1

Deputatlar O`zbekistonda jarimani oshirishga qarshi chiqishdi

Jamiyat 10.03.2020, 11:26
Deputatlar O`zbekistonda jarimani oshirishga qarshi chiqishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko`plab qonun loyihalari qatori “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar va qo`shimcha kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ko`rib chiqilmoqda.

Loyihada tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga yo`l bermaganlik uchun ma`muriy javobgarlikka oid yagona huquqni qo`llash amaliyotini shakllantirish maqsadida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to`siqsiz o`tib ketishi uchun yo`l bergan transport vositalari haydovchilarini javobgarlikdan ozod qilish bo`yicha qoida kiritish taklif etilgan.

Haydovchilarni ijtimoiy mas`uliyat nuqtai nazaridan yo`l qoidasini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etish adolat prinsiplariga mos ish, deyish mumkin.

Qonun loyihasida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 1285-moddasi transport vositalari haydovchilarining ko`k yoki ko`k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to`siqsiz o`tib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlik kiritilib, bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravari miqdorida jarima solishni belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, ushbu moddaning uchinchi qismi sanksiyasida yigirma baravari miqdorida belgilangan jarima miqdorini yigirma besh baravarga oshirish, taklif etilgan.

Mas`ul qo`mitada o`rganib chiqilayotgan qonun loyihasi bo`yicha deputatlar maxsus xizmatlarning transport vositalariga to`siqsiz o`tib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlikni kuchaytirishdan oldin, bunday harakatlanish uchun yo`llardagi infratuzilmani yaxshilash zarurligini bildirmoqdalar.

Shuningdek, deputatlar bunday qoidabuzarlik uchun amalda bo`lgan jarimalarni oshirish maqsadga muvofiq emasligini ma`lum qilib, mavjud jarimalar miqdorining o`zi ham ko`pgina xorij mamlakatlariga nisbatan yuqori ekanligini ta`kidlashmoqda.

Ayni paytda qonun loyihasi yuzasidan deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda tegishli qo`mitaning xulosasi tayyorlanmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1