1

Kecha Koreyadan uchib kelgan o`zbekistonlik talabada tana harorati me`yordan yuqori bo`lgani aniqlandi

Jamiyat 07.03.2020, 23:33
Kecha Koreyadan uchib kelgan  o`zbekistonlik talabada tana harorati me`yordan yuqori bo`lgani aniqlandi

Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan olingan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra 2020 yil 7 mart soat 09:00 holatiga dunyoning 101 ta davlatida jami 102 180 nafar bemorlarda “COVID-19” koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 57 389 nafari sog`aygan, 3491 nafari vafot etgan. Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari “COVID-19” koronavirus infeksiyasi dunyoning 100 davlatida 21 529 ta holatda qayd etilgan. Kasallikning (bir sutkada) o`sishi: -Xitoyda 141nafar (0,19%), boshqa davlatlarda 5 058 nafar (23.4 %).

O`zbekiston Respublikasida 2020 yil 7 mart soat 09:00 holatiga “COVID-19” koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi.

Joriy yilning 15 yanvaridan 6 martigacha bo`lgan davrda Xitoy Xalq Respublikasi va 29 fevral kunidan epidemik vaziyat noxush bo`lgan davlatlardan O`zbekistonga kelgan fuqarolar jami – 6 311 nafar (1132 nafari Xitoy va Koreya fuqarolari), ularning 1 410 nafarining salomatligi ustidan tibbiy kuzatuv davom etmoqda.

Sanitariya karantin punktlaridan 6 mart kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali horijiy davlatlardan 25 ta reysda 4 113 nafar, temir yo`llar orqali 5 ta poezdda jami 609 nafar shaxslar, davlat chegara bojxona postlari orqali 1 882 ta avtotransportlarning egalari va 37 730 nafar yo`lovchi shaxslar termometriyadan o`tkazilgan. Ulardan oxirgi 15 kun ichida koronavirus tarqalgan davlatlarda bo`lgan shaxslar 303 nafar, ular orasida 1 nafar Koreyadan kelgan  O`zbekistonlik talabada tana harorati me`yordan yuqori bo`lgan yo`lovchi aniqlangan. Bemor Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi yotqizilgan, laboratoriya usulida tekshirilganda unda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi.

Shu bilan birgalikda, Jidda shahridan HY3612 reysi bilan ertalab soat 6-30 da 244 nafar Umra ziyoratchilari Toshkentga uchib kelishdi, ular 2 marotaba termometriya va infeksionist ko`rigidan o`tkazildi, ro`yxati tuzilib ma`muriy hududlarga tibbiy ko`rikni davom ettirish uchun yuborildi va nazoratga olindi.

Mamlakatimiz aholisi o`rtasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha epidemiologik barqarorlikni ta`minlashga yo`naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

Eslatib o`tamiz, kasallikni oldini olish uchun xar-bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilish kerak:

* avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo`yicha to`liq ma`lumotlardan xabardor bo`ling!

* zarurat bo`lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

* qo`llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

* farazandlaringizning qo`l yuvishini doimiy nazoratga oling!

* yuz-ko`zingizni notoza qo`l bilan ushlamang!

* uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiena qoidalariga qat`iy rioya qiling!

* odamlar oldida yo`talganingizda yoki aksirganingizda og`zingiz va burningizni dastrumol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to`sing!

* shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

* ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste`mol qiling, iste`mol qilinayotgan go`sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

* isitma, yo`tal va nafas qisishi holatlari paydo bo`lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog`liq vaziyat yuzasidan qo`shimcha savol tug`ilsa, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin, deya ogohlantirmoqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1