1

Olis qishloqdagi bayram nimaligini bilmagan ayollarga maktub

Jamiyat 09.03.2020, 07:50
Olis qishloqdagi bayram nimaligini bilmagan ayollarga maktub

BAYRAM.

Bayramni emas, Rossiyaga ketgan farzandini kutayotgan ONA  — Bayram muborak bo`lsin!

40 yil qishlog`iga suv kelishini kutaverib charchamagan, elkalari o`tin tashib og`rimagan, ammo qaddi 40 ga kirmay turmush yuklaridan mung`ayib qolgan, YaNGAM — Bayraming muborak bo`lsin!

Shirin so`z-u, guldastalarni emas, oddiygina orzuni: turmush o`rtog`ining uyiga ichmay kelishini, bir kungina bo`lsa-da haqorat eshitmasligini istayotgan Ey uzoqdagi TENGDOShIM — Bayraming muborak bo`lsin!

O`zi uchun emas, faqatgina farzandlari uchun yashayotgan, oyog`idagi yirtiq kalishini ham yangisiga almashtirishga imkoni yo`q, ammo hayotidan hech nolimagan soddagina OPAM —Bayraming muborak bo`lsin!

Bir vaqtlar katta–katta orzular qilgan, lekin bugun ukalari uchun barchasidan kechib, egatlardan kelajak izlayotgan SINGLIM . Bayraming muborak bo`lsin!

Men jurnalist bo`lib, kompyuter qarshisidan turib, issiq qahvani tashlab seni ko`rgani olis qishloqqa borolmadim. Ammo huddi men kabi sivilizasiya ham borishga erinayotgan, o`sha sen yashayotgan qishloqlar shu bayram kuni ko`z oldimdan o`tdi.

Ehtimol sen shunday bayram borligini eshitmagansan...

Teleekranga yarashmagan, tantanali bayramlarda ko`rinmagan, umrida sovg`a-salom olmagan, qishloqdagi kulbasidan narini ko`rmagan ey AYoL, senga ham shu bayram qutlug` bo`lsin!

Bir beshikda, bir kiyimda 5 farzandni katta qilgan. Oddiy sharoit “svet”, gaz yo`qligidan nolimagan, o`tin orqalab elkalari og`rimagan, bu hayotidan birovga arz qilmagan, shaharliklar va`da bergan sharoitga umid ham qilmagan ayol, senga ham bayraming muborak bo`lsin!

Ehtimol ayol bo`lib bir bora turmush o`rtog`ingdan gul olmagansan, qadoq bosgan qo`llaringga krem surtmagansan, ayol bo`lib, balki hali yangi atlas ko`ylak ham kiymagandirsan, sening ham bayraming qutlug` bo`lsin!

Bir kun sen kutgan sharoit o`sha qishloqlarga etib borar...

TVda aytilgan gaplar turmushingni engillatganmikan hayronman, bayram kuni chalingan qarsaklar sabab, dasturxoningga tansiq taom tekkanmikan? Umrida to`kin-sochin dasturxon qarshisiga o`tirmaganingga balki bizning ham aybimiz bordir... Axir bezangan, gul-gul yonayotgan, kunda kunaro ekranlarda ko`rinish berish, radiolarda og`iz ko`pirtirib gapirishni, suratlari gazeta-jurnallarda har oy ko`rinishini odat qilganlarga biz qalam ahli ham ko`proq e`tibor beramizu ammo ne uchundir sening dardi tashvishlaringdan yiroqmiz.    

Ey bayram neligini bilmay o`tayotgan qishloq ayoli, ayyoming bilan qutlashga bugun ijozat ber. Bir kun shu bayramlar sening xonadoningga ham kirib borar...

Sen haqingda va seni haqingga minbarlardan turib balandparvoz tabrik yo`llaydiganlar ko`p. Seni og`ir turmushingni engillashtiraman, deb va`da beruvchilar ancha. U ayollar sochlarini ishirib, bashang kiyinib, minbarga chiqib so`zlaganlari, oxiri ko`rinmas va`dalari uchun sovg`a-salomlarini olib ulgirdi. Senga-chi, Senga bugun bayramligini kimdir eslatganmikan? Seni sog`intirgan, tirikchilik uchun xorijga ketgan farzanding senga qo`ng`iroq qildimikan?

Aslida sen uchun uzoq yurtlarda ishlab yurgan farzanding qo`ng`iroq qilib, seni eslagan kun haqiqiy bayram emasmi?..

O`choq boshi, molxona, qo`ni-qo`shni uyidan nariga o`tganmisan? Umringda bir bor shaharga kelganmisan? Ey, og`ir hayotidan bir bora ham ta`na qilmagan qishloqning sodda ayoli - seni bayram bilan tabriklashga ijozat ber.

Sho`rlangan erlar shamoli nafis yuzlaringni-da sho`ralatgan ey ayol! Umringda salonlarga borganmisan, yo bir ayol bo`lib, yotib da`vo olganmisan, yo sho`r bosmagan chuchuk suv ichganmisan? Ey Mo`ynoq dalasida bir tup ko`chat ekkan ayol, bayraming bilan qutlashga ijozat ber. Bir kun sen yashayotgan qishloqlar ham obod bo`lar...

Boshida uniqqan eski ro`mol, oyog`ida yirtiq kalish bo`lsa-da, qiziga sep yig`ishdan charchamagan o`zbek ayoli umringda nishonlamagan bayraming senga qutlug` bo`lsin!

Eridan bir shirin so`z eshitmagan. Eri ichmay, yiqilmay kelib, uni urmagan kunni bayram qilgan ojiza ayol senga-da bayram muborak bo`lsin!

Mardikor bozoriga chiqmagan, Turkiyaga, Rossiyaga ish izlab borishga-da soddalik qilgan qishloq ayoli, senga ham bugungi bayram muborak bo`lsin!

40 yildan beri qishlog`iga suv kelishini kutib, har tong oilasiga beli og`rib suv tashigan. O`choqlarda suv isitib, kir chaygan. Shu holidan bir bora ham nolimagan ey munis ayol - senga ham bayraming muborak bo`lsin!

Ishon, bugun mamlakat katta ishlar, katta islohotlar boshida turibdi. Kambag`allikni tugatish yo`lidamiz. Hali barchasi ortda qolajak.  

Hozircha esa senga mening bir reportaj qarzim bor, kimnidir “svet”, kimdir gaz, yana kimdir farovon hayot qarzi bor sendan. Qarzlarni hanuz uzmagan bo`lsak-da, shu kunlarda seni yodga olishga, ijozat ber. Bayraming qutlug` bo`lsin!!!

Manba: O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1