1

“Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2020” tanloviga start berilmoqda

Jamiyat 09.03.2020, 09:14
“Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2020” tanloviga start berilmoqda

Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`qituvchilari o`rtasida an`anaviy tarzda o`tkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi — 2020” respublika tanlovi boshlanmoqda.

E`tiborli tomoni shundaki, tanlovni 2020 yilda tashkil etilishi bo`yicha www.idea.itsm.uz sahifasida maxsus so`rovnoma o`tkazildi. Joriy yilning 15-31 yanvar kunlari o`tkazilgan so`rovnomada respondentlar tomonidan tanlovni o`tkazish bo`yicha 1000 dan ortiq takliflar berildi.

Bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda tanlovni o`tkazish bo`yicha Nizom ishlab chiqildi hamda Xalq ta`limi vazirining 2020 yil 5 martdagi 66-sonli buyrug`i bilan tasdiqlandi.

Tanlov uch bosqichda tuman (shahar), Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar va respublika miqyosida bo`lib o`tadi.

Mazkur tanlovda umumiy o`rta ta`lim maktablarida dars berayotgan oliy ma`lumotli, kamida 2 (ikki) yillik pedagogik stajga ega bo`lgan o`qituvchilar ishtirok etishlari mumkin. Har bir o`qituvchi faqat bitta fandan qatnashish huquqiga ega.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi o`qituvchilar http://bit.ly/teacher-of-year havolasi orqali ro`yxatdan o`tishi kerak. Tanlovda qatnashish uchun onlayn ro`yxatdan o`tish jarayoni joriy yilning 16 martidan boshlanadi hamda 31 martga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o`rinni egallagan g`oliblar Xalq ta`limi vazirligining diplomlari hamda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Hurmatli pedagoglar! Tanlovda ishtirok eting va eng yaxshi o`qituvchi ekanligingizni iqtidoringiz hamda mahoratingiz orqali namoyon qiling.

Eslatib o`tamiz, “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi — 2019” respublika tanlovida 90 mingdan ziyod pedagoglar ishtirok etgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1