodasini ko`rib, ana shunday ishlarimiz natijasini oz bo`lsa-da, his etmoqdamiz. Va biz mana shu to`g`ri yo`lni davom ettirish, uning samarasini yanada oshirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Qadrli opa-singillar!

Bugungi kunda keng ko`lamli demokratik islohotlarimiz natijasida ayollarimizning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda. Buni o`tgan yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo`lib o`tgan saylovlar yana bir bor tasdiqladi.

Saylovlar natijasiga ko`ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko`rsatkich Senatda va mahalliy kengashlarda 25 foizdan oshdi.

Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga etdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni bo`yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o`rtasida 37-o`ringa ko`tarildi. Holbuki, – shunga e`tibor berishingizni so`rayman – bundan 5 yil avval biz bu borada 128-o`rinda edik.

Hozirgi vaqtda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.

Muhtarama ayollarimizdan 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “O`zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo`lgani barchamizni quvontiradi. Xotin-qizlarimiz o`rtasida fan doktorlari, professor va akademiklar, “Xalq o`qituvchisi”, “Xalq shoiri”, “Xalq artisti” unvonlariga sazovor bo`lgan yuzlab opa-singillarimiz borligi – bu bizning faxrimiz.

Biz hozirgi kunda ishlab chiqarish, ta`lim-tarbiya, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat va sport sohalari rivojida ham ayollarimizning munosib hissasi borligini yuksak baholaymiz.

Barchangiz xabardorsiz, milliy parlamentimiz tarixida birinchi marta ayol kishi – hurmatli Tanzila Kamolovna Norboeva Senat Raisi lavozimiga saylandi.

Yurtimizda ayol rahbarlar – vazirlar, hokimlar, ishlab chiqarish birlashmalari, bank va kompaniyalar raislari, huquq-tartibot idoralarida, Qurolli Kuchlarimiz tarkibida mas`ul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz soni ortib bormoqda.

Yaqinda tashabbuskor va tashkilotchi ayollarimizning munosib vakillari g`oyat mas`uliyatli vazifaga – tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlandilar. Jumladan, Andijon viloyatining Bo`ston tumaniga – Sadbarxon Mamitova, Buxoro viloyatining Olot tumaniga – Nargiza Ne`matova, Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumaniga – Zulayho Mahkamova, Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on shahriga – Gavhar Alimova, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumaniga – Dilfuza O`rolova, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga – Mahsuda Mustafoeva birinchi rahbar etib tasdiqlandilar.

El-yurtimizning katta ishonchini qozongan bu opa-singillarimiz bugungi anjumanda ishtirok etmoqdalar. Ularning barchasini samimiy tabriklab, ishlariga yutuq va omadlar tilashga ijozat bergaysiz.

Mamlakatimizda o`z faoliyati, ezgu ishlari bilan ko`pchilikka ibrat va namuna bo`layotgan xotin-qizlarimiz ko`payib borayotgani barchamizni xursand qiladi. Shular qatorida Farg`ona viloyati, Rishton shahrida yashaydigan tadbirkor ayol Izrabu Usmonova haj ziyoratiga atab yillar davomida yig`ib kelgan mablag`ini moddiy sharoiti og`ir mahalladoshlariga beg`araz yordam sifatida hadya qilgani matbuotda keng yoritildi.

Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani, “O`zbekiston” mahallasida Gavhar Husanova degan faol singlimiz bor. Ayni vaqtda u tuman kengashining deputati etib saylangan. Gavharning qaynonasi Gulbahor aya o`qituvchilik faoliyati davomida minglab kitoblar to`plagan ekan. Gavhar Husanova ularning yoniga yana ko`p adabiyotlarni qo`shib, qishloq ahli uchun o`z hisobidan “Mumtoz” deb nomlangan katta kutubxona barpo etgani tahsinga loyiq.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari orqali iste`dodli yosh olima Aziza Shonazarovaning Amerika Qo`shma Shtatlaridagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori etib tayinlangani haqida xushxabar tarqaldi.

Poytaxtimizning Qoraqamish dahasida voyaga etib, Toshkent sharqshunoslik institutida, keyinchalik Polsha va AQShdagi mashhur universitetlarda ta`lim olgan Azizaxon 32 yoshida tarix va dinshunoslik yo`nalishida fan doktori bo`lgani, 500 ta talabgor orasida konkursda g`olib chiqib, ana shunday yuksak ilmiy darajaga erishgani olqishga sazovordir.

Bu singlimizning ayni vaqtda yaxshi oila bekasi va ona ekani, arab, fors, turk, rus, ingliz, fransuz, nemis, polyak tillarida erkin muloqot qilishi, erishayotgan yuksak natijalari mamlakatimiz yoshlari uchun chinakam ibrat namunasi bo`ladi, deb ishonaman.

Azizaxon o`z xursandchiligini yurtdoshlari bilan baham ko`rish uchun olis yo`l bosib, AQShdan O`zbekistonga etib keldi. Kelinglar, yosh olimamizni samimiy tabriklab, unga yanada ulkan yutuqlar tilaylik.

Ayni vaqtda bugungi tantanali marosimda mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan, Misr Arab Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Amani al-Itr, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O`zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakolatxonasining rahbari Lian Kuppens, Xalqaro Qizil xoch qo`mitasiining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Sangita Kyonig, Osiyo taraqqiyot bankining doimiy vakolatxonasi rahbari Sintiya Malvichini xonimlarni ko`rib turganimizdan benihoya mamnunmiz.

Mamlakatimiz bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo`shayotgan ana shu hurmatli mehmonlarimizni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ruxsat bergaysiz.

Qadrli anjuman qatnashchilari!

Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning og`irini engil qilish maqsadida o`tgan yili salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, ayollarimiz uchun jami 170 mingga yaqin ish o`rni yaratildi. Tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`lari hisobidan 172 mingdan ortiq opa-singillarimizga 4,9 trillion so`m kreditlar ajratildi.

Respublikamizning barcha hududlarida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi. Bugungi kunda ular tomonidan 28 mingga yaqin opa-singillarimizga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni ta`minlash yuzasidan amaliy yordam ko`rsatilmoqda. Shuningdek, besh muhim tashabbus doirasida 21 ming 500 nafar qizlarimiz qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida o`qitildi.

Ana shunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`ygan ayollar soni bir yilda qariyb 45 ming nafarga ko`payib, ular tomonidan minglab yangi ish o`rinlari barpo etilmoqda.

Mamlakatimizda jamiyat negizi bo`lgan oila institutini, ijtimoiy-ma`naviy muhitni mustahkamlash bo`yicha ham e`tiborga loyiq ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xonadonlardagi o`zaro kelishmovchilik va nizolarni bartaraf etish, oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish bo`yicha davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Ularni ijobiy baholagan holda, bu yutuqlar birinchi qadamlar ekanini, hali bu sohada qiladigan ishlarimiz juda ko`pligini ham ta`kidlash lozim.

Albatta, hayot degan narsa sinov va mashaqqatlarsiz bo`lmaydi. Lekin arzimagan qiyinchilikka ham sabr qilmasdan, muqaddas oila qo`rg`onini buzish, ajrimlarga yo`l qo`yishni barchamiz milliy urf-odatlarimizga, mehr-oqibatli, andishali xalqimizga mutlaqo yarashmaydigan holat, deb baholashimiz zarur. Nega deganda, agarki bironta oilada notinch vaziyat hukmron bo`lsa, o`zaro nizolar tufayli begunoh bolalar tirik etimga aylanadigan bo`lsa, yordam va ko`makka muhtoj insonlar o`z holiga tashlab qo`yilsa, bunday holatga qarshi hammamiz birgalikda kurashishimiz kerak.

Hozirgi vaqtda ayollarga sifatli tibbiy yordam ko`rsatish, ularning salomatligini mustahkamlashga doir dasturlarimiz o`zining dastlabki samarasini bera boshladi. Xususan, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ishlar tufayli 2019 yilda onalar va go`daklar o`limi sezilarli ravishda kamaygani ham shundan dalolat beradi.

Xotin-qizlarning murojaatlari bilan ishlash bo`yicha ham muntazam ish olib borilmoqda. Shu maqsadda 2019 yili 141 ming 500 dan ortiq opa-singillarimiz turli mas`ul idoralar xodimlari tomonidan qabul qilinib, ular ko`targan muammolarning aksariyat qismi ijobiy hal etilganini aytish zarur.

O`tgan davrda yurtimizdagi 197 ta tumanda zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyati yo`lga qo`yildi.

Bugungi kunda bilib-bilmay jinoyat ko`chasiga kirib qolgan ayollarga nisbatan kechirimli bo`lish, ularni sog`lom hayotga qaytarishda xotin-qizlar tashkilotlari faol ishtirok etmoqda. Buning natijasida 261 nafar xotin-qizlar ushbu tashkilotlarning kafilligi asosida sud zalidan ozod qilingani xalqimizga xos insonparvarlik namunasidir.

Ana shunday xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida men kuni kecha Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yana bir muhim tarixiy farmonga imzo chekdim. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lib, tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan 83 nafar xotin-qizlar afv etildi. Ular bayram arafasida o`z oilasi, yaqinlari, farzandlari bag`riga qaytish imkoniga ega bo`ldi.

Ana shu afv etilgan ayollarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishlari, sog`lom turmush kechirib, jamiyatda munosib o`rin topishlari uchun ularga ko`mak berish bo`yicha mas`ul idoralar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha davlat va nodavlat tashkilotlari, keng jamoatchilik ham faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Barchangizga ma`lumki, yanvar oyida Oliy Majlisga yo`llangan Murojaatnomada xalqimiz, jumladan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini yanada samarali ta`minlash bo`yicha ko`pgina dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Hozirgi vaqtda ularni amalga oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta`minlashga oid davlat siyosati samarasini oshirish bo`yicha Prezidentning maxsus farmoni va qarori qabul qilinganidan xabaringiz bor.

Oila, xotin-qizlar va keksalarni qo`llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Hech kimga sir emas, ilgari mahalla va xotin-qizlar idoralariga nisbatan talablar ko`p edi. Lekin, afsuski, buning uchun ularda imkoniyat va vakolatlar etarli emas edi.

Bugungi kunda xotin-qizlar manfaatlarini oila, mahalla va jamiyat manfaatlaridan ajratgan holda tasavvur etib bo`lmaydi. Ana shu masalalarni kompleks hal etish, bu borada davlat siyosatini yanada yuqori bosqichga ko`tarish – yangi vazirlikning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Mahallalarning mamlakatimiz hayotidagi katta o`rni va ahamiyatini e`tiborga olib, 22 mart sanasini yurtimizda – Mahalla tizimi xodimlari kuni deb e`lon qildik. Nasib etsa, bu yangi bayramni birinchi bor shu yil Navro`z kunlarida sizlar bilan birgalikda keng nishonlaymiz.

Qadrli do`stlar!

Har bir ota-ona o`z farzandining sog`lom va barkamol bo`lib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o`rganib, jamiyatda munosib o`rin egallashini astoydil istaydi. Ayni shu ezgu maqsadlarga erishish uchun mamlakatimiz ta`lim va tarbiya tizimida misli ko`rilmagan islohotlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma`lum. Jumladan, joriy yilda ta`lim-tarbiyaning poydevori bo`lgan bolalar bog`chalari sonini keskin oshirish bo`yicha keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Qiyoslash uchun bir misolga e`tiboringizni qaratmoqchiman. Agar o`tgan yilning birinchi choragida yurtimizda jami 9 ming 700 tadan ortiq bog`cha bo`lgan bo`lsa, bugungi kunda ularning soni 14 ming 50 tani tashkil etmoqda, ya`ni bir yilda 4 ming 350 taga ortdi.

Ana shunday sa`y-harakatlarimiz bilan bu yil bolalarni maktabgacha ta`lim muassasalariga qamrab olish darajasini hozirgi 54 foizdan 60 foizga etkazamiz. Natijada bog`cha tarbiyasini olayotgan farzandlarimizning soni bir yilda 400 mingtaga ko`payib, jami 1 million 800 ming nafarga etadi.

Bu sohada biz albatta katta ish qildik. Ammo bu raqamlar hali bizni qoniqtirmaydi. Nega deganda, biz bu masalada marrani baland olganmiz. Buning zamirida juda katta ma`no, maqsad bor. Chunki bog`cha tarbiyasi nafaqat bolaning o`ziga, balki uning ota-onasiga ham, qolaversa, butun jamiyat hayotiga ham kuchli ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Bolasi bog`chada, munosib sharoitda tarbiya topayotganini ko`rgan ayol kishi albatta xotirjam kayfiyatda, shukronalik bilan yashaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda maktab ta`limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib bormoqda. Shu kunlarda “Zamonaviy maktab” dasturi ishlab chiqilmoqda. Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash bo`yicha ham katta ishlarni boshladik.

Bu borada biz ta`limning barcha bosqichlarida qiz bolalar tarbiyasiga alohida e`tibor qaratmoqdamiz. Buyuk allomalarimiz, atoqli adiblarimiz nomlaridagi maktablar, Prezident maktablari barcha yoshlarimiz qatori ilm-fan va san`atga intiluvchi qizlarimiz uchun ham keng imkoniyatlar ochib bermoqda.

Albatta, yosh qizlarimizni asrab-avaylash, ularga to`g`ri tarbiya berish, mustaqil hayotga tayyorlash, xalqimizga munosib farzandlar etib kamolga etkazish uchun davlat va jamiyat o`z zimmasidagi barcha ishlarni bajaradi. Lekin bu o`ta muhim vazifani ado etishda oilaning, mehribon buvilarimiz, munis onalarimiz, mahalladagi kayvoni ayollarning o`rni va ta`sirini hech kim bosolmaydi.

Shu o`rinda ruxsatingiz bilan, mashhur shoirimiz Muhammad Yusufning ikki qator she`rini o`qib bermoqchiman:

Qiz bor uyning fayzi bo`lak, deydilar,

Jannat yo`li – qiz bor yo`lak, deydilar.

Qarang, qanday ma`noli, qanday haqqoniy so`zlar!

Shu munosabat bilan bugungi davramizda ishtirok etayotgan va meni eshitib turgan muhtarama opa-singillarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: kelajagimizning baxtu iqboli bo`lgan qizlarimizni eng go`zal fazilatlar, bilim va odob sohibalari etib tarbiyalashni o`z e`tiboringizga, o`z mas`uliyatingizga olsangiz, davlatimiz ham, xalqimiz ham sizlardan cheksiz minnatdor bo`ladi.

Bu borada yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, ko`pni ko`rgan nuroniylarimiz, xotin-qizlar faollari, hurmatli muallima va murabbiyalar, O`zbekistonning barcha jonkuyar ayollari ushbu tashabbusni har tomonlama qo`llab-quvvatlab, yosh qizlarimizga munosib ta`lim va tarbiya berishdek g`oyat mashaqqatli, ammo olijanob va savobli ishga ulkan hissalarini qo`shadilar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, men bugun bir taklif bilan Sizlarga murojaat qilmoqchiman: mana shu ezgu ishlarimizga kamarbasta bo`lib, yosh qizlarimizga ustozlik qilib, ularga ta`lim-tarbiya beradigan haqiqiy murabbiylarni rag`batlantirish maqsadida kelgusi yil 8 mart bayramidan boshlab har yili Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan eng munosib vakilni davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif etaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Ta`lim-tarbiya masalasida ko`p yillar bizni qiynab kelgan og`ir muammolardan biri – bu oliy o`quv yurtlariga qabul kvotalarining cheklangani bilan bog`liq edi. Masalan, 2-3 yil avval oliy ta`lim muassasalariga qabul darajasi yiliga 60-70 ming kishini, boshqacha aytganda, maktab bitiruvchilarining atigi 9 foizini tashkil etar edi.

Shuning uchun bu sohada ham jiddiy islohotlarni boshladik. O`tgan yili tariximizda birinchi marta 150 ming nafar yoshlarimiz talabalikka qabul qilindi. Shu tariqa maktab bitiruvchilarini oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga etkazdik.

Albatta, bu ishlar osonlik bilan bo`layotgani yo`q. Buning uchun mavjud moddiy-texnik, o`quv-uslubiy bazani mustahkamlash, oliy o`quv yurtlari tarmog`ini kengaytirish, professor-o`qituvchilar, pedagoglar, ilmiy xodimlarning professional malakasini oshirish uchun katta kuch, mablag` va imkoniyatlarni safarbar etishga to`g`ri kelmoqda. Lekin qanchalik qiyin bo`lmasin, farzandlarimiz taqdiri uchun, kelajagimiz uchun biz bu ishlar ko`lamini yanada kengaytirgan holda, albatta amalga oshiramiz. Oliy ta`limga qamrov ko`rsatkichini joriy yilda kamida 25 foizga, kelgusida esa 50-60 foizga etkazamiz.

Ayollarning ilmiy va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni munosib ish o`rinlari bilan ta`minlash maqsadida bu yil qizlarimiz uchun oliy o`quv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etiladi. Buyam tariximizda birinchi marta qo`llanayotgan tajribadir. Chunki o`qimishli, oliy ma`lumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-ma`rifat bilan, ongli va faol yondashadi va munosib ishtirok etadi.

Binobarin, agar biz farzandlarimizni sog`lom va barkamol, Vatanga sodiq insonlar etib voyaga etkazish niyatida ekanmiz, avvalo xotin-qizlar uchun ilm-fan va kasb-hunar yo`llarini keng ochib berishimiz kerak.

Agar biz bo`lg`usi xorazmiylar, farg`oniylar, beruniylar, buxoriylar, ulug`beklar, navoiylarni tarbiyalamoqchi ekanmiz, birinchi navbatda, har tomonlama sog`lom, yuksak bilimli va ma`naviyatli onalarni tarbiyalashimiz zarur.

Biz joriy yilga yurtimizda Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nom berdik, bu borada Davlat dasturini qabul qildik. Ana shu dasturni ishlab chiqishda biz avvalo hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini ham inobatga oldik. Bu borada o`z oldimizga qo`ygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda ham, butun xalqimiz qatori, siz, azizlarning boy bilim va tajribangiz, madaniy va ma`rifiy salohiyatingizga tayanamiz.

Ayollarimiz hayotiy muammolarni, oila va mahalladagi o`tkir masalalarni, ularni bartaraf etish yo`llarini, jamiyatning tomir urishini boshqalardan ko`ra yaxshiroq biladilar. Ular o`zlarining mehribonligi, yuksak mas`uliyat tuyg`usi, mehnatsevarligi bilan barchaga o`rnak bo`la oladilar.

Biz davlat va jamiyat boshqaruvida, vazirlik va idoralarda chuqur bilim va malakaga ega bo`lgan tashabbuskor opa-singillarimizga rahbarlik lavozimlarini ishonib topshirish bo`yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Bu masala shaxsan Prezidentning nazoratida bo`ladi.

Muhtarama opa-singillar!

Xabaringiz bor, mamlakatimizda kambag`allikni qisqartirish ustuvor vazifa etib belgilandi va bu yo`nalishda keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni boshladik.

Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak: kambag`allikni qisqartirish uchun birinchi navbatda ishsizlikni kamaytirish kerak. Avvalo, aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o`qitish, ularning iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda, ayniqsa ayollarimizda tadbirkorlikka ishtiyoqni uyg`otish zarur.

Biz bu borada jahon hamjamiyati tajribasini atroflicha o`rganib, xalqaro hamkorlikni yo`lga qo`ymoqdamiz. Ayni vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlar bilan tadbirkorlik va xususiy biznesni rivojlantirish, kambag`allikka qarshi kurash bo`yicha shu yilning o`zida 700 million dollarlik dasturlarni amalga oshirishni ko`zda tutmoqdamiz.

Shu kunlarda O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi boshchiligida tuzilgan respublika ishchi guruhi viloyatlarda bo`lib, turmush sharoiti og`ir bo`lgan xotin-qizlarning ahvolini har bir hudud bo`yicha aniq tahlil qilib, ularga amaliy ko`mak bermoqda.

Ishchi guruh tomonidan qishloq joylarda yashayotgan ayollarning, mustaqil hayotga kirayotgan qizlarimizning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ijtimoiy himoya qilish, ularga har tomonlama yordam berish bo`yicha har bir mahalla kesimida dasturlar ishlab chiqilib, ijrosi tashkil etilmoqda.

Ishchi guruhning kunu tun uzluksiz ishlaydigan, xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qiladigan “Ishonch telefonlari” yoki zamonaviy tilda aytganda, “Koll-sentr” faoliyati yo`lga qo`yildi.

Endi mamlakatimizning istalgan shahar yoki qishlog`idan, chekka ovullardan ham ayollarimiz 1211 qisqa raqamini terib, ushbu markazga bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo`ldilar. Biz buni xalq bilan samarali muloqot olib borish yo`lidagi boshlagan ishlarimizning mantiqiy davomi, deb baholaymiz.

Hurmatli vatandoshlar!

Ma`lumki, yurtimizda xotin-qizlarning qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarish, ularning mehnatini munosib qadrlashga alohida e`tibor berilmoqda. Jumladan, har yili mamlakatimiz bo`yicha 28 nafar iste`dodli qizlarimiz ulug` shoiramiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. 

Hozirgi vaqtda ushbu mukofotga sazovor bo`lganlar soni 311 nafarga etdi. Bu yil ularning safiga yana 28 nafar o`z sohasining eng iqtidorli vakillari bo`lgan aziz farzandlarimiz qo`shilmoqda. Ular o`zlarining samarali mehnati, yorqin iste`dodi, ibratli fazilatlari bilan barcha tengdoshlariga o`rnak bo`ladilar, deb ishonaman.

Shu kunlarda onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo`yicha namunali faoliyat olib borayotgan hurmatli opa-singillarimizdan 287 nafari “Mo``tabar ayol” nishoni bilan taqdirlandilar.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasini bunday e`tirof bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Ushbu qutlug` ayyom arafasida Prezident Farmoniga muvofiq Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, sog`lom va barkamol avlod tarbiyasi, oila va jamiyat asoslarini mustahkamlash yo`lidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh qadrli ayollarimiz yuksak unvon, orden va medallar bilan mukofotlandilar.

Bugun sizlarning huzuringizda ana shunday opa-singillarimizning munosib vakillariga hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo`lgan qizlarimizga davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirish menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Hayotimizning fayzu farishtasi bo`lgan munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni rozi qilish – barcha darajadagi rahbarlarning nafaqat xizmat vazifasi, balki, eng avvalo, insoniy burchidir.

Biz hammamiz – Prezident, Hukumat rahbarlari, vazirlar va hokimlar, deputat va senatorlar – barcha-barcha etakchilar ana shunday yuksak burchni aniq natijalar, amaliy ishlar bilan oqlashimiz zarur.

Aziz opa-singillar!

Ushbu shukuhli ayyomda butun xalqimiz dilidagi ezgu tilaklarni mujassam qilib, aytmoqchiman: yangi O`zbekistonni barpo etish yo`lidagi fidokorona mehnatingiz uchun Sizlardan cheksiz minnatdormiz.

Aql-zakovatingiz, mehr-oqibatingiz, sabru qanoatingiz bilan barchamizga ibrat bo`lib, go`zal yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni saqlashga beqiyos hissa qo`shib kelayotganingiz uchun Sizlarga ming bora tashakkur.

Sizlarni go`zal bayramingiz bilan yana bir marta tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, mustahkam salomatlik tilayman.

Dunyodagi eng ulug` saodat – oilaviy baxt Sizlarga doimo yor bo`lsin!

E`tiboringiz uchun rahmat".

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1