“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi Huquqiy axborot kanali yozmoqda.
Qonunga muvofiq, sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga o`zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, “Sudlar to`g`risida”gi Qonunga sudyalar o`rtasida ishlarni taqsimlashga oid alohida modda kiritildi.
Unga ko`ra, sudlarda ishlar sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvini hisobga olib, muhokama natijasidan manfaatdor shaxslarning ta`sir ko`rsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda taqsimlanadi.
Shuningdek, Iqtisodiy prosessual kodeks da`vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko`chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilishi mumkinligiga oid norma bilan to`ldirildi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






